Chapaqaylik – nuqson emas!
Bugungi kunda ta’lim jarayonida ko‘plab pedagoglar, shuningdek, ota-onalar ham duch keladigan noqulay holat bu o‘quvchidagi chapaqaylikdir. Chapaqaylik nima, chapaqaylikni qanday aniqlash mumkin, chapaqaylik bu – nuqsonmi yoki iqtidor, chapaqay bola bilan qanday faoliyat olib borish tavsiya etiladi? Bu kabi savollar ko‘pchilikni qiziqtirsa ajab emas.
Chapaqaylik bu kundalik odatiy yumushlarni chap qo‘lda bajarish holatidir. Chap yoki o‘ng qo‘lning ustunlik qilishi bolaning istagi yoki erkaligi emas, balki miyaning o‘ng va chap yarim sharlarining faoliyatiga bog‘liq. Bosh miyaning o‘ng yarimshari dunyoni so‘z ishtirokisiz qabul qiladi. Chap yarimshar esa so‘z bilan ifodalangan ma’lumotlarni qabul qiladi va tahlil qiladi. Obrazli qilib aytganda, chap yarimshar, asosan, so‘z bilan, o‘ng yarimshar esa ko‘z bilan dunyoni idrok etadi. Demak, chapaqaylarda chap yarimshar bajaradigan aksariyat vazifalar o‘ng yarimshar zimmasiga yuklatilgan.
Bola, asosan, qaysi qo‘ldan foydalanishini bilish uchun turli usullarni qo‘llash mumkin. Masalan, bolani soatning chiqillashini eshitib ko‘rishga undang. Soatni qaysi qulog‘iga tutishiga e’tibor bering. Aksariyat hollarda yetakchi qo‘l bosh rolni bajaradi.
O‘ng qo‘lga moslashgan odamlar chapaqaylarga hamisha “g‘ayrioddiy” kishilar sifatida qarab kelishgan. Chapaqaylik oddiy odat emas va kamchilik ham emas. Bu individual xususiyat bo‘lib, buni oddiy holatdek qabul qilish lozim. Ko‘plab ota-onalar boladagi ushbu holatni salbiy xususiyat deb, xavotirga tushadi va bolani turli yo‘llar bilan o‘ng qo‘lga moslashtirishga urinadi. Ota-ona yoki o‘qituvchi uni o‘ng qo‘ldan foydalanishga majburlasa, bola hamma qatori emasligidan uyala boshlaydi va bu kamchiligini ko‘rsatmaslikka urinadi. Natijada bola yig‘laydi va asabiylashadi. Rasmiy hujjatlarda chapaqay bolani zo‘rlab o‘rgatish unda nevrotik buzilishlar, hiqichoq paydo bo‘lishiga, peshob ushlamaslik, neyrodermit va bronxial astma kasalliklarining kuchayishiga sabab bo‘lishi mumkinligi ta’kidlangan.
Tahlillarga ko‘ra dunyo aholisining har yettinchisi (qariyb 15 foizi) chapaqaylar hisoblanadi. Ruhshunoslar fikricha, chapaqaylar kuchli ijodiy imkoniyat, shuningdek, yuqori darajadagi intellekt sohibi bo‘ladilar. Masalan, Aristotel, Mark Tven, Leonardo da Vinchi, Mikelanjelo, Betxoven, Merlin Monro, Yuliy Sezar, Napoleon Bonapart chapaqay bo‘lishgan. Ular orasida me’morlar, rassomlar, musiqachilar, matematiklar ko‘proq. Chapaqay bokschilar va tennischilar ham o‘zlarining qobiliyatlari bilan mashhur bo‘lgan. Shuningdek, AQSHning har sakkiz nafar prezidentining besh nafari chapaqay. Masalan: Barak Obama, Bill Klinton, Ronald Reygan, Gerald Ford.
O‘qituvchilar va ota-onalar uchun tavsiyalar:
— yonidagi o‘quvchiga xalal bermasligi uchun bolaga partaning chap tomonidan joy bering;
— chapaqay bolani o‘qitishda u bilan ehtiyotkorona va muloyim munosabatda bo‘ling;
— bola qaysi qo‘li o‘ng, qaysi qo‘li chap ekanligini bilib olishiga ko‘maklashing.
— uni har ikki qo‘lini ham faol harakat qildirishga o‘rgatib turing (to‘p bilan o‘ynash, musiqiy asboblarni chalish va boshqalar);
— kichkintoy chapaqayni shoshiltirmang, chunki u xotirjamlikni yaxshi ko‘radi;
— husnixat va yozuv jarayoniga alohida e’tibor bering (amaliy jihatdan chapaqay bola uchun yozishni o‘rganish o‘naqaylarga nisbatan qiyin);
— ruhlantirish uchun kichik rag‘batlantirishlarni ham kanda qilmang;
— oddiy va tushunarli chizmalar ustida ishlashga o‘rgating;
— diqqatini jamlash uchun grafik diktant o‘tkazing (guruhiy tarzda ham amalga oshirish mumkin);
— tortinchoqlik hissini bartaraf etish uchun rolli o‘yinlar taklif eting.
Tabiat g‘ayrioddiy xususiyatlar bilan siylagan chapaqaylarni boshqa qo‘lga o‘rgatishga majburlamay o‘z holiga qo‘ysangiz, bunga javoban u o‘z taraqqiyotining yuksak ko‘rsatkichlari, tafakkurdagi ilg‘orligi, musiqa va badiiy ijoddagi ajoyib qobiliyati hamda yutuqlarini namoyon etadi.
Dilnoza QUVVATOVA, Kasbi tumanidagi 31-maktabning amaliyotchi psixologi