“Kitobxonlik haftaligi”da mutolaasevarlar yanada ko‘payadi
Aholi va o‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, bolalarda mutolaa madaniyatini shakllantirish maqsadida Yunusobod tumanidagi Axborot-kutubxona markazida “Kitobxonlik haftaligi” doirasida qator tadbirlar, badiiy kechalar, morofonlar tashkil etish uchun markaz xodimlari tomonidan rejalar ishlab chiqildi. Unga ko‘ra viktorina o‘yinlari, ko‘rgazma-taqdimotlar, shoirlar bilan uchrashuvlar, aksiyalar, nashriyotlar bilan hamkorlikda ish olib borish, mahalladagi kitobxonlar bilan “Kitobxon oilalar bilan uchrashuv”, “Kitobxon yoshlar — O‘zbekiston kelajagi”, “Yoshlar va kitobxonlik”, “Men qanday kitobxonman?” mavzusidagi so‘rovnomalar o‘tkazilishi mo‘ljallangan.— Vazirlar Mahkamasining “2020–2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi va aprel oyining birinchi haftasi “Kitobxonlik haftaligi” deb e’lon qilindi, — deydi markazi rahbari Nasiba Muhammadiyeva. — Axborot-kutubxona markazining asosiy vazifasi zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanib, aholining, o‘quvchi yoshlarning axborot olishga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishdan iborat. Kitoblar olami insoniyatning nafaqat ma’naviy-ma’rifiy qarashlari, balki ongu-tafakkurini, dilidagi ezgu hislatlarini yaxshilikka yondoshgan fikru-o‘ylarini, orzu-umidlarini birlashtirib, hayot maydonining eng yuksak cho‘qqisiga chorlab turadigan porloq mash’alaga o‘xshaydi. Uning har bir sahifasi izlanishga, intilishga, yangiliklar yaratishga chorlaydi. Bu borada Axborot-kutubxona markazi ezgu-maqsadlarda aholiga, o‘quvchi yoshlarga keng qamrovli va sifatli xizmat ko‘rsatib kelayotgan muqaddas dargoh hisoblanadi. Kutubxonamiz fondida bugungi kunda 57 ming nusxadan ortiq adabiyotlar mavjud .Yunusobod tuman Axborot-kutubxona markazining istiqboldagi vazifalari badiiy adabiyot kitob fondini doimiy va rejali to‘ldirib borish, kitobxonlarga xizmat ko‘rsatishning samaradorligini oshirish, turli mavzularda tadbirlar o‘tkazish, aholining kitobxonlik ma’naviyati va ma’rifatini yuksaltirishga xizmat qiluvchi kitoblarning elektron variantlarini yaratishdan iborat.