8-DEKABR — KONSTITUTSIYA QABUL QILINGAN KUN
Vatanimiz mustaqilligi, xalqimizning tinch-osoyishta hayoti, fuqarolarimizning huquq va erkinlari hamda manfaatlarining mustahkam kafolati sifatida 1992-yil 8-dekabr kuni bosh qomusimiz — Konstitutsiya qabul qilindi. Xalqimiz siyosiy tafakkurining noyob namunasi bo‘lgan baxtimiz qomusi inson manfaatlari uchun xizmat qilmoqda. Konstitutsiyamiz O‘zbekistonning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashi borasida asosiy poydevor bo‘lib kelmoqda.
Shu munosabat bilan Olmazor tumanidagi 261-maktabda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligi hamda “Dekabr: Tarbiya va ijtimoiy fanlar oyligi” doirasida “Konstitutsiya — baxtimiz qomusi” nomli tadbir tashkillashtirildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti Jamoat xavfsizligini ta’minlash kafedrasi o‘qituvchisi, professor Doniyor Ismoilov, katta leytenant, o‘qituvchi Sherzod Axmedov hamda o‘qituvchi va o‘quvchilar ishtirok etdi. O‘quvchilar she’r, raqs va sahna ko‘rinishlari bilan yig‘ilganlarda yaxshi taassurot qoldirdi.
Yakunda o‘quvchilar qiziqarli savollar bilan mutaxassislarga yuzlandi. Eng kreativ savol beruvchilar professor sovg‘asiga ega bo‘ldi. Tadbir faol ishtirok etgan o‘quvchilarga faxriy yorliq topshirish bilan nihoyalandi.
Azim AXTAMOV