Kitobxonlik ehtiyojga aylanishi kerak!
Hozirgi zamon bolalarini tiktok kabi har xil bema’ni tarmoqlardan qanday ajratib olsa bo‘ladi? Ularni qanday qilib mutolaaga o‘rgatish mumkin? Bu kabi savollar hozir ko‘pchiligimizni qiynab kelayotgan bo‘lsa ajab emas.
Elimizda qush uyasida ko‘rganini qiladi, degan bir naql bor. Kitobxon bolani tarbiyalash uchun, avvalo, ota-onaning o‘zi kitobxon bo‘lishi kerak. Bolani mutolaaga bog‘cha yoshidan, hatto chaqaloqligidan qiziqtirish mumkin. Aravachada yotgan go‘dakka alla, ertak, she’rni ohista, obrazli aytilsa, garchi u tushunmasa-da, eshitadi, mayin ohangni ilg‘aydi. Ammo bu jarayon to‘xtab qolmasligi kerak.
Maktabda esa dars jadvalini tuzishda mutanosiblikka rioya qilish juda muhim. Masalan, matematika darsidan keyin fizika yoki kimyo emas, balki jismoniy tarbiya yoki adabiyot darsi bo‘lgani durust. Jismoniy tarbiya darsidan keyin esa laboratoriya mashg‘uloti yoki harakatga yo‘naltirilgan boshqa darslar qo‘yilmagani ma’qul. Aks holda bolani kitob o‘qishdan bezdirib qo‘yish mumkin.
Uyga vazifa berishda axloqiy-ta’limiy, ma’rifiy mazmundagi qo‘shimcha badiiy asarlar mutolaasi tayinlansa yoki ro‘yxati taqdim etilsa, o‘quvchidan kitob haqida o‘z fikrini bayon etish keyingi darslarda so‘ralgani ma’qul. O‘qituvchi o‘quvchilar fikrini yig‘ib boradi va har chorakda tahlil qiladi. Tahlil o‘quvchi bahosiga ham ta’sir ko‘rsatishi lozim. Shunda o‘quvchida mutolaaga mas’uliyat hissi shakllanadi. Eng yuqori natija ko‘rsatgan o‘g‘il-qizlarni rag‘batlantirishni unutmaslik zarur.
Sinflar o‘rtasida kitob mutolaasiga bag‘ishlangan bellashuvlarni yanada ko‘paytirish kerak. Maktab rahbariyati tashabbus ko‘rsatsa, sinf rahbarlari, o‘quvchilar o‘zaro raqobat muhitiga moslashadi. Shu tariqa kitobni sevish, unga mehr qo‘yish, bora-bora mutolaaga bo‘lgan xohish-istakning ehtiyojga aylanib borayotganini o‘quvchining o‘zi ham sezmay qoladi. Kitobxonlikning ehtiyojga aylanishi esa bir shaxs uchun emas, butun jamiyat uchun xayrlidir.
Gulnoza JO‘RAYEVA, filologiya fanlari nomzodi, dotsent