Suyukli shoiraga ehtirom
Adabiyotimizda o‘chmas iz qoldirgan atoqli shoira — Zulfiya tavalludiga bag‘ishlangan davra suhbatlari, ijodiy kechalar yurtimiz bo‘ylab davom etmoqda. Shunday tadbirlardan biri Toshkent viloyati Parkent tumanidagi 29-umumta’lim maktabida ham bo‘lib o‘tdi. Unda o‘g‘il-qizlar shoira ijodidan namunalar o‘qidi. Uning ibratli ijod va hayot yo‘li haqida yig‘ilganlarga ma’lumotlar berildi. Shuningdek, tadbir doirasida maktabning yosh qalamkashlari ijod namunalari jamlangan kitoblar taqdimoti ham o‘tkazildi.
— Bolaligimdan she’rlar mashq qilaman, — deydi 8-sinf o‘quvchisi Nilufar Abdurashidova. — Ustozlarim maslahatlari bilan ularni bir yerga jamlab, to‘plam holiga keltirdik. Maktabimizda ijod to‘garagi ham bor. Unda tengdoshlarim bilan o‘zaro fikr almashamiz. Zulfiya kabi sevimli ijodkorlarimizning she’ru dostonlari to‘g‘risida suhbatlashamiz.
Tadbirda faol qatnashgan o‘quvchilar rag‘batlantirildi.
Muborak DO‘STOVA, shu maktab o‘qituvchisi