ALISHER NAVOIY IJODIDA «NAZM VA NAVO».
She'riyat sohibqironi Alisher Navoiy asarlarini o‘qir ekansiz, beixtiyor, o‘yga tolasiz: kuy avval paydo bo‘ladimi yoki ash'or birinchi bo‘y ko‘rsatadimi? Zero, Hazrat Navoiyning har bir qo‘shig‘i-yu, har bir ash'ori qadimiydur. Ular botinidagi tiniq tuyg‘ular shoir haqidagi turfa ezgu fikrlarni dilga soladi, o‘qiganni-yu, tinglaganni sehrlab oladi.. Darhaqiqat, o‘zbek xalqining ulug‘ shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy jahon adabiyotining buyuk san'atkorlaridandir. Uning nomi va merosi Gomer va Dante, Rudakiy va Firdavsiy, Nizomiy va Shota Rustaveli, Sa'diy va Jomiy, Shekspir va Balzak, Pushkin va Tolstoy, Robindranat Tagor va Lu Sin kabi ulkan so‘z san'atkorlarining nomi bilan va merosidek o‘lmasdir.
XV asr musiqa san'atini rivojlanishida Alisher Navoiyning ham hissasi juda katta bo‘ldi. Alisher Navoiy musiqa ilmida ham mahorat sohibi ekanligi haqida ma'lumotlar musiqashunos olimlarimizning bir qancha asarlarida keltirilgan. Abdurauf Fitrat o‘zining «O‘zbek klassik musiqasi va uning tarixi» kitobida Navoiyning musiqa ilmini Xoja Yusuf Burxon nomli taniqli musiqashunos olimdan o‘rganganligi musiqa nazariyasi va amaliyotini yaxshi bilganligi, shuningdek Navoiyning o‘zi yaxshi bastakor bo‘lganligi uning o‘zi ham asarlar yaratganligi eng taniqli iste'dodli musiqachilarni o‘z tarbiyasiga olganligi, Navoiyning o‘zi ham musiqa haqida risola yozganligini aytadi. Bobur Mirzo o‘zining mashhur asarida Navoiyning asarlarini sanar ekan, «Yana ilm-i musiqiyda yaxshi nimalar bog‘labdur, yaxshi «naqshlari», yaxshi «peshrav»lari bordur», deb Navoiyning usta bir bastakor bo‘lganini ko‘rsatadi.
Musiqashunos Dildora Jamolova o‘zining «Navoiy va musiqa» maqolasida quyidagi fikrlarni keltirgan.
Shoir talay asarlari, jumladan, «Holoti Pahlavon Muhammad», «Xamsa», «Xazoyin ul-maoniy», «Majolis un-nafois», «Mahbub ul-qulub»da musiqa ilmiga tegishli muhim fikr-mulohazalarini bayon etgan.
Bu uning musiqa san'atiga befarq bo‘lmaganidan dalolat beradi. Shoirning musiqaga munosabatini, shartli ravishda, shunday tasnif qilish mumkin:
- musiqiy atamalar qo‘llashi;
- zamonasining musiqiy jarayoniga, bu soha namoyandalariga munosabati;
- san'atkorlarga bergan bahosi.
Navoiy «Xamsa»da ko‘proq musiqiy hayot bilan bog‘liq tasvirlarda ishqiy lahzalar ifodasida musiqaga murojaat qiladi.
«Xamsa»da chang, ud, qonun, tanbur, nay, dutor, naqqora, g‘ijjak, qo‘biz, chag‘ona, chanqo‘biz, kabi cholg‘u asboblari tilga olingan. Shundan ma'lum bo‘ladiki, bu sozlar o‘sha davrda eng ko‘p ommalashgan. Ularning deyarli barchasi bizning zamonamizgacha yetib kelgan va hozir ham amaliyotda keng qo‘llanadi.
Musiqashunos olima S.Qo‘ldosheva o‘zining «O‘zbekiston qo‘shiqchilik san'ati tarixi masalalariga doir» risolasida omilkor musiqachilar bilan bir qatorda Ulug‘bek, Navoiy, Jomiy va Binoiy kabi mutafakkir va shoirlar ham musiqa sohasida shug‘ullanib, uning rivojiga ma'lum hissa qo‘shdilar. Xususan, Ulug‘bek, «bulujiy», «shodiyona», «axloqiy», «tabriziy», «usuli ravon» va «usuli otlig‘» kuylarini, Navoiy «Isfaxoniy» kuyini ijod qiladilar. Jomiy va Binoiylar musiqa nazariyasiga oid asar yaratadilar deb ma'lumot bergan.
Filologiya fanlari nomzodi E.Ochilov o‘zining «Umrboqiy qo‘shiqlar» to‘plamining 1-sonida Alisher Navoiyning Shashmaqom shu'balariga kiritilgan va mumtoz qo‘shiqchilikda ijro etiladigan 150 dan ortiq g‘azallarini to‘plagan. Masalan: «Nasriy uzzol», «Ushshoq», «Mug‘ulchai dugoh», «Maqomi buzrug», «Dugoh Husayin-4», «Chapandozi navo», «Orazi maqomi navo», «Talqinchai mustahzodi navo», «Segoh» kabilarni misol keltirishimiz mumkin.
Xamsachilik Yaqin va O‘rta Sharq xalqlari adabiyotida uzoq va murakkab tarixga ega bo‘lgan bir adabiyot traditsiyadir. Bu traditsiya ulug‘ ozorbayjon shoiri va mutafakkiri Nizomiy Ganjaviyning (1141-1203) adabiy faoliyati bilan boshlandi. Nizomiyning «Xamsa»si faqat ozorbayjon adabiyotidagina emas, balki Yaqin va O‘rta Sharq o‘lkalari adabiyotida ham yangi bob ochdi. Nizomiydan keyin xamsa yaratish kuchli bir adabiy an'anaga aylanadi. Xamsa yaratish uchun besh doston yozishning o‘zi kifoya qilmas edi. Bu dostonlar nomi, janri, vazni, syujeti, obrazlari va kompozitsiyasi bilan Nizomiyning dostonlariga monand bo‘lishi va ayni zaminda Nizomiy «Xamsa»sining takrori yoki taqlidiy nusxasi emas, balki yangi, orginal xamsa bo‘lishi, boshqacha aytganda, so‘z san'ati taraqqiyotida yangi bir qanday, yangi pog‘ona bo‘lishi kerak edi. Bu juda murakkab va talabchan an'ana edi. Binobarin, o‘nlab shoirlar xamsa yaratgan bo‘lsalar ham, ularning ko‘pchiligi bu sohada muvaffaqiyat qozona olmadi. Nizomiy bilan ijodiy olishuvga bardosh beraolmadi. Faqat uch shoirgina ulug‘ xamsanavis bo‘lib, Nizomiy qatoridan o‘rin olishga muyassar bo‘ldi. Bular ulug‘ hind shoiri Xisrav Dehlaviy (1253-1325), ulug‘ tojik shoiri Abdurahmon Jomiy (1414-1492) va ulug‘ o‘zbek shoiri Alisher Navoiydir.
Ulug‘ shoir qisqa muddatda, ikki yildan ziyodroq vaqt ichida 51 ming misradan ortiq besh dostonni yaratdi. U 1483 yilda «Hayrat-ul-abror» falsafiy – ta'limiy dostonini, 1484 yilda «Farhod va Shirin» ishqiy – qahramonlik dostonini, «Layli va Majnun» ishqiy-romantik dostonini va «Sab'aiy sayyor» ishqiy-sarguzasht dostonini hamda 1485 yilda «Sadi Iskandari» qahramonlik, dostonini yaratdi.
Alisher Navoiyning «Xamsa» asaridagi besh doston asosida o‘zbek kompozitorlari va bastakorlari ashula, qo‘shiq va sahna asarlarini yaratib kelmoqdalar va bu san'at durdonalari hozirgacha barcha xalqlarning diqqit-e'tiborini o‘ziga jalb etib kelmoqda.
O‘zbek musiqa san'atida Alisher Navoiy dostonlari asosida juda ko‘p sahna asarlari yaratilgan, bulardan «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun», «Dilorom», «Alisher Navoiy»ga bag‘ishlangan poema-qasida va boshqalar.
1922-yili Alisher Navoiyning «Farhod va Shirin» dostoni asosida musiqali drama yaratiladi va unga Yunus Rajabiy, Shorahim Shoumarovlar musiqa bastalaydi. 1926 yilda ushbu musiqali drama Samarqand musiqali drama teatrida sahnalashtiradi.
«Farhod va Shirin»-da Shirin o‘z xarakteri va fazilatlari bilan Farhod qatoridan joy oladi, unga har jihatdan munosib bo‘lgan olijanob inson sifatida gavdalanadi.
Shirin ma'rifatparvar ammasi Mehinbonu tarbiyasida ilmli, aqlli va iffatli bir qiz bo‘lib yetishadi. U mamlakatning obodonchiligi, suv bilan ta'minlanishi uchun kurashadi. Shirin va Farhod siymosida insonning baxti uchun kurashuvchi ajoyib shaxsni ko‘radi. Farhodning qahramonliklari, ijodkorligi Shirinni maftun etadi. U tog‘-toshlarni kesib ariq o‘tkazgan Farhodni samimiy taqdirlaydi va Shirin chin inson bo‘lishni va chin insonni sevishni buyuk fazilat deb biladi.
«Xamsa» asarining uchinchi dostoni bu «Layli va Majnun»-dir. Bu asar jahon adabiyotida sevgi haqida yaratilgan eng g‘amgin qissalardan biridir. U o‘nlab yozuvchilar va xalq ijodkorlari tomonidan qayta-qayta ishlanib Yaqin va O‘rta Sharq xalqlari orasida nihoyatda keng tarqalgandir.
Alisher Navoiy ijodida «Layli va Majnun» dostoni yangi va ulkan bir voqyea bo‘ldi. U bu dostonning yaratishga kirishar ekan, ma'lum adabiy an'analardan voz kecholmasdi, albatta. Navoiy oldida mana shu adabiy an'anadan ijodiy foydalanish va shu asosda davrining yangi va muhim talab hamda ehtiyojlariga javob berish vazifasi turar edi.
Navoiy o‘z dostonida Layli va Majnun haqidagi afsona va rivoyatlardan foydalanadi. Biroq uning maqsadi «afsona» so‘zlash emas, balki «mazmun» bayon etishdir. Navoiy o‘z oldiga qo‘ygan ikki masalani-hayotiy mazmun va til masalasini katta muvaffaqiyat bilan hal etdi va asarning tarixiy takomilida yangi davr boshlab berdi.
Kompozitorlar T.Sodiqov va R.M.Glier hamkorlikda «Layli va Majnun» operasini yozadi. Qays-dostonning bosh qahramoni. U samimiy oshiq, iste'dodli shoir va oliyjanob tabiatli inson. Qays keksa bir qabila boshlig‘ining yolg‘iz o‘g‘li. U go‘daklik chog‘idan boshlab o‘qish ishtiyoqi va zehn qobiliyati bilan boshqalardan ajralib turadi va tez orada yaxshi bilimdon kishi bo‘lib yetishadi. Qays maktabdoshi, kattaroq qabila boshlig‘ining qizi Layli bilan sevishib qolgan edi. Layli bilan Qays bir-biriga munosib yor bo‘lgan.
Yuqorida aytib o‘tilganimizdek Navoiy dostoni asosida o‘zbek kompozitorlari «Layli va Majnun» sahna asarini ham ijod qilganlar.
Layli – tashqi qiyofasi bilan ham, ma'naviy dunyosi va xulq-atvori bilan ham nihoyatda go‘zal qiz. U hayotga ezgu orzu-niyatlar bilan qaraydi. G‘ayrat bilan o‘qiydi, bilim oladi. Layli kishining mol-dunyosi, nasabi va mansabi bilan emas, balki insoniy xislatlari bilan baholaydi, begonalarga chora izlaydi.
Layli-vafodor yor, sevgi uning ma'naviy dunyosini yanada boyitadi. U Qaysga bo‘lgan sevgisini bir umrga birgalik, hamdamlik deb biladi. U hayotiga qancha azob-uqubat, alam-iztirob cheksa ham, ko‘ziga o‘zi emas, Qays ko‘rinadi. O‘zi g‘am-qayg‘u yukki ostida ezilsa-da, lekin undan Qaysni qutqarishga intiladi, juda bo‘lmasada so‘zi bilan uni yupatishga harakat qiladi.
«Layli va Majnun» besh asrdan beri kitobxonalarning sevikli dostoni bo‘lib kelmoqda. U o‘zbek xalqi orasida emas, balki ozarbayjon, turkman, tatar, turk va boshqa xalqlar orasida ham keng shuhrat topgan. Navoiyning «Layli va Majnun» asari ko‘p shoirlarni shunday asar yozishga ilhomlantirdi va ularning ijodiga samarali ta'sir etdi. «Layli va Majnun» dostoni asosida yaratilgan sahna asarlari ko‘p yillardan beri muvoffaqiyat bilan tomoshabinlarga namoyish etilmoqda.
«Layli va Majnun»-ni yozib bo‘lganidan keyin Navoiy jadallik bilan «Xamsa»-ning to‘rtinchi dostonini yaratiga kirishadi, qariybto‘rt oy ijodiy mehnat qilib, 1484 yilda bu yangi dostonni ham yozib tugalladi va unga «Sa'bai-sayyor» («etti sayyor»-«etti kezuvchi») deb nom berdi. Bu asar ishqiy-sarguzasht dostonidir. Ba'zan bu asar «Sa'bai-sayyora» nomlari bilan yuritilgan. Bu ikki nom ham asarning mohiyatiga muvofiq keladi. yetti hikoya yetti sayyor tomonidan so‘zlab berilgani uchun doston «Sa'bai sayyor» deb nomlangan va hikoyachilar sayyor-yulduzlariga o‘xshatilgan. Shu bilan birga doston sayyoralar va sayyorlar haqidagi an'analar bilan bog‘liqdir. Undagi yetti qasr va haftaning yetti kuni qadimgi ilmning, koinotning sistemasidagi an'analari bilan aloqadordir. Bu ta'limotga ko‘ra yetti sayyor va umuman barcha sayyoralar yer kurrasi atrofida aylanib kezib yuradi. Shu ta'limot asosida hafta kunlari ma'lum bir sayyora bilan bog‘langan, uning nomi bilan atalgan: Yakshanba-Quyosh kuni, dushanba – Oy kuni, seshanba – mars (Mirrix) kuni, chorshanba-merkuri (Atorud) kuni, payshanba – Yupiter (Mushtariy) kuni, juma – Venera (Zuxra) kuni, shanba – Saturn (Kayvon) kuni. Kunlarni sayyoralar nomi bilan atash yevropa xalqlarida hozir ham mavjuddir. Shuning uchun Navoiy Mirrix so‘zining ma'nosi Bahrom deb olgan va Diloromni Zuhra deb talqin etgan. Xamsachilik Navoiyning zimmasiga ma'lum bir majburiyat yuklaydi, u «Xamsa»-ning to‘rtinchi dostonini Bahrom hikoyasini asos qilib olib, uning ichiga haftaning yetti kunida yetti xildagi yetti qasrda aytilgan yetti hikoyani kiritadi.
Bahrom – hikoyaning bosh qahramoni. U podshoh va oshiq. Bahrom ziddiyatli xarakterga ega bo‘lgan murakkab shaxsdir. U tez orada aysh-ishratga, ovga berilib ketadi, aql-iroda tuyg‘ularini yuqotadi. Ovda rassom Moniy bilan uchrashib Diloromning suratini ko‘radi va unga oshiqi beqaror bo‘lib, qoladi. U Xitoylik savdogardan Diloromni sotib oladi va Dilorom visoliga erishadi. Bahrom Diloromni butun qalbi bilan sevadi. Biroq u oshiq bo‘lgach, shohlikni, to‘g‘risi, o‘zining shohlik burchi va vaziflarini butunlay unutadi. U ovda xudbinligi tufayli sevikli yori Diloromni cho‘l-biyobonga, o‘lim qa'riga tashlab ketadi, lekin hijron azobi uni yurak-bag‘rini ezadi. U yetti kunda yetti afsona eshitadi lekin o‘ziga xulosa chiqaraolmaydi. Diloromning visoliga ikkinchi marta muyassar bo‘lgandan keyin ham Bahrom aysh-ishratga, ovga berilib ketadi.
«Sa'bai sayyor»-ning muhim obrazlaridan biri Diloromdir. Dilorom husn – latofatga tengi yo‘q ayol. Shu bilan birga, u juda iste'dodli san'atkordir. Dilorom oliyjanob qabli, musaffo xulq-atvori uning husniga husn qo‘shadi. Dilorom-sadoqatli yor. U Bahromni sidqidil bilan sevadi, sevgisiga bir umr sodiq bo‘lib qoladi.
Dramaturg Komil Yashin bilan mashhur o‘zbek kompozitori Muxtor Ashrafiy, Alisher Navoiyning «Sa'bai sayyor» dostoni asosida ajoyib «Dilorom» operasini ijod qilganlar. Lekin «Dilorom» operasida ba'zi-bir obrazlar o‘zgartirilgan. Masalan shoh Bahrom o‘rniga rassom Moniy obrazi kiritilgan. Lekin obrazlar o‘zgartirilgan bo‘lsa-da operaning asosiy maqsad va mazmuni o‘zgarmagan. Dilorom va Moniyning haqiqiy vafodorliklari, chin yurakdan bir-birlarini sevishganlari operaning asosiy maqsadi bo‘lib qolaveradi.
Hozirgi davr yillarida «Sa'bai sayyor» dostoni keng xalq ommasiga yanada yaqindan ma'lum va manzur bo‘ldi. Navoiyning bu dostoni o‘zbek xalq og‘zaki ijodiyoti va yozma adabiyoti taraqqiyotiga samarali ta'sir etdi.
«Xamsa» asarining oxirgi beshinchi dostoni «Saddi Iskandariy» («Iskandar devori») qahramonlik g‘oyasi Navoiy ijtimoiy-siyosiy qarashlarining yorqin bir ko‘zgusidir. Adolatli va ma'rifatparvar podsho boshchiligidagi markazlashgan davlat uchun kurash «Saddi Iskandariy»-ning asosiy g‘oyaviy mavzuidir.
Iskandar nomi ostida, odatda, Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlarida Iskandari Zulqarnayn, Iskandari Rumiy yoki Iskandar Maqdon deb yuritilgan. Aleksandr Makedonskiy tasavvur qilinadi. Biroq Navoiy qahramoni bilan tarixiy Iskandar o‘rtasida ayrim o‘xshash elementlar bo‘lsa-da, Navoiy Iskandari mutlaqo tarixiy Iskandar-Aleksandr Makedonskiy obrazi emas. Iskandar Navoiy orzu qilgan adolatli va ma'rifatparvar ideal podshohning xayoldagi romantik obrazidir.
1948 yilda kompozitor Manas Leviev Navoiyning «Sab'ai sayyor» dostoni asosida «Suhayl va Mehri» baletini yozadi.
Alisher Navoiy: «Umidim uldurkim va xayolimga andoq kelurki, so‘zim martabasi avjdan quyi enmagay va bu yozgan asarlarimning tantanasi a'lo darajadan o‘zga yerni yoqtirmagay» deb yozgan edi. Navoiy yanglishmadi. Uning orzulari ayniqsa bizning zamonda ro‘yobga chiqldi. Uning asarlarini qadrlab, ularga yuksak baho beruvchi zamon – bizning mustaqillik zamonamiz bo‘ldi. Bu zamonda Navoiyni sevadilar hamda hurmat qiladilar, uning asarlaridan ta'lim-tarbiya va estetik zavq oladilar.
SamDU Kattaqo‘rg‘on filiali Yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy
ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Shomurod Mustafayev