“Qadrdon kutubxonamga kitob sovg‘a qilaman”
O‘sib kelayotgan yosh avlod jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan, ma’lum bir yutuqlarga erishgan kishilarga havas qiladi, ularga o‘xshashga intiladi, ortidan ergashadi. Ular tomonidan sovg‘a qilingan kitoblar albatta o‘qiladi, asrab-avaylanadi. Demak, biz yoshlarimizning kitob mutolaasi bilan qay darajada band bo‘layotgani va qanday kitoblarni o‘qiyotganidan boxabar bo‘lishimiz kerak. Chunki, yoshlarning ma’naviy-intellektuval salohiyati, ong-u tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirishda, ularda ona Vatani va xalqiga muhabbat va sadoqatni kamol toptirishda kitobxonlik madaniyatining o‘rni beqiyosdir. O‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning tub g‘oyasi ham ana shu ezgu maqsadlarga qaratilgan.
Yoshlarning badiiy-estetik talablariga javob beradigan kitoblarni yuksak sifat bilan chop etish, joylar, ta’lim muassasalariga vaqtida va maqbul narxlarda yetkazish, milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini tarjima qilish, farzandlarimizda bolalikdan boshlab kitob, jumladan, elektron kitob o‘qish ko‘nikmasini shakllantirish, jamiyatimizda mutoaala madaniyatini yuksaltirish bilan bog‘liq masalalarni hal etish oldimizda turgan eng muhim vazifalardan biridir.
Samarqand viloyat bolalar kutubxonasida “Adabiyot kunlari”, “Kitobim oftobim”, “Kitob taqdimoti”, “Bir farzandga uch kitob ” aksiyasi, “Maktab – kutubxona – oila– jamoat tashkilotlari” xayriya tadbirlari, “Eng yaxshi kitobxon o‘quvchi”, “Kitobxon maktab”, “Yilning eng iste’dodli yosh shoiri”, “Men sevgan adabiy qahramon”, “Men, ota-onam, bobo va buvim – kitobxon oila”, “Eng yaxshi kutubxonachi”, “Kitob hayotni o‘rgatuvchi murabbiy” mavzularida uchrashuvlar, ko‘rik-tanlov va tadbirlar muntazam o‘tkaziladi.
5–9-aprel kunlari mamlakatimizda “Kitobxonlik haftaligi” tadbirlari munosabati bilan kutubxonada “Qadrdon kutubxonamga kitob sovg‘a qilaman” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi rahbari Toshpo‘lat Tugalov, O‘zbekiston respublikasi Markaziy banki Samarqand viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Suvonqulov, kutubxona direktori Yusuf Muhammadiyevlar yoshlarni kitob mutolaasiga qiziqtirish, mutolaani qaysi kitoblardan boshlash, unda nimalarga e’tibor qaratish kerakligi haqida fikr-mulohazalar bildirib, insonning hayotda erishgan yutuqlarida kitobning beqiyos o‘rni, kitobga havas uyg‘otgan insonlar haqida so‘zlab berdilar. Samarqand shahridagi 30,33,37,45-maktab o‘quvchilari ishtirokida taniqli ijodkorlar Hamida Karimova, E’tibor Mahmudova, Keldiyor Gadoyevlar bilan uchrashuv tashkil etildi. O‘quvchilar uchrashuv davomida o‘zlari yoqtirgan kitob to‘g‘risida, kitobxonlikka bag‘ishlangan she’rlar va allomalarning kitob haqidagi hikmatli so‘zlaridan aytib berdilar. “Qadrdon kutubxonamga kitob sovg‘a qilaman” tadbiri doirasida kutubxona xodimlari tomonidan kitoblar jamlanmasi sovg‘a qilindi.
Shohruh Toshnazarov