Kitobga qaytish
Internet tarqatkich (wi-fi) o‘chib qoldi. Hammaning ko‘zida uyqash bir qayg‘u. Xirosimaga atom bombasi tashlanganda ham insoniyat bu qadar og‘ir iztirobga tushmagan bo‘lsa kerak. So‘nggi chaqasini o‘zidan yashirib, keyin o‘zi topolmay yurgan bechoraday torgina ijara uyimizda garangsiragancha, uf tortib u yoq bu yoqqa yurdik. Biror ermak topish kerak. Kimdir javondagi kitoblarni tomosha qila boshladi (changini qoqib), yana kimdir yirtiq shimini tikishga igna qidirib qoldi…
Kechga tomon tuxumdan boshqa ne’matni ko‘rmagan qozonimizda osh pishdi. Issiq choydan ho‘plab gurung qila boshladik. Xonadoshlarim tuzukkina yigitlar ekan. Hatto biri uzoqroq qarindoshim chiqib qoldi. Ibtidoiy odamlarning imo-ishoralari kabi beo‘xshov boshlangan suhbat, devorlarni titratgan xandalarga ulanib ketdi. Odamga aylana boshladik.
Inson ovqat yemay, suv ichmay ham ma’lum muddat yashashi mumkin, ammo hozirgi davrda internet-u telefonlarsiz biror soat yashashni tasavvur qilish qiyin. Uyg‘onish jarayonida hali miya kim-u nimaliging, qayerdaligingni anglamay tursa-da, qo‘llar undan avvalroq paypaslagancha telefonni qidirayotgan bo‘ladi. Ko‘chada, o‘qishda, ishda, uyda — telefon. Hatto uxlayotganda ham telefon bilan uxlaymiz. Tafakkur, qalb, tuyg‘u… hamma-hammasi telefonga — bir parcha temirga aylanib borayotgani sezilmaydi. Temir — zanglaydi...
Odam — fikrlasagina odam. Uni fikrlashga o‘rgatadigan, ODAM qiladigan yagona unsur — kitob. Ammo biz u ma’dandan ancha olislab ketdik. Hozirgi texnika-texnologiyalar rivojlangan zamonda kitob o‘qish juda mushkul yumushga aylanib qoldi. ODAM bo‘lish qiyinlashdi. Kitobni targ‘ib qilish, kitobga qaytish ayniqsa hozir biz uchun kechagidan ancha muhim.
Kitobxonlik bejiz davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani yo‘q. Bu borada anchayin ezgu ishlar amalga oshirilmoqda. Xabaringiz bor, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2020–2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturi tasdiqlanib, unga ko‘ra har yili aprel oyining birinchi haftasida “Kitobxonlik haftaligi”ni o‘tkazish rejalashtirilgan edi.
Kuni kecha Yoshlar ijod saroyida tadbirning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda maktab o‘quvchilari, talabalar, shoir va yozuvchilar, noshirlar, tashkilotchi idoralarning mas’ul mutasaddilari ishtirok etdi.
Haftalik doirasida 30 dan ortiq yetakchi nashriyotlarda so‘nggi yillarda chop etilgan 100 ga yaqin kitobning taqdimotlari, ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiyning 580 yilligi, O‘zbekiston Xalq shoiri Abdulla Oripovning 80 yilligi, Xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimovning 80 yilligi, shuningdek, o‘zbek estrada san’atining asoschisi Botir Zokirovning 85 yilligiga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi.
AOKA, Yoshlar ishlari agentligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi, Fanlar akademiyasi, MTRK, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan ushbu tadbir kitobsevarlar uchun chinakam bayram bo‘lishi shubhasiz.
Humoyun QUVONDIQOV