Vaqting soz — naqding soz
Intizomsiz bola bo‘lmaydi, e’tibordan chetda qolib ketgan bola bo‘ladi. Ayrim paytlarda “falon maktab o‘quvchisi axloqsizligi bois maxsus ro‘yxatga tushibdi” degan gap-so‘zlar quloqqa chalinadi. Shunda o‘smir bolaning biror nojo‘ya ish qilgani yoki tartibsizligi haqida o‘zaro muhokama qilamiz. Ammo bu holat nima sababdan ro‘y berganini o‘ylab ko‘rmaymiz. Har bir o‘g‘il-qiz qaysidir oilaning dilbandi, unib-o‘sib kelayotgan avlod vakilidir. U uzoq vaqt atrofdagilar e’tiboridan, mehridan uzilib qolsagina biror bema’ni ishga qo‘l urishi mumkin. Bu haqiqatni psixologlar ham tasdiqlashadi. Bekorchidan hamma bezor, deganlaridek, bunday bolalar bekor-bo‘sh qolib ketishadi. Masalan, yaqinda uyi atrofidan o‘tib ketayotgan poezd vagoniga tosh otgan va oynasini sindirgan bolaning ahloqsizligi, u bekorchilikdan uyi atrofidagi xavfli hududlarda yurgani ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga aylandi. Balog‘atga yetmagan bu bolakay uchun uning onasi tegishli mutasaddilar tomonidan maxsus ogohlantirildi.
Yosh avlodning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun bizning markazimizda 27 turdagi to‘garaklar faoliyat yuritadi. Dam olish kunlarisiz ishlayotgan to‘garak ishlarida madaniyat va san’at, texnika, turizm va ekologiya, xorijiy tillar kabi yo‘nalishda qo‘shimcha bilim beriladi. Bu mashg‘ulotlarga turli maktablarda ta’lim olayotgan 700 nafardan ziyod o‘quvchi qatnashib, kasbu hunar sirlarini o‘rganib kelishadi. E’tiborlisi, har mavsumda bu muassasada o‘tkazilib turadigan tadbirlarda tumanimizdagi tarbiyasi og‘ir bolalar taklif qilinadi. Ular o‘z tengdoshlarining nimalar bilan shug‘ullanishayotganini ko‘rib havas qilishadi, qobiliyatiga qarab qiziqish bildirishadi.
— Tumandagi 24 nafar bola maxsus ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning tarbiyasi uchun mutasaddi xodimlar va ota-onalari jalb etilgan, — deydi Yashnobod tumani IIB bo‘lim boshlig‘i, podpolkovnik Qobiljon Orziyev. — Bu bolalar mazkur maktabdagi to‘garaklar bilan tanishtiriladi. Masalan, ular orasida doira chalish, yog‘och o‘ymakorligi, rabotexnika kabi sohalarga qiziqishi bo‘lgan o‘quvchilar ham bor. Ota-onalar tomonidan biroz e’tibor qaraatilib, shu to‘garaklarga yoshlikdan qatnashib turgan bolalardan ahloqsizlik chiqmaydi, aslida.
Markaz direktori o‘rinbosari Zilola Xadjakulova, “Ko‘zmunchoq” raqs ansambli rahbari Sanobar Majidova, “Yosh doirachilar” guruhi badiiy rahbari B.Mirzamatov kabi pedagoglar o‘g‘il-qizlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun xizmat qilishmoqda. Yosh avlod ushbu sa’y-harakatlarimiz o‘z samarasini beradi, albatta.
Olimjon ISXANOV,
Yashnobod tumanidagi “Barkamol avlod” bolalar markazi direktori