O‘qidingizmi?
Uzoq viloyatga safar qildim. Quvvatlashni unutganim uchun telefonim yarim yo‘lga yetmasdan o‘chib qoldi. Bozorda bolasini yo‘qotib qo‘ygan onaday har soniyada bezovta bo‘laveraman. Tarki odat — amrimahol.
Cho‘ntagimdagi hushidan ayrilgan “do‘stim”ning yuzini siypalayman, “tur-e, oshna” deganday, u yer-bu yerini turtaman. U ham “ko‘zlarini” erinib ochadi-yu, yana “uyqu”ga ketadi. Xullas, safar ham safar bo‘ldi. Uyga qaytgach, xonadoshlarning salomiga ham yarimta alik olib, telefonimni quvvatlashga shoshildim. Xuddi suv yo‘liga qadalib qolgan xas uyumini turtib yuborgandek, internetga ulanishim bilan xabarlar shovullab kela boshladi. Ularni o‘qirkanman, “Zamonlar osha” filmidagi o‘rta asrlardan kelgan qahramonlar kabi his qildim o‘zimni. Qaysidir davlatga yangi prezident saylangan, dunyoning yana qay bir burchagidan urushning qo‘lansa hidi anqiy boshlagan, hatto qovun tushirgan amaldor haqida ertalab to‘qilgan latifalarning ham tushga bormay mazasi qochibdi… xullas, bir sutka ichida dunyo butkul o‘zgarib ketibdi. Rost-yolg‘on, tog‘ri-notog‘ri, aralash-quralash xabarlar.
Ijtimoiy tarmoqlar lentasi uzra halloslab yugurgancha “o‘z zamonim”ga yetib olishga tirishaman. Yo‘l-yo‘lakay axborotlarni saralarkanman, ayni zamonda kechayotgan voqea-hodisalarga haqqoniy, xolis baho berilgan, chuqurroq tahlil qilingan materiallar kamligi biroz hafsalani pir qiladi, safarimni qiyinlashtiradi. Hozir internetga ulanadigan telefonga ega har bir inson ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘z fikrini bemalol bildiryapti. Bu yaxshi, albatta. Ammo yetarlicha bilim-salohiyatga ega bo‘lmay turib o‘zidan bloger yasab olganlar ham oz emas. Professional baribir professional-da. Axborotga parallel ravishda odatiy narsalarga yangicha yondashadigan, muammolarni o‘zgacha hal etadigan, vaziyatga boshqacha nazar bilan qaraydigan, kreativ fikrga ega jurnalistlarga ham kundan-kun ehtiyoj ortmoqda.
Mushtariylarimiz orasida ushbu kasbni tanlashni niyat qilganlar ham topiladi. Ularda “Xo‘sh, bunda bizga yordam beradigan biror qo‘llanma bormi?” degan savol tug‘ilgan bo‘lsa, ajab emas. Albatta, bor. Yaqinda Yulduz Ortiqovaning “Mumtoz so‘z” nashriyoti tomonidan chop etilgan “Jurnalistikada kreativ fikrlash” nomli qo‘llanmasi bu yo‘lda sizga yaxshi ko‘makchi bo‘ladi.
Unda kreativ fikrlashning nazariy asoslari ilm-fan, san’at va ijodiy jarayonlarda tutgan o‘rni misolida tahlil qilingan. Qo‘llanmada kreativ fikrlash jarayonidagi psixologik o‘zgarishlar haqida ma’lumotlar, turli yo‘nalishlar nazariyasi borasida tushunchalar hamda ularni jurnalistika amaliyotida qo‘llash bo‘yicha usullar ham taqdim etilgan. Qo‘llanma jurnalistika ixtisosligi bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari talabalari, soha mutaxassislari hamda mavzuga qiziqqan barcha kitobxonlarga mo‘ljallangan. Ko‘p eshitgandan ko‘ra, bir marta o‘qib ko‘rgan ma’qul. O‘qing, o‘rganing, kreativ fikrlashni bugundan boshlang!
Humoyun QUVONDIQOV