“AMERIKA – SEHRLI DIYOR...”

O‘g‘lim AQSHga kelmasidan avval Toshkent shahridagi mashhur 300-IDUMning 10-sinfida o‘qirdi.Amerikaga keldik, bola o‘qishni davom ettirishi kerak. U yerda faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik huquqshunosning yordami bilan o‘g‘limning hujjatlarini, sodda qilib aytganda, o‘zimizning XTBga o‘xshash idoraga yubordik. Uch kun o‘tib telefon raqamimga SMS keldi. Unda farzandimizning talab etiladigan hujjatlari joyida ekani, ular biz yashaydigan joyga yaqin davlat maktabiga yuborilgani ma’lum qilingandi.
Ikki kun o‘tib, telefon raqamimga yana SMS keldi. U o‘g‘limning maktabda ta’lim olish ko‘nikmalariga mas’ul bo‘lgan maktab maslahatchisidan ekan. U bizni Amerikaga kelganimiz bilan tabriklab, 31-oktabr soat 7.30 ga biz va shu maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari bilan uchrashuv tayinlanganini, agar uchrashuv vaqti bizga to‘g‘ri kelmasa, o‘zimizga qulay vaqtni taklif etishimiz mumkinligini ma’lum qildi. Vaqt bizga ma’qul bo‘lgani uchun, uchrashuvga yetib boramiz, deb javob yozdik.
Belgilangan vaqtdan yarim soat kechikib bordik.
Eshik oldidagi xodima muddaomizni bilgach, ratsiyada kim bilandir gaplashdi. Zum o‘tmay, o‘rta yoshlardagi ayol shoshib yetib keldi. U bizga 10 daqiqa eshik oldida kutib turganini, qoramiz ko‘rinmagach, bugun kelishmaydi, degan xayolda yuqoriga chiqib ketganini aytib, qayta-qayta uzr so‘radi (garchi ayb bizda bo‘lsa ham).
U bizni, adashmasam, o‘zimizning tilda aytganda “zavuch”ning huzuriga boshlab bordi. “Zavuch” xonim, kabinetiga kirishimiz bilan, bizni ming yillik qadrdonini ko‘rgandek, o‘ta xursandchilik bilan kutib oldi. Keyin suhbatimizning rasmiy qismi boshlandi. U o‘g‘limizning maktabdagi muvaffaqiyatlari, yutuqlari, qiziqishlari haqida batafsil so‘radi. Bu farzandingiz maktabimizda yaxshi ta’lim olishi uchun nihoyatda muhim, deb qo‘ydi.
Suhbatning yanada muhim qismi keldi. O‘g‘lim va bizdan qaysi fanlardan ta’lim olishni istaysiz, deb so‘radi. Tushunyapsizmi, qaysi fanlardan o‘qishni o‘quvchi, keyin ota-ona tanlarkan!!! Istisno bor, dedi: faqat Amerika tarixi fani bilan jismoniy tarbiya majburan o‘qitilarkan. O‘g‘lim ingliz tili, algebra, astronomiyani tanladi. Bo‘ldi, faqat shu fanlar o‘qitilarkan, zarurat tug‘ilsa, o‘g‘lim o‘ziga yoqqan boshqa fanlarni kelgusi oydan qo‘shtirishi mumkin ekan.
Mendan o‘g‘lingiz shu fanlardan ta’lim olishiga rozimisiz, deb so‘radi. Roziman, dedim. Faqat... maslahatchi-tarjimonga ilinj bilan qarab: “o‘g‘lim ayol-erkak munosabatlari haqidagi fandan ta’lim olishini istamayman”, dedim. U savolimdan ajablandi, “zavuch” undan battar ajablanib, bizda unaqa fan yo‘q-ku, dedi. Tushundimki, eshitganlarimiz hammasi haqiqat bo‘lavermaydi.
“Zavuch”ning gapi: maktabda o‘quvchining ta’lim olishi to‘liq davlat hisobidan. Faqat tushlik pullik, e’tiqodingizdan kelib chiqib ovqatlanaverasiz. Agarda siz farzandingizning tushlik puliga qiynalsangiz, bu xarajatni ham davlat o‘z zimmasiga oladi. Bolangizning maktabga kelishi, uyga olib borib qo‘yish maxsus yo‘nalishdagi avtobus orqali amalga oshiriladi, bu ham bepul...
Bu orada qayergadir chiqib ketgan maslahatchi qo‘lida bir to‘p narsa bilan qaytib keldi: ikkita daftar, qora, ko‘k rangli ruchka, qaychi, noutbuk. O‘g‘lingiz uchun kunlik kerak bo‘ladigan o‘quv qurollari, dedi. Kitoblar-chi, deb so‘radim. “Zavuch” bu so‘rovimdan ajablandi, keyin hamma darsliklar mana bu noutbukda, kerakli adabiyotlar kamlik qilsa, AQSHning istalgan kutubxonasidan onlayn tarzda shu noutbuk orqali foydalanishi mumkin, dedi.
Eng muhimi: hamma biladi, AQSHda o‘zbek diasporasi unchalik katta emas, lekin suhbatimiz yakunida “zavuch” ayrim hujjatlarga qo‘l qo‘yishingiz kerak, dedi. Maslahatchi bir to‘p qog‘ozni qo‘limga tutqazdi. Angrayib qoldim, ular o‘zbek tilida edi. Uyga kelib, hijjalab o‘qib chiqdim, na imloviy, na stilistik xato bor, bu gugldan emas, professional tarjimondan taqdim qilingan ish edi.
O‘rni kelganda: millionlab o‘zbek muhojirlari yashayotgan Rossiyada shunday sharoit yaratiladimi?! Hech
qachon!
...Bugun o‘g‘lim maktabdan hayajonlanib keldi. “Dada, Amerika tarixi sinfiga kirdik, juda katta sinf ekan, ko‘plab davlatlar qatori, Samarqandning, Registonning rasmi tushirilgan “UZBEKISTAN” degan bannerni ko‘rib, badanim jimirlab ketdi!” …
Dilshod ISLOMOV