“Bas, nihol ekdingmi, bergil suvni”
«Tarbiya madaniyati» deganda, avvalo, tarbiyaviy muhitni hosil qilish, bolalar tarbiyasi va ularni salohiyatli o‘stirish uslublari haqida, shuningdek, farzandlar muammolari va ulardagi xato-kamchiliklarga qanday yondashish borasida talab qilingan ma’lumot hamda tajribalar yig‘indisi nazarda tutiladi.
Tarbiya madaniyatini tashkil qiluvchi unsurlar mukammal tarzda yig‘ilishi benihoyat mushkul ishdir. Shuning uchun biz doimo o‘zimizni tarbiyaviy muammolar iskanjasida his qilamiz, bu muammolarni bartaraf etish borasida munosib ravishda ish yuritishni bilmay boshimiz qotadi. Tarbiya jarayoni murabbiydan yaxshi bilim, shuningdek, asabiy muvozanat hamda vazminlik bilan bir qatorda muayyan darajada amaliy tajriba ham talab qiladi. Bordi-yu, mazkur ishlarda murabbiyga ota-onalar hamrohlik qilmas ekan, jarayon natija bermasligi ehtimoli yuqori. Shu bois masalaning bu tomonidan g‘aflatda qolmasligimiz, o‘qituvchidan ayb qidirmasdan ota-onaning ham farzandi ta’lim-tarbiyasida qanchalik faol ishtirok etayotganiga ahamiyat berishimiz zarur.
Afsuski bugungi kunda o‘qituvchilarni aybdor qilib qo‘yib, chetdan tomoshabin bo‘lib turganlar ham bor. O‘qituvchi bolani tarbiyalash uchun ozgina qattiq urushib qolsa tamom, ana shov-shuv, ana g‘iybat. Tarmoqlarda aylantirishga mavzu topiladi. Natijada jabrini yana o‘qituvchi tortadi.
Farzand oilada nimani ko‘rsa, shunga taqlid qiladi. U oiladagi muhitga moslashadi. Shuning uchun ota-onalar ham farzandining ust-boshiga haddan ortiq e’tibor qaratgandan ko‘ra, muomalasiga, ilmiga e’tibor qaratishsa kelajakda ular ham qoqilmasdan yashaydi. Dunyoda hech bir bola onasidan tug‘iliboq yovuz yoki jinoyatchi bo‘lmaydi. Unga yetarli ta’lim-tarbiya, e’tibor berilmaganidan yoxud bola ongida ma’naviy bo‘shliq paydo bo‘lishidan noqobil insonlar ko‘payadi. Donishmand bobokalonimiz Jaloliddin Rumiyning “Bas, nihol ekdingmi, bergil suvni”, degan da’vatida ham farzandni dunyoga keltirishning o‘zi bilan ota-onalik ishi yakunlanib qolmasligi, balki haqiqiy jarayon, ya’ni tarbiya bosqichlari endi boshlanishi va bu hammasidan muhim ekanligiga ishora qilingandir.
Muqaddas SHOMIRZAYEVA, Uchtepa tumanidagi 107-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi