“Men ham adib bo‘lmoqchi edim...”
Maqolani o‘qib bolaligim yodimga tushdi. O‘shanda 5-sinf edim.
“Gulxan” jurnalini qo‘limdan tushirmay o‘qirdim. Ora-sira kichik she’r, hikoyalar yozishni mashq qilib, sevimli jurnalimga yuborardim.
Bir safar jurnal tahririyatidan xat keldi: ko‘p mashq qilishim va yozuvchi-shoirlar ijodi bilan tanishib borishim kerakligini yozishibdi. Uni adabiyot o‘qituvchimizga ko‘rsatdim. Ustozim-da xatdagi fikrlarni tasdiqladi. Rahmatli otam ham pedagog bo‘lganligi bois ijod qilishimga imkoniyat yaratib berdi. Keyin esa qoralamalarimni pochta orqali o‘zi tahririyatga yuborardi. Xullas, “Gulxan” jurnalida ilk maqolam chop etildi. Keyin esa tumanimizdagi “Yangi Farg‘ona” gazetasida ham e’lon qilina boshladi.
Yaqinda maktabimizda kitobxonlik marafoni o‘tkazildi. Tadbirda maktab kutubxonasiga, sinf kutubxonalariga kitoblar sovg‘a qilindi. Homiy ota-onalar nafaqat tadbirning faol ishtirokchisi, balki ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanishdi. “Bugun biz farzandlarimiz qo‘liga kitob tutqazaylik, kelajakda ular olim bo‘lsin, buyuk allomalar bo‘lsin”, dedi Chek qishlog‘ilik Komiljon Mamajonov.
Maqolani o‘qirkanman, qishloq xo‘jaligi, madaniyat xodimlari, fan doktori va nomzodlari chiqqan maktabda mutolaaga e’tibor shu darajada ekani, o‘qituvchining do‘sti, maslakdoshi “Ma’rifat”ga obuna bo‘lishmaganligi tashvishlantirdi. O‘tgan yili saylov arafasida bizning tumandan chiqqan ijodkor — Farida Afro‘z bilan maktabimizda o‘tkazilgan uchrashuvda shoira hadya qilgan kitoblar qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketgandi. Muxtasar Tojimamatova, Zarifa Mahkamova, Muhtarama Roziqovaning kitoblarini ham maroq bilan o‘qiyman. Taqdir taqozosi bilan jurnalist bo‘lolmadim, ota kasbni egalladim. Hamon adabiyotni, ijodni ardoqlayman. Mutolaani sevgan insondan adib chiqmas balki, ammo uning ma’naviyatli, madaniyatli, oriyatli shaxs bo‘lib yetishishiga shubha yo‘q. Muhimi, adabiy muhit yaratilsa, qishloqdan hali ko‘p adiblar chiqadi.
Rahbaroy MELIBOYEVA, Uchko‘prik tumanidagi 5-maktab o‘qituvchisi