Kitob o‘qishgami yo uqishga?
Olovning bo‘ysundirilishi, nonning ixtiro qilinishi, kamon va g‘ildirakning yaratilishi insoniyat rivojlanishida o‘ta muhim rol o‘ynagan. Kitobning o‘rni esa ulardan kam emas. Kitob o‘qigan kishining dunyoqarashi va ilmi yana qancha yangiliklar yaratishga qodir. Men o‘quvchilarimni ko‘proq badiiy asar mutolaa qilishga undayman.
Ba’zida qiziqroq asarlardan parchalarni o‘zim o‘qib beraman, toki o‘quvchida motivatsiya uyg‘onsin. Kitob har bir o‘quvchiga vatanparvarlikni, oilani sevishni o‘rgatadi. Masalan, O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asarida ona-bola suhbati jarayonida ona o‘z o‘g‘liga inson, avvalo, o‘z yaqinlari, aka-ukalarini, o‘zi suv ichayotgan ariqni, yashayotgan shahri — Toshkentni, ayniqsa, Do‘mbirobodni yaxshi ko‘rishi kerakligini uqtiradi. Bu sobiq tuzum vaqtida adibning xalqqa murojaati, asl vatan uzoqda emas, yonimizda, u bizning uyimiz, bosib turgan yerimiz, mahallamiz ekanligini onalarning ertaklari, rivoyatlari orqali singdirib borilganligini ko‘rsatish bo‘lgan. “O‘tkan kunlar” asarida bayon etilganidek, Marg‘ilondagi Otabek kelib joylashgan karvonsaroy ta’rifida ham vatanparvarlik bor: “...darbozasi sharqi-janubiyga qaratib qurilg‘an bu dong‘dor saroyni Toshkand, Samarqand va Buxoro savdogarlari egallaganlar, saroydagi bir-ikki hujrani istisno qilish bilan boshqalari musofirlar ila to‘la”. Asarni o‘qish bilan birga o‘zbek millatining imorat qurishdagi me’moriy uslublari ko‘rsatilgani, uylar ko‘p hollarda quyosh harakatlanishini hisobga olgan holda sharq va janubga qaratib qurilgani e’tirof etilganini uqish kerak. Mazmun shuki, Otabek davlat tepasida xalq manfaatini ko‘zlaydigan odamlar turishini orzu qiladi. Bu adibning uyqudagi millatni istiqlolga, ozodlikka chaqirishi, o‘z yurtini rivojlangan davlatlar qatorida ko‘rish orzusi edi.
Darslarda o‘quvchilarni kitobga qiziqtirish uchun turli metodlardan hamda rag‘bat usullaridan foydalanaman. Olaylik, mashg‘ulot davomida “Do‘stlik” o‘yinini tashkil etib, o‘g‘il-qizlarni ma’naviy birlashtirishga urinaman. O‘yinda o‘quvchilar erkin muloqot shaklida o‘tirishadi. Ulardan biri yaqinda o‘qigan asaridan parcha aytadi. Bu asar nomini to‘g‘ri topgan o‘quvchi savol bergan sinfdoshining yoniga borib o‘tiradi. Navbat keyingi o‘quvchiga beriladi. Shu tarzda ular juft bo‘lib, o‘zlari o‘qigan kitob bo‘yicha bahslashishadi. Rag‘bat uchun ularga sinf kutubxonasidan kitob sovg‘a qilinadi. Shu tariqa do‘stlik g‘alaba qozonuvchi musobaqada o‘g‘il-qizlar mutolaa zavqini tuyishadi.
Kitob o‘qish, kitobxonlik, kitob targ‘iboti ko‘pchilik uchun qandaydir oddiy tadbir o‘tkazishga aylanib qolayotgan hozirgi davrda o‘quvchilar kitobni tom ma’noda sevib qolishi uchun o‘qituvchi ko‘magi zarur.
Zarifa ABDURAHMONOVA, Namangan shahridagi 33-maktab o‘qituvchisi