“Onam tavsiya qilgan kitob”
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida yurtimizda bolalar adabiyotini rivojlantirish, o‘quv adabiyotlari va darsliklar saviyasini ko‘tarish uchun zarur bo‘lgan barcha ma’naviy, huquqiy va moddiy asoslar yaratildi. Nashriyotlar tomonidan “Bolalar adabiyoti” rukni ostida jahon va o‘zbek yozuvchilarining asarlari bosqichma-bosqich nashr qilinib, o‘quvchilarga taqdim qilinmoqda. Hukumatimiz tomonidan yosh avlodni har tamonlama kamol toptirish borasidagi siyosati, xususan, ushbu yo‘nalishda qabul qilingan qator Davlat dasturlariga muvofiq, bolalar va o‘smirlar orasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, intellektual salohiyatli, barkamol avlodni voyaga yetkazish yo‘lida Respublikamizning barcha viloyatlarida ham bir qator tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 8-aprel kuni Respublika bo‘yicha o‘tkazilayotgan “Kitobxonlik haftaligi” doirasida “Onam tavsiya qilgan kitob” nomli davra suhbati Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazi tasarrufidagi A. Cho‘lpon kutubxonasida o‘tkazildi. Davra suhbatini Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazi direktori H.Karimova ochib berar ekan, tadbirga tashrif buyurgan Olmazor tumanidagi 464-, 172-, 441-, 181-, 332-, 169-sonli MTTning barcha kitobxon bolajonlarni “Kitobxon haftaligi” bilan samimiy qutladi. Suhbat davomida Olmazor tumaniga qarashli MTT tarbiyalanuvchilari o‘rtasida bellashuv tashkil etildi. Bellashuv shartlari: 1-shart “Ertakni davom ettir” - bolalar tanlangan ertakni kelgan joyidan davom ettirish kerak edi. 2-shart: “Mening sevimli qahramonim” - bolajonlar o‘zlarining sevimli qahramonlarini suratini chizishlari kerak. 3-shart: “Onam tavsiya etgan kitob” - bunda bolajonlar onajonlari tavsiya etgan kitob yoki ertakni aytib, boshqa kitobxonlarga tavsiya etishlari kerak.
Tanlov qizg‘in baxs va munozaralarga boy tarzda bo‘lib o‘tdi. Bellashuv g‘oliblariga faxriy yorliq, hamda kutubxona tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Kitob – insonning aqliy taraqqiyoti va ma’naviy kamolotiga yordam beruvchi, ilm durdonalarini to‘plab, avlodlarga yetkazuvchi, o‘tmishni, bugun va ertangi kunga bog‘lab turuvchi ma’naviy boylikdir. O‘zbek oilalarida kitobga muhabbat, kitobni asrab-avaylab saqlash va kitobxonlik qadimiy an’analardan bo‘lib, halqimiz ma’naviy kamolotida muhim o‘rin tutib kelyapdi.
D.AZIMOVA, Toshkent shahar “Bilim” AKM mutaxassisi