Javobsiz savol
U — cho‘pon. Quyosh borliqqa yorug‘lik ato etmasdan ko‘zlarini ochadi va quyoshga qarab “uyg‘on” deydi. Yursa hayvon hayiqadigan tepaliklarni qo‘lida yuki bilan bosib o‘tadi, oftob olovdek qizitib turgan zaminda yoz bo‘lishiga qaramay, barglari allaqachon to‘kilib, kuzni eslatadigan daraxt tagida to‘xtaydi-da, yonboshlaydi... Tegsa tishni sindiradigan nonni olib, tuproq isi kelib turadigan suv bilan ehtiyojini qondiradi.
Shu zayl kunni o‘tkazib, yagona yo‘ldoshi oy bilan kulbasi tomon yo‘l oladi. Oy yo‘lni yoritib turgani uchun qalbidan shukronalik tuyg‘usini o‘tkazadi. Quyoshning shafqatsiz nurlari va ayovsiz shamollardan deyarli tamom bo‘lgan, yomg‘ir tomchilari kuch ishlatmasdan turib o‘tadigan chodiriga kiradi-da, qaysi tarafda o‘t serobligi, qayerda boqsa qo‘ylarning qorni to‘yishini, bola-chaqasi diydorini ko‘rishiga necha kun qolganini o‘ylab uxlab qoladi...
U — davlatmand rahbar. Ertalab uyqudan quyoshning nurlari uyg‘otadi. Piyoda yursa ham bo‘ladigan manziligacha bo‘lgan joylarni mashinasida kezib o‘tadi. Ishxonadagi salqingina xonasiga kirib kundalik yumushlarini bajaradi. Toliqqanida yumshoqqina oromkursiga suyanib hordiq chiqaradi-da, qandaydir majlisga qatnashish uchun yo‘lga otlanadi... Har doimgidek haydovchisi-yu xizmatchilari bilan xayrlashib uyga qaytadi.
Cho‘pon va rahbar. Har ikkalasi ham o‘z vazifasini bajarib Vatani ravnaqiga hissa qo‘shmoqda. Ammo negadir xalqiga qilgan xizmati uchun taqdirlash kerak bo‘lsa, rahbarlar tanlanadi. Muxbirlar har kuni rahbarning eshigi tagida. Agarda kimningdir uyida ziyofat bo‘layotgan bo‘lsa rahbar ro‘yxatda birinchi, cho‘pon esa... Biror masalada muammo chiqib, qaysidir idoraga borish kerak bo‘lsa, rahbarning tashkilotga kirmasdan ishi bitadi, cho‘ponning esa…
Endi o‘ylab ko‘ring, nega dunyo shunday? Gap xalqqa qilingan xizmat haqida boradigan bo‘lsa, aslida hamma jamiyatni ham oddiy tabaqalar ushlab turadi, axir cho‘pon va dehqon xalqning qornini to‘yg‘azadi-ku... Ular ham Vatan uchun rahbardan kam mehnat qilmaydi. Shunday ekan nega oddiy toifa vakillari hurmat qilinmaydi?
Nima uchun kim bilandir rasmga tushmoqchi bo‘lsak mashhur, el taniydiganlar bilan tushishga intilamiz, nega dehqon yoki cho‘pon bilan emas? Nima uchun jamiyatimizda “Eng yaxshi deputat”, “Eng yaxshi shifokor”, “Eng yaxshi yozuvchi” bo‘lganlar taqdirlanadi-yu, “Eng yaxshi dehqon”, “Eng yaxshi cho‘pon”, “Eng yaxshi etikdo‘z” kabilar taqdirlanmaydi. Nima, ular vatanini boshqalardan ko‘ra kamroq yaxshi ko‘radimi?
Bobomurod SA’DULLAYEV, Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabining 10-sinf o‘quvchisi