She’riyat yulduzi
Yurtimizda har yili bahor faslining boshlanishi, o‘zbek she'riyatining malikasi Zulfiyaxonim tavalludi bilan hamohang nishonlanadi.
Zulfiya o‘zbek adabiyotida «Hayot varaqlari», «Uni Farhod der edilar», «O‘g‘lim sira bo‘lmaydi urush», «Qizlar qo‘shig‘i», «Men tongni kuylayman» kabi she'riy to‘plamlari bilan o‘zbek adabiyotida o‘chmas iz qoldirdi. U O‘zbekiston xalq shoirasi, jurnalist, mohir tarjimon, vafo va sadoqat kuychisi, o‘zbek ayollarining yorqin timsolidir.
Poytaxtimizdagi 210-maktabda Zulfiya tavalludining 106 yilligi munosabati bilan «She'riyat yulduzi» nomli tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda o‘quvchilar Zulfiyaxonimning hayoti va ijodi haqida ma'lumotlar berishdi, shoira o‘zi o‘qigan she'rlari taqdimot qilindi, shoira she'rlaridan ifodali yod aytishdi.
Tadbir davomida 10-sinf o‘quvchilari S.Mirsharipova, N.Jahongirovalar she'rlarni ifodali yod aytishlari bilan, 8-«G» sinf o‘quvchilari D.Jamoliddinova, N.Abdivakilova, L.Shukurovalar ijro etgan raqslari bilan ishtirokchilar olqishiga sazovar bo‘lishdi. Ayniqsa, 10-«V» sinf o‘quvchisi Rohatxon Anvarjonova, 10-«G» sinf o‘quvchisi Muhiddinova Sevinch o‘qigan she'rlari, 11-«A» sinf o‘quvchilari N. Do‘smuhammedov va N.Abdimurodovalar Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim timsollarini yaratib berishgani ishtirokchilar yodida qoladigan bo‘ldi.
Tadbir so‘ngida faol ishtirok etgan o‘quvchilar maktab ma'muriyatining faxriy yorliqlari va kitob sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbir so‘ngida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy qism Yoshlar ittifoqi yetakchisi Murodjon Umarov so‘zga chiqib, kelajakda o‘quvchilar orasidan ham Zulfiyaxonim kabi mashhur insonlar yetishib chiqishiga ishonch bildirdi, buning uchun tinimsiz o‘qib-o‘rganish kerakligini ta'kidladi.
Shoira QULMAMATOVA,
Poytaxtimizdagi 210-maktabning o‘zbek tili fani o‘qituvchisi