Tafakkurning qo‘sh qanoti
Odamzod yaratilibdiki, doimo komillikka intilib yashaydi. Bolalikdan dunyoqarashini boyitib boradi. Har bir inson dastlabki tarbiyani ota-onasidan oladi. Keyin esa maktabga boradi. Jamoada o‘zini qanday tutishni o‘rganadi. Ma’naviy ozuqa olish, chin inson bo‘lib yetishishning ishonchli yo‘llaridan biri bu kitob mutolaasi bo‘lib, ushbu qoralamalarimiz kitobga munosabat haqidadir.
Bu haqda mulohaza yuritishdan oldin o‘zim guvohi bo‘lgan voqeani sizlarga so‘zlab bermoqchiman.
Bir necha yillar oldin, turmush o‘rtog‘imning ishlari yuzasidan poytaxtga ko‘chib keldik. Hamma jihozlari mavjud bo‘lgan uyni ijaraga olib, yashay boshladik. Uy ikki xonali, torgina bo‘lsa-da, menga juda ham ma’qul kelgandi.
Negaki, bitta xonasida devor barobarida katta kitob javoni bo‘lib, turfa kitoblar bilan liq to‘la edi. Bu kitob javonida tibbiyotga oid noyob adabiyotlardan tortib, Shekspir, Dostoyevskiy, Tolstoy, Chexov, Balzak, Anna Axmatova kabi taniqli yozuvchi va shoirlar asarlarining bir necha jildlari mavjud edi. Olti oy davomida shu mo‘jaz kutubxonadan olam-olam zavq-shavq, ma’naviy ozuqa, boylik olib yashadik. Shunday kunlarning birida oilamiz bilan boshqa joyga ko‘chishimiz lozim bo‘lib qoldi. Yuklarimizni yig‘ishtirayotib uy egasidan to‘rt-beshta kitob menga juda zarurligini aytib, pulini berib, rozi qilishimni so‘radim. Uning rozi bo‘lganidan xursand bo‘lib, o‘ndan oshiq kitoblarni tanlab oldim. Narsalarimizni olib jo‘nab ketdik. O‘zimda yo‘q xursand edim...
Bir necha kundan keyin uyning qandaydir to‘lovlari haqidagi hujjatlarni uy egasiga berish uchun kelsam, uy eshigi oldida o‘rta yoshlardagi bir kishi VAZ-31 rusumli mashina yukxonasiga nimalarnidir ortayotgan ekan. Qiziqib qarasam, qop va sumkalarga joylangan kitoblar... Sekin yurib ikkinchi qavatga chiqdim, uy eshigi ochiq ekan. Ichkaridan uy egasi yonida bir kishi bilan chiqdi. So‘rashdim-da, hujjatlarni berdim. Uy egasining gap-so‘zlaridan uyni sotmoqchi ekanligini, xaridor ham topilganini bilib oldim, xayrlashib orqamga qaytdim. Yo‘lakka chiqib, boyagi mashinaga kitoblarni ortayotgan kishining ishlarini kuzatib:
— Sotib oldingizmi? — deb so‘radim.
— Ikki qopiga 150 ming so‘m berdim, — dedi boshini qimirlatib.
U kishiga havas qildim, oddiy kiyingan, kamtargina, ziyoli kishi ekan deb o‘yladim. Uning o‘rnida bo‘lishni orzu qildim. Qani edi, o‘z uyim bo‘lsa, xuddi shunday kitoblarni to‘plab kutubxona tashkil qilaman, farzandlarim ham men o‘qigan kitoblarni o‘qib voyaga yetishi haqida xayol surib ketayotsam, birdan mashina signali chalindi. Qarasam, boyagi mashina.
— Chiqing, katta yo‘lgacha olib chiqib qo‘yaman, — dedi haligi kishi.
— Yo‘q, rahmat, — dedim xijolat bo‘lib, u kishi menda yaxshi taassurot qoldirgan edi.
— Chiqing, chiqing. Pulingiz kerak emas, — deya orqasiga o‘girilib, mashina eshigini ochdi.
Chiqdim. Mashinaning orqa o‘rindig‘ida ham besh-oltita kitoblar bor edi. Sekin bittasini qo‘limga oldim. Dostoyevskiy. Shofyor kitobni ochib qarayotganimni ko‘rib:
— Xuddi yangidek, ochib qaralmagandek-a? — deb qoldi.
— Ha, — deb uning gaplarini ma’qulladim. — Endi bu kitoblarni mazza qilib o‘qir ekansiz-da?
U kishi birdan qattiq kulib yubordi.
— He, qayoqda. Buni kim ham o‘qirdi? ‒ dedi kulib.
— Unda nimaga sotib oldingiz?
— Hammasiga 150 ming berib olib ketyapman. Qog‘ozi yaxshi ekan. Ularga meva o‘rab bozorga olib chiqaman. Yaxshi-da...
Yana nimalar dedi, eshitmadim, anglamay qoldim. Garang bo‘lib qoldim. Bunday javob bo‘lishini umuman kutmagan edim. Hozirgina havasimni keltirayotgan kishi endi ko‘zimga juda xunuk ko‘rina boshladi. Iloji boricha tezroq mashinadan tushib qolishga harakat qildim.
— Chekkaroqqa to‘xtatib keting!
— Hali katta yo‘lga yetmadingiz-ku?
— Shu yerda tushib qolaman, rahmat!
O‘sha voqeani hali-hanuz unutolmayman. Nahotki, kitobni shunchalik xo‘rlashga botina olishsa? Nahotki, u va unga o‘xshaganlar kitobning uvoli urishini bilishmasa! Axir, ajdodlarimiz oqlikka xiyonat qilmanglar, xor qilmanglar deyishadi-ku, o‘ylab-o‘ylab o‘sha “kitobkush”ning umuman ma’naviy boyligi yo‘qligi, shu paytgacha biron kitobni ko‘ngil berib o‘qimaganiga amin bo‘ldim.
Ba’zan tanish-bilishlarga orqavarotdan baho berganda, “o‘qimishli” sifatini qo‘shib qo‘yadilar.
Darhaqiqat, o‘qimishlilik inson fe’l-atvorini baholashga muayyan darajada mezon bo‘lib xizmat qiladi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Nega endi muayyan darajada? Va unga o‘zingiz javob izlay boshlaysiz. Ko‘p o‘tmay shubhangiz o‘z tasdig‘ini topganday bo‘ladi. Ba’zan ahli donishlar to‘g‘risida aytilgan “sadqayi o‘qituvchi ketsin” kabi dashnomli iboralarni xotirlaysiz. Dilingizda e’tiroz uyg‘onadi, o‘qimishlilarning hammasini yaxshi odamlar deb bo‘lmaydimi?! Adashyapsiz, chunki o‘qigan odam bilan o‘qimishli odamni bir-biriga tenglab bo‘lmaydi. To‘g‘ri, o‘qimishlilikka o‘qish orqali erishiladi. Ammo qaysidir oliy o‘quv yurtini tugatish kishini tom ma’noda o‘qimishli deyishga asos bermaydi. Zukko o‘quvchi ko‘nglida savol tug‘iladi. Nega shunday? Axir, kitobni oftobga qiyoslaymiz, “bilimlar xazinasi” deymiz. Qatrada quyosh aks etgani kabi bilimlar xazinasidan bahramand bo‘lgan kishini bilimdon deb bo‘lmaydimi? “Kitob kishilik jamiyati tomonidan yaratilgan eng buyuk ixtiro, bir avlodning o‘zidan keyingi avlodlarga qoldiradigan bebaho merosi-ku” degan fikrni eslab qalbingiz junbushga keladi. “Eng yaxshi do‘st kitob ekan” (Najmiddin Kubro) undan bahramand bo‘lgan insonga dunyo jumboqlarini yechishga yo‘l ochiladi. Kengroq mulohaza qilib ko‘rsak, o‘qimishlilik nima? Unga qanday erishiladi? Javobingiz qisqa va lo‘nda bo‘lishi tabiiy. Albatta, kitob o‘qish orqali.
Kitob-ku behisob. Ammo uni hamma o‘qiyvermaydi. Qolaversa, o‘qiganning hammasi o‘qimishli emas. Bundan ko‘rinadiki, kitobxonlik komillikka erishish yo‘lidagi muhim bosqichdir.
Kitobxonlik tor ma’noda kitob o‘qishni bildirsa, keng ma’noda tanlab o‘qish, his etish, anglash va fikr bildirish tushunchalarini o‘z ichiga qamrab oladi. U badiiy adabiyotdan oziqlanadi, adabiy tanqid va pedagogika ko‘magida yuksala boradi.
Barchamiz maktab davrida darsliklardan foydalanganmiz. Biroq darsliklarni sevib o‘qiganimizda ham, baribir, bizni hali kitobxon deb bo‘lmaydi. Chunki darsliklarda barcha fikrlar qoidalashtirib berilgani va hissiyotdan yiroqligi tufayli mustaqil xulosa chiqarishga qiynalasiz, ya’ni ta’sir bir tomonlama bo‘lib, aks ta’sir talab etilmaydi. Darsliklardan hayot va uning qonuniyatlari haqida bilimlar bilan tanishasiz, ularni aql kuchi bilan qabul qilasiz, xotirangizda qayd etasiz. Ammo bu bilim va xulosalar hissiyotingizga zarracha ta’sir ko‘rsatmaydi. Badiiy asar o‘qiganda sizdagi bu “loqaydlik” faol munosabatga almashinadi. Qalbingiz cheksiz shodliklarga chulg‘anadi — ruhlanasiz, g‘azablanasiz, iztirob chekasiz. Chunki u qalb dardi tufayli yaralgan, dard esa suhbatdoshni befarq qoldirmaydi. Qahramon ruhiyatini o‘zlashtirish ijodkordan fidoyilik talab qiladi. Yozuvchi o‘z qahramonining quvonch-tashvishlari, dard-alamlarini shaxsiy kechinmalari kabi yurakdan his etsagina, chinakam san’at namunasi yaratiladi. Buni Habibullo Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani yaratilish tarixi bilan bog‘liq quyidagi xotirasidan ham bilsa bo‘ladi:
“Bobom vafotidan so‘ng edi. Shahar hovlida yashar edik. Bir kuni uyimizda shunday voqea ro‘y berdi: oyim odatimizcha, ertalabki choyni bibimning uyiga hozirladi-da, erta turib yozib o‘tirgan dadamni choyga chaqirgani kirib ketdi. Biz dasturxon tevaragida uning chiqishini kutamiz... Bir vaqt oyim negadir indamay chiqdi-da, o‘tirib bizga choy quyib bera boshladi.
— Abdullani chaqirdingizmi, Rahbar? — dadam chiqavermagach oyimdan so‘radi bibim.
— Yo‘q.
— Nega?
— O‘g‘lingiz yig‘lab o‘tiribdilar, — dedi oyim.
Bibim bechora sakrab o‘rnidan turib dadamning uyiga yo‘l oldi. Kap-katta kishining yig‘lashidan hayratga kelib, men ham bibimning ortidan ergashdim. Kirsak, darhaqiqat, u yum-yum yig‘lar, kursiga tirsaklanib olib, to‘xtovsiz yozar edi. Bibim dadamning bu holiga biroz qarab turdi-da, bir narsani tushundi shekilli, indamay meni boshlab orqaga qaytdi va o‘tirib choy icha boshladi...
Keyinchalik anglasam, o‘shanda dadam o‘z sevikli qahramoni Kumushning o‘limi payti tasvirini yozayotgan ekan”.
Go‘zallik tarbiyalaydi, degan gap bor. Agar siz “O‘tkan kunlar” romanidagi Kumush bilan Otabek muhabbati tasviriga oid sahnalardan qay darajada zavqlansangiz, Kumushning o‘limidan cheksiz iztirobga tushasiz. Har ikki holatda ham ruhingiz boyiydi. Shunga ko‘ra, kitobxonlikni ham obrazli tarzda o‘quvchining adib bilan jonli muloqoti deyish mumkin.
Yozuvchi — kitobxon muloqoti o‘ziga xosdir. Bunda suhbatlashuvchi tomonlarning huquqlari bir xil emas. Kitobxon — ixtiyoriy, erkin suhbatdan o‘ziga suhbatdosh tanlash huquqiga ega. Ammo yozuvchi timsolida suhbatdosh bunday qilolmaydi.
Kitobxon o‘qiyotgan asari o‘zini qanoatlantirmasa, muloqotni to‘xtatib qo‘ya qoladi. Kitobxon haq, Abdulla Qahhor aytganidek, “O‘qishli kitob go‘zallikdir, lekin go‘zallikda ham go‘zallik bor. Qorong‘i kechada otilgan mushak ham go‘zal, quyoshga qarab xandon tashlab turgan gul ham go‘zal. Osmonda sochilib ketgan rang-barang olov va olqish izlar go‘zalligi beboqiydir. Gulning go‘zalligi esa to‘q go‘zallik, chunki uning bag‘rida hayot bor, shuning uchun abadiy go‘zallikdir. G‘uncha guldan ham go‘zalroq, chunki uning bag‘rida ikki hayot — o‘z hayoti va yana gul hayoti bor”.
Biz aslida nima uchun kitob o‘qiymiz? Sababi oddiy, chunki kitobda dunyoda hech narsa bilan taqqoslab va hech qayerdan topib bo‘lmaydigan halovat bor. Yana u dunyoni qalb ko‘zi bilan ko‘rishga yordam beradi.
Kitobga qiziqish uyg‘otishning muhim omillari, bizningcha, avvalo oila muhiti, qolaversa, maktabda adabiyot muallimi o‘z vazifasini teran anglashi lozimligi. Negaki, mashhur kishilarning aksar o‘zlarini adabiyot muallimlari kitobga qiziqtirgani va ko‘p kitob o‘qish, kitobga mehr qo‘yish orqali ijodkor bo‘lib yetishganini alohida ta’kidlashadi.
Fan-texnologiyalar taraqqiy topgan davrda yashayapmiz. Yurtimiz yoshlariga keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Chunki millatimiz sha’ni, milliy g‘ururimizni yuksaltiruvchi bu yoshlar. Shu bois turli millat va elatlarning yoshlari kabi o‘zbek yoshlari ham dunyo bilan muloqotda bo‘lishlari kerak. Bunga hech qanday to‘siq yo‘q. Lekin ayrim yoshlar berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish o‘rniga, internetdagi ko‘ngilochar o‘yinlar, tanishuvlar, yoshlar ongini zaharlovchi saytlarga kirib, u yerdagi ma’lumotlar bilan tanishmoqdalar.
Buning oqibatida ularning dunyoqarashi bir tomonlama bo‘lib qolmoqda.
Kitob — laganbardorlik qilmaydigan do‘st. Uning inson kamolotidagi o‘rnini boshqa hech bir vosita bosolmaydi. Shunday ekan, bugun ana shu do‘st bilan bog‘liq holda ko‘p tilga olinayotgan kitobxonlik qanday mezon va talablarni qamrab oladi? O‘zi, aslida, kitobxonlik madaniyati qanday bo‘lishi kerak?
Madaniyat, madaniyatlilik g‘oyat keng tushunchalar, biroq kim qanday talqin qilmasin, bu tushunchalarning mohiyatida tarbiya, tarbiyalanish hodisasi yotadi. Inson tarbiyalanuvchi mavjudot. Tarbiyaning shakllari ko‘p. Ammo
uning o‘zak va tayanch nuqtasi mutolaa va yana mutolaadan bino bo‘ladi. Zero, kitobxonlik madaniyati umumiy madaniyatning mag‘zi, mazmunidir. Bu haqiqatni yonib-kuyib aytmagan, mutolaaga da’vat qilishni hayotiy maslagiga aylantirmagan ziyoli inson topilmasa kerak. Kitobxonlik madaniyati tabiiy ravishda o‘zgaruvchan hodisadir. Uning o‘zgaruvchanligi davr, zamon va makon bilan chambarchas bog‘liq.
Bugun, kitob o‘qish deganda ko‘pchilik xayolida atay to‘qib chiqarilgan qiziqroq voqeani o‘qib, vaqt o‘tkazish degan tushuncha shakllana boshladi. Bu borada kitobni to‘g‘ri tanlay bilishga e’tibor qaratish lozim. Negaki, kitob tanlash — anglab bo‘lmas sirlarga boy ruhiy jarayondir. To‘g‘ri, yoqtirgan asarlariga qarab odamning kimligini bilish mumkin. Lekin bunday yondashuv mutlaq xulosa chiqarish uchun asos bo‘lolmaydi. Chunki kitob tanlashning sabablari ko‘p: mutaxassislikka ko‘ra o‘qiladigan kitoblar bor, kimlardir o‘tkinchi qiziqishlaridan kelib chiqib kitob izlaydi. Shunchaki vaqt o‘tkazish uchun, shuur-tafakkuriga dam berish uchun, atayin chalg‘ish maqsadida o‘qish mumkin. Keng omma orasida oson hazm qilinadigan mutolaaga moyillik kuchli.
Odamlar kitob o‘qimay qo‘ydi, deb zorlanamiz, kitob o‘qiydiganlarni ko‘ramizda, ko‘pchilik yengil-yelpi kitobga berilib ketdi, deb yozg‘iramiz. Umuman qo‘liga kitob olmaslik ham, hazmi yengil asarlarga o‘chlik ham jo‘n masalalar emas, balki u nihoyatda jiddiy ijtimoiy muammolardir. Hammamiz kitob o‘qishning foydali ekanligini eshitganmiz. Lekin
uning foydaliligi aynan nimada? Olimlarimiz kitob o‘qishning foydaliligi borasidagi tadqiqotlar natijalarini e’lon qildi:
1. Mutolaa asabni tinchlantiradi. Asabingizni tinchlantirish uchun sayr qilish yoki musiqa tinglashni afzal ko‘rasizmi? Sasseks universiteti olimlari esa buning o‘rniga kitob o‘qishni tavsiya qilishadi. Kitob o‘qish asabni tinchlantirishda eng samarali usul ekan. Atigi olti daqiqa kitob o‘qish asabiylashishga barham beradi.
2. Uyqusizlikdan qutulishga yordam beradi. Xotirjam bo‘lish va uxlashga yordam beradigan eng yaxshi usul kitob o‘qishdir. Televizor yoki telefondan tarqalayotgan yorqin nur miyaga uyg‘onish kerakligi haqida signal yuboradi. Kitob o‘qish esa aksincha ta’sir ko‘rsatadi — miya uxlash vaqti bo‘lganligini tushunadi.
3. Qalbni yumshatadi. Kitob o‘qish jarayonida o‘quvchi qahramonlarning quvonch va tashvishlariga sherik bo‘ladi. Tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, badiiy asar o‘qigan odam hayotda ham boshqalarning his-tuyg‘ularini yaxshi tushunar ekan.
4. Miya faoliyatini yaxshilaydi. Emori universiteti olimlari kitob o‘qigan insonning aqliy salohiyati bir necha kun davomida yuqori holatda bo‘lishini isbotlashgan. Tadqiqot mualliflari kitob o‘qish asab tolalari sonini oshirishini ta’kidlashmoqda.
5. Tushkunlikka qarshi kurashishga yordam beradi. Shotlandiyalik olimlarning tadqiqotlariga qaraganda, kitob o‘qish tushkunlikni davolashning eng samarali vositasidir. Tushkunlikka chalingan bemorlar kitob o‘qishni boshlaganlaridan so‘ng ularning tushkunlikka tushish holatlari kamaygan.
6. Insonni go‘zallashtiradi. Yuqori darajadagi aqliy salohiyat insonning tashqi ko‘rinishini ham go‘zallashtiradi. Har qanday mavzuda qiziqarli suhbat qura olish va o‘z bilimini namoyish etish suhbatdoshining mehrini qozonishga yordam beradi.
7. Hayotdagi maqsadini anglashga va qiyinchiliklarni yengishga yordam beradi. Olimlarning aniqlashicha, inson qancha ko‘p kitob o‘qisa, hayot yo‘lini shunchalik aniq tanlash imkoniyatiga ega bo‘lar ekan. Kitob o‘qish hayotdagi to‘siqlarni yengishga ham yordam beradi.
8. Kitob o‘qiydigan insonlar hayotda faol bo‘lishadi. San’at milliy jamg‘armasi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar kitob o‘qiydigan insonlar madaniy va ijtimoiy hayotda ham faol bo‘lishlarini isbotladi.
9. Mutolaa xotirani va fikrlash qobiliyatini yaxshilaydi. Har safar kitob o‘qiganida miya faol ishlaydi. U olinayotgan ma’lumotni saqlash uchun yangi tolalarni yaratadi. Tadqiqotlarda aniqlanishicha, doimiy ravishda kitob o‘qiydigan insonlarda fikrlash qobiliyati boshqalarga nisbatan sekinroq pasayar ekan.
10. So‘z boyligini oshiradi. Kitob o‘qiyotgan paytda notanish so‘zlar ham uchrab qoladi. Ularning ma’nosini umumiy mazmuni orqali ham tushunib olsa bo‘ladi. Kitob o‘qish nafaqat so‘z boyligini ko‘paytiradi, balki umumiy savodxonlikni ham oshiradi.
11. Yozuvchilik qobiliyatini rivojlantiradi. Kitob o‘qish jarayonida muallifning yozish usuli ham o‘quvchiga ta’sir ko‘rsatadi. Musiqa tinglash jarayonida musiqachining uslubi tinglovchiga o‘tgani singari yozuvchining uslubi ham o‘quvchining yozish uslubiga ta’sir o‘tkazadi.
12. Chet tilini o‘rganishni osonlashtiradi. Doimiy ravishda kitob o‘qish boshqa tillarni o‘rganishda yangi so‘zlarni oson tushunishga va yodda saqlab qolishga yordam beradi.
13. Tinglash qobiliyatini rivojlantiradi. Qanchalik g‘alati tuyulmasin, kitob o‘qish tinglash qobiliyatini oshiradi, boshqalarni oson tushunishga yordam beradi. Bu, ayniqsa, kitobni ovoz chiqarib o‘qiganda yanada samarali bo‘ladi.
14. Ijodkorlik qobiliyatini rivojlantiradi. Ilmiy-tadqiqot olib borayotgan pedagog olimlar boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining mashg‘ulotlariga mavzuli hikoyalarni kiritishganida, suratlar va so‘zlar aralashmasi bolalarning ijodkorlik qobiliyatini oshirishini aniqlashdi. Kitoblar kattalarga ham ana shunday ta’sir ko‘rsatadi.
15. Alsgeymer xastaligiga chalinishning oldini oladi. Qator tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, ko‘p kitob o‘qigan insonlar Alsgeymer (xotiraning susayishi) kasalligiga kamroq chalinar ekan. Miya ham xuddi boshqa a’zolar singari qo‘llab-quvvatlashga va mashqlar yordamida mustahkamlanishga muhtoj bo‘ladi. Kitob o‘qish esa bu borada eng samarali usuldir.
16. Birgalikda kitob o‘qish ota-onalar va bolalarninng o‘zaro munosabatlarini yaxshilaydi. Psixologlar birgalikda kitob o‘qish jarayonida ota-onalar va bolalar o‘rtasida o‘ziga xos munosabat o‘rnatiladi deb hisoblashadi. Ularning aytishicha, bunday munosabat birgalikda televizor ko‘rganda aslo paydo bo‘lmaydi.
17. Mutolaa moliyaviy qiyinchiliklarni bartaraf etishda yordam beradi. Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, umuman kitob o‘qimaydigan insonlarniig 43 foizi qashshoqlikda yashaydi. Savodli insonlar orasida esa qashshoqlikda yashaydiganlar 4 foizni tashkil etadi.
18. Ko‘p kitob o‘qiydigan bolalar darslarni yaxshi o‘zlashtiradi. Tadqiqotlarda aniqlanishicha, kitob o‘qishni xush ko‘radigan bolalar maktabda ham yaxshi o‘qishadi. Ular grammatikani ham, matematikani ham yaxshi o‘zlashtirishadi.
19. Mutolaa jinoyatchilikning oldini oladi. O‘tkazilgan tadqiqotdan ma’lum bo‘lishicha, panjara ortida savodxonligini oshirgan jinoyatchilar ozodlikka chiqqanlaridan so‘ng boshqa jinoyatchilarga nisbatan jinoyatga 30 foiz kamroq qo‘l uradilar.
20. Yaxshi hikoyanavisga aylantiradi. Inson kitobni qancha ko‘p o‘qisa, hikoya qilish qobiliyati shunchalik
oshadi. Keraksiz gaplarni kamroq gapirib,
keraklilarini yaxshiroq yetkazadigan bo‘ladi.
21. Yaxshilik qilishga undaydi. Faol kitobxonlar xayriya ishlari bilan boshqalarga nisbatan uch marta ko‘proq shug‘ullanishadi. Mutolaa muhtoj insonlarga yordam qo‘lini cho‘zishga undaydi.
Darhaqiqat, kitob – ruhiyatimiz ozuqasi, u bilan do‘stlashish nafaqat bizni ma’nan yuksaltiradi, balki jahonni tanitadi, ezgulikka yetaklaydi. Inson kamoloti va bilimining manbayi kitob bilan bog‘liq. Kitob o‘qigan bola o‘z bilimi, dunyoqarashi, ruhiyati va ma’naviyatini boyitib, olamni teran anglay boshlaydi. Hayot va go‘zallikni qadrlashni, ajdodlarimiz merosini asrab-avaylashni o‘rganadi. O‘zbek oilalarida kitobga muhabbat, kitobni asrab-avaylash va kitobxonlik
qadimiy an’analardan biri bo‘lib, xalqimiz ma’naviy kamolotida muhim o‘rin tutadi.
Adolat OTAJONOVA, Shovot tumanidagi 42-maktab o‘qituvchisi,
Manzura OTAJONOVA, O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti katta ilmiy xodimi, filologiya fanlari nomzodi