“Ustozlarim tengsiz xazina”
Men har kuni maktabdan qaytgach, ustozlarim haqida ko‘p o‘ylayman. Bu tinim bilmas kasb egalari qanday qilib shuncha o‘quvchiga vaqt ajratib, bilim berishar ekan-a? Axir buning uchun qancha sabr, mehr va menhat kerak…
Men ta’lim olayotgan dargohda nafaqat o‘qituvchilar balki maktab direktori ham o‘quvchilar hurmati-yu mehrini qozona olgan. Chunki Saodat opa Shodiyeva bizlar bilan yaqin do‘st. Ba’zan yo‘lakda xomush turgan bolani ko‘rsalar uni ma’mnun qilmagancha tinchimaydi. Ularning eng katta orzulari bizni kelajakda yetuk inson bo‘lib, biror kasbning etagidan tutganimizni ko‘rish ekan. Maktabimizning eng jonkuyar ustozlariga to‘xtalsam birinchi navbatda sinf rahbarim Gulzoda opa Soatovani tilga olmoqchiman. Bu samimiy muallimning darslarida vaqtning qanday o‘tganini sezmay qolaman. Ustoz ,,Adabiyot gulshani” to‘garagini tashkil etgan.
Bialogiya fani muallimamiz Mukarram opa Suyunova esa yil davomida bizning savollarimizga yuzlarida tabassum bilan “Labbay” deya javob beradilar. Ustozimizni maktabimizdagi barcha o‘quvchilar hurmat qiladi. Ular esa kamtarlik bilan mehnat qilishdan tolmaydilar. Mukarram opaning menga manzur yana bir jihati har bir darslarini hayotiy misollar bilan o‘quvchiga yetkazib beradi. Maktabda deyarli hamma fanda “4 chi”, “Past o‘zlashtiruvchi” “ikkichi” kabi “unvon” ga sazovar bo‘lgan o‘quvchilar bor. Ammo Mukarram opaning Bialogiya darsida bunday o‘quvchilarni kamdan – kam uchratamiz. Darsdan a’lochi ham past o‘zlashtiruvchi sinfdoshlarimiz ham darsdan olam-olam taassurot oladi. Hozirgi kunda nafaqat maktabimiz o‘quvchilari balki butun respublika toliblari “Online maktab” platformasi orqali ustozimdan dars olmoqda. Ta’lim maskanimizda barcha o‘quvchilarning bilimli ziyoli bo‘lishi uchun, qayg‘uradigan yana bir inson bor. Bu bizning kutubxonachimiz Nasiba Eshmo‘minovadir. Har gal kutubxonaga kirganimda ularning qo‘llarida kitob ko‘raman. Qiziq, bu inson shu vaqtgacha qancha asar o‘qigan ekan-a? Ular biz so‘ragan biror adabiyotni esa qayerdan bo‘lmasin topib beradi. Ularning ro‘yxatini hali uzoq davom ettirish mumkin. Ma’mura Xodjayeva, Hilola Musirmonova, Nilufar Ibragimova, Gulhayo Barnoyeva, Shohida Hikmatullayeva kabi ustozlarimizning kasbiga mehr – muhabbat ila sadoqat bilan qilayotgan hizmatlarini ta’riflasak, hajmi dostonga teng maqola dunyoga keladi. Guvohi bo‘lganingizday, ustozlarim maqtashga, faxrlanishga arzigulik. Hech shubhasiz ,,Ustozlarim tengsiz xazina” Men mana shunday muallimlarning qo‘lida tahsil olayotganimdan faxrlanaman.
Afsonalarga ko‘ra, mashhur sarkarda Iskandar Rumiydan (Aleksandr Makedonskiy) “Nechun Arastuni (Aristotel) otangizdan ortiq izzat qilasiz?”, deb so‘radilar. Iskandar Rumiy javob berdi: “Otam go‘yoki meni osmondan yerga tushirdi. Ammo ustozim Arastu meni yerdan osmonga ko‘tardi. Ya'ni, otam meni dunyoga kelmog‘imga sabab bo‘ldi. Ustozim ilm va odob o‘rgatib, martaba va izzatimning ortmog‘iga sabab bo‘ldi”.
Ko‘rinib turibdiki, dunyoni o‘z ilmu ma'rifati bilan lol qilgan insonlar ham doim ustozini yuksak qadrlagan, izzat-hurmatini joyiga qo‘ygan. 8- mart sanasida ko‘pchilik volidasini, opa – singillarini tabriklaydi. O‘qituvchilarini esa faqatgina 1- oktabrda yodga olishadi yoxud qutlashadi. Ustoz otangdek ulug‘ deydilar, men muallimlarni ikkinchi volidamday yaxshi ko‘raman.
Aziz, munis va mo‘tabar ustozlar! Sizni kirib kelayotgan 8 – mart Xalqaro Xotin – qizlar bayrami bilan chin yurakdan muborakbod etaman. Ushbu zahmatli va ulug‘ kasbingizdan baraka topib, xalq duosida bo‘lib yurishlaringiz tilakdoshiman. Sizga uzoq umr, sihat – salomatlik, baxt omad tilayman. Oilangizga tinchlik hotirjamlik, ishlaringizda omad va muvaffaqiyatlar tilab qolaman!
Sizlar “Maktab qalbi” sizlar! Siz bizga inson hayotidagi eng oliy maqsadlardan biri bo‘lmish bilim olishni o‘rgatdingiz. Buning uchun sizdan mingdan ming minnatdormiz!
Ayyomingiz muborak bo‘lsin ustozlar!
Azizbek ABDUMALIKOV, Chilonzor tumanidagi 202-maktabning 10-sinf o‘quvchisi