Abdulla Oripov va O‘tkir Hoshimov asarlari bilimdonlari aniqlandi
Samarqand shahridagi “Yoshlar markazi”da O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi, viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi hamda Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi tomonidan “Abdulla Oripov izdoshlari” hamda “O‘tkir Hoshimov asarlari bilimdoni ” tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Tadbirda ushbu tanlovning tuman (shahar) bosqichlarida g‘oliblikni egallagan 30 nafardan ortiq 7-11-sinf o‘quvchilari ishtirok etishib, har ikki ijodkorning hayoti va faoliyati bo‘yicha olgan bilimlarini insho yozish orqali bayon etishdi.
Yoquvchilarning ijodiy ishlari viloyat tashkiliy qo‘mitasi rahbarligida tajribali ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari tomonidan adolatli va xolisona baholandi.
Tanlov yakuniga ko‘ra, “Abdulla Oripov ijodida Vatan madhi” mavzusi bo‘yicha o‘tkazilgan insholar tanlovining viloyat bosqichida Paxtachi tumanidagi 24-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Mahliyo Yoroqova hamda “O‘tkir Hoshimov asarlarida ona timsolining yaratilishi” mavzusi bo‘yicha Samarqand shahridagi 72-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Sevinch Nosiralieva g‘oliblikni egallab, tanlovning respublika bosqichida qatnashish uchun munosib deb topildi.
Tanlovda Samarqand tumani 10-IDUM 8-sinf o‘quvchisi Parizoda Amirova ikkinchi, Narpay tumani 31-umumta’lim maktabi 8-sinf o‘quvchisi Nargis Abdullaeva uchinchi o‘rinlarni egallagan bo‘lsa, “O‘tkir Hoshimov asarlarida ona timsolining yaratilishi” mavzusi bo‘yicha Toyloq tumani 30-umumta’lim maktabi 9-sinf o‘quvchisi Gulzoda Imomqulova ikkinchi va Payariq tumanidagi 44-umumta’lim maktabi 9-sinf o‘quvchisi Yog‘iloy Norboeva uchinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi.
Tanlov g‘oliblari va ishtirokchilariga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi, viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi hamda Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbarlari tomonidan diplom, badiiy kitoblar va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
Orif Xoliqulov