Farzandlarga yo‘l bering
Ko‘pchilik ota-onalarga hech tushunmayman-da. Farzandini o‘z holicha yashashga ham qo‘yishmaydi. Ular o‘sha sho‘rlik bola tug‘ilmasdan avval kelajak rejasini tuzib tashlashganki, qani shu rejadan chiqib ko‘rsin-chi, ko‘radiganini ko‘raveradi bir boshidan...
— Katta bo‘lsang vrach bo‘lasan, o‘g‘lim! Kimyo, biologiyani yaxshi o‘qi...
— Sen o‘qituvchi bo‘lasan, qizim...
E’tirozga o‘rin yo‘q, gap tamom, vassalom. “Dada, men muhandis bo‘lmoqchiman. Yaxshi o‘qib mana
bunaqa ishlarni amalga oshiraman, yangiliklar yarataman”, “Iqtisodchi bo‘lmoqchiman. Menga imkon bering, oyijon”, deyishsa birdaniga “Bolamni tarbiya qilishda qayerda adashdim ekan? Nega men aytgan yo‘ldan yurish o‘rniga, o‘zboshimcha ish tutadi?”, kabi bola ruhini chilparchin qiladigan diydiyolar yangray ketadi.
O‘g‘il-qizlaringizning bilim olishi uchun sharoit yaratib bering. Qaysi kasbni tanlasa ham, uni yo‘ldan qaytarmang. O‘g‘il bo‘lsa, “o‘g‘il-da, u menga yelkadosh bo‘lishi kerak”, deb nuqul pul topishga undayvermang. Qiz bo‘lsa, “qiz-da, u birovning xasmi, shuncha o‘qitganim bilan ertaga turmushga chiqsa, menga bir tiyinlik foydasi tegmaydi”, demang. To‘g‘ri, u turmushga chiqqach, sizga foydasi tegmasligi mumkin. Lekin kelajak avlod uchun onaning ahamiyati juda katta.
Qizingiz ona bo‘ladi. Bilimdon, aqlli ona tarbiyasini olgan farzandlardan jamiyat uchun kerakli odamlar yetishib chiqadi. Jamiyat rivoji uchun ham ular bilimli, aqlli bo‘lishlari shart.
Qishloqlarda shunday hollar bo‘ladiki, nima emish, “Qo‘y shu o‘qishingni, o‘qib olim bo‘larmiding, baribir kirolmaysan o‘qishga, seni pul sarflab o‘qitishga qurbim yetmaydi. Undan ko‘ra, Pazli akang bilan ishlab kel. Qancha ko‘p mehnat qilsang, shuncha ko‘p pul topasan! Hamma o‘qiganlar ham qoyillatib qo‘ygani yo‘q. Salim telpakning o‘g‘liga qara, bitirib kelganiga yildan oshyapti, hali ishlagani yo‘q. Husni o‘rtog‘imning o‘g‘li bo‘lsa maktabda yoshlar yetakchisi, olayotgan oyligining tayin-tuturug‘i yo‘q. Nima, sen ham shularday bo‘lmoqchimisan?”.
Bolangiz ra’yingizni qaytarolmaydi, oqibatda hayoti ostin-ustun bo‘lib ketadi. O‘z yo‘lini yo‘qotadi, tamom. Shu bilan uning hikoyasi zerikarli. Balki unda yetuk musavvirlik qobiliyati bordir. Ehtimol u fizik olim, jurnalist, muhandis, geograf, arxeolog, siyosatchi, huquqiy sohalar bilimdoni bo‘lmoqchidir.
Siz uni o‘z shaxsiy fikrini ayta olish qobiliyatidan ham mahrum etyapsizmi, bilingki, u endi boshqalarga ham “Yo‘q, sen nohaqsan, aslida bunday bo‘lishi kerak!”, deb hech qachon aytolmaydi. Yashasin, farzand “kamoli”, yashasin johillik!
Ba’zi yigit-qizlarni ko‘rdim. Nima o‘ylayotganini ham bilmaydi, nima deyotganini ham. Birovlarning fikri bilan ish tutmasa, o‘zida fikr degani g‘oyib bo‘lgan. Ayrimlari OTMlarga o‘qishga kirishgan, ammo o‘qib o‘qimaganday.
Oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirish payti kelganda ayrim tanishlarimdan qaysi OTMni, qaysi yo‘nalishni tanlagani, oldiga qanday maqsadlar qo‘ygani haqida so‘radim. Ba’zilari qaysi yo‘nalishni tanlab qanday kasb egasi bo‘lishi mumkinligini ham bilmasligi hafsalamni pir qildi. Boshqalari “lyuboy”iga hujjat topshirovramiz-da. O‘tsak, o‘tdik, o‘tmasak ketmandi yelkaga tashlab o‘z yo‘limizda ketovramiz, bizdan nima ketdi?!” deydi…
Hurmatli ota-onalar, farzandingizga faqat “xo‘p” deyishni o‘rgatavermang, siz robot tarbiya qilayotganingiz yo‘q. Oz bo‘lsa-da o‘zining mustaqil fikriga ega bo‘lsin. Zanglagan temirlardan bezdik. Bizga oltinlar kerak!
Dostonbek BAXTIYORZODA, O‘zJOKU talabasi