Sha‘m va kitob
(blekautdan keyingi o‘ylar)
To‘g‘risi, elektr energiyasining yoppasiga uzilishi sabab Yaratgan o‘z bandasiga qanchalar cheksiz ne'matlar berganligini angladi odam. O‘sha kuni zulmatda qoldi go‘yo inson... Kunlik odatlanganimiz telefonlarning quvvati tugadi. Manaman degan qimmatbaho kompyuterlaru apparatlar gung va keraksiz matoh kabi bo‘lib qoldi. Bir qarashda ko‘p ham parvo qilmaydiganimiz, ammo asrlarki, ulug‘ alloma va mutafakkirlarga tunchiroq vazifasini o‘tagan sha‘m narxi ikki-uch baravar oshib ketdi. O‘sha tunda odamlar do‘konma-do‘kon sha‘m izladi. Hatto bu voqyealar xalq tilida sha‘m bilan bog‘liq askiyalarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi...
Biz ham sha‘m olib, uning yorug‘ida kitob o‘qidik. Odatda buyoqqa kel, desangiz, sizdan qochib, koptokday yerdan ko‘kka sakrab o‘ynaydigan to‘polonchi bolajonlar – farzandlaru jiyanlar qorong‘ulikdan qo‘rqib, atrofimni jo‘jalarday o‘rab olganlar. Men ovozimni chiqarib, ularga ertak o‘qib beryapman. Ular ertaklarni miriqib eshitadilar, orada turli savollar berib qo‘yadilar. Bir-birlarini turtib, ozgina suril, sig‘mayapman, deyishadi. Men esa ularga “Jim!”- deb qo‘yaman. Kuni bilan o‘ynab toliqqan kichkintoylar ertak eshitgancha birin-ketin asta uxlab qoladilar...
Shunda beixtiyor ajdodlarimizning xotiralari yodga tushadi. Ular o‘z asarlarida tunlari sham yorug‘ida bedilxonlik, navoiyxonlik kechalarini o‘tkazganlarini yozadilar. Ha, ma‘naviyati yuksak allomalarimiz ana shu oddiy sha‘m yorug‘ida qanchalab durdona asarlarni yaratganlar. Bir-biridan bebaho kitoblar yozganlar. Ularni o‘qigan insonning ongu qalbi ma‘naviyat nurlaridan yorishib ketadi...
Biz avlodlar-chi?! Bugun ularga munosib bo‘la olyapmizmi? Shinam va yorug‘ uylarda yashayapmiz. To‘g‘risi, matnni ruchkada yozishga erinib, uni kompyuterda teryapmiz. Ma‘lumotlarni topish uchun kitob varaqlagimiz kelmay, internetni kavlashtiryapmiz. Shaxsiy kutubxonamizda kitoblar qalashib yotibdi. Ammo uni qachon oxirgi marta ko‘zdan kechirib, biron kitobni qo‘limizga oldik...
Shunday ekan, kitobxonlikda, mehnatda va ijodkorlikda ajdodlarimiz kabi bo‘lmog‘imiz, o‘z bilimimiz, tajribamizni oshirishda kitobdan, ya‘ni ilmdan va yana ilmdan najot izlamog‘imiz lozim.
Zero, ma‘naviy-ma‘rifiy yuksalish – har birimizni inson degan muqaddas nomga munosib bo‘lishga sazovor etadi.
Odina VALIYEVA,
Pop tumanidagi 8-umumiy o‘rta ta‘lim maktabi
ijodiy-madaniy masalalar targ‘ibotchisi