Kitob — ong va qalb ehtiyoji
Kitob — fikrlash quroli, xazinalar kaliti, tafakkur manbayi bo‘lgani uchun ham xalqimiz uni nonday aziz, mo‘tabar va muqaddas hisoblaydi. Kitobni chin dildan qadrlagan Abu Ali ibn Sino og‘ir betob bo‘lgan Buxoro hukmdori Nuh ibn Mansurni davolagach, evaziga oltin-u kumushlar to‘la sandiqni emas, balki saroy kutubxonasidan foydalanish imkoniyatini qo‘lga kiritishni afzal ko‘rgan edi.
Buyuk rus shoiri A.S.Pushkin duelda yaralanib, vafot etar chog‘ida unga “do‘stlaringiz bilan vidolashing”, deyishadi. Pushkin xonaning bir burchagidagi kitob javoniga termulib, “xayr, mening do‘stlarim”, deya jon bergan ekan.
Kitobni mutolaa qilish jarayonining o‘zidayoq insonning ongi va dunyoqarashi shakllanib boradi. Uni takror va takror o‘qish davomida esa yangidan yangi ufqlar kashf etiladi, har gal uni qayta mutolaa qilgan inson undan o‘zgacha taassurotlar oladi. Ma’lumotlarga qaraganda, Forobiy Arastuning “Jon haqida”, deb nomlangan asariga o‘z qo‘li bilan “Men bu kitobni 200 marta o‘qidim”, deb yozib qo‘ygan ekan. Kitob ong va qalb ehtiyojini qondiruvchi omil sifatida inson ruhini tarbiyalaydi, shaxsni shakllantiradi. Kitob odamdan mutolaada nafaqat ko‘z va aql, shuningdek, ko‘ngil ham birdek ishtirok etishini talab qiladi. Kitob o‘qishdan maqsad aql-tafakkur bilan uni mantiqiy muhokama etishgina emas, balki chin yurakdan zavqlanish, ta’sirlanish, o‘zlikni, haqiqatni izlab topish hamdir. Faylasuf Yan Mindan do‘sti so‘rabdi: “Kitob o‘qigandan so‘ng hech narsa yodda qolmasa nima qilmoq kerak?”. U “Uni tushunmoq kerak, yodlash shart emas. Tushunmoq zaruriyati ham ikkinchi darajali narsa. Eng avvalo, kitobning asosiy mohiyatini anglamoq joiz” deb javob beribdi.
Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘at-it turk”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”, Nosiruddin Rabg‘uziyning “Qissasi Rabg‘uziy”, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Boburning qator asarlarida kitobxonlikka oid qimmatli ma’lumotlar berilgan. Kitobxonlik adabiyotshunoslik va ta’lim-tarbiyaning mushtarak hamda muhim sohasi sifatida, shubhasiz, chuqur izlanishlarni taqozo etadi. Uning rivojini adabiyotning taraqqiyoti bilan bog‘lab o‘rganish maqsadga muvofiqdir. Shu ma’noda bugungi ilm-fan misli ko‘rilmagan darajada rivoj topgan davrda kitob o‘qish va unga munosabat bir qadar susaygandek. Chunki yoshlar ko‘proq kino, video, televideniye, kompyuterga berilib ketgan. Cheksiz bilimlar mohiyati, asriy sir-sinoatlar tilsimi hozirgi davrga kelib bashariyatga oshkor bo‘lmoqda. Qadimda kitoblarni xattotlar ming bir mashaqqat bilan ko‘chirishgan bo‘lsa, bugungi kunda texnika yutuqlari tufayli ular millionlab nusxalarda chop etilib, butun dunyo bo‘ylab tarqatilmoqda. Achinarlisi shundaki, bugun kitob o‘qish uchun vaqt sarflashga hojat yo‘qdek. Biroq tezkor zamonda hayot kechirayotgan odamzod shunchalik betoqat bo‘lib qolganki, uning bir muddat xotirjam tin olishga imkoniyati, eng yomoni, bunga xohishi yo‘qdek ko‘rinadi. Insonning ongi fikrlar, ma’lumotlarga to‘la, ammo u fikrlashga layoqatsiz bo‘lib bormoqda. Uning diqqati bir joyda jam emas, shoshganidan shoshadiki, kitoblar turfa xil va son jihatdan ko‘p bo‘lgani bilan uni mutolaa qilish, teran fikrlashga fursati yo‘q. Kitobning o‘zini emas, uning sujeti, mohiyati to‘g‘risidagi qisqagina ma’lumotlarni o‘qish, aniqrog‘i, ko‘z yuritish afzal bo‘lib qoldi.
Kitobning hayotdagi o‘rnini axborot, turli sohalarga oid kerak va nokerak ma’lumotlar egallab oldi, natijada insonlar tinimsiz axborot qabul qilishga moslashib qolmoqda. Axborot oqimi shu qadar shiddatliki, uni qayta ishlashga, fikr yuritishga deyarli ulgurib bo‘lmaydi. Bu borada ma’rifat fidoyilaridan birining kuyunchaklik bilan aytgan gapini eslaylik: “Bilim deb hikmatdan, axborot deb ma’rifatdan ayrildik!”.
Aslida har bir axborot manbayi, kino yoki videofilmni olamizmi, badiiy asar o‘rnini bosolmaydi. Masalan, “O‘tkan kunlar” romani asosida ishlangan film qanchalik mahorat bilan suratga olingan bo‘lmasin, kitobning ta’sirini, jozibasini berolmaydi.
Biz ruhiyatimiz, o‘z olamimiz, qalbimiz bilan qayta til topishmoqchi ekanmiz, kitob mutolaasiga qaytishimiz lozim. Bugungi kunda ham yosh avlodni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda kitobdan-da qudratliroq vosita yo‘q. Zero, kitob bizning ma’naviy quyoshimiz va tafakkurimizning yuksak xazinasidir.
Yusuf MUHAMMADIYEV, Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi bolalar kutubxonasi direktori