Aks-sado Yoxud "Direktor meni urdi" maqolasiga fikrim
Aks-sado
Yoxud "Direktor meni urdi" maqolasiga fikrim
http://marifat.uz sayti hamda https://t.me/marifatziyo kanalida "Direktor meni urdi" maqolasi chop etilgandi. Chunki atrofimizdagi bu kabi holatlarga e'tiborsizlik bilan qarash hech qachon yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi. Bir qaraganda kimlar uchundir ahamiyatsiz bo'lgan maktabdagi zo'ravonlik, ur-kaltaklar men uchun fojiaga teng.
Darhaqiqat, zo'ravonlik, mushtumzo'rlik, adolatsizlik hukm surgan muhitda tarbiya topgan yoshlar ertaga kim bo'lib yetishishi mumkin? Taqdir so'qmoqlarida xatolardan, ishonchsizliklardan gangib qolmasmikan?
Musiqa muallimi - Ziroatxonni urgan Feruza Isroilova, maktabga ilm va tarbiya istab kelgan o'quvchilarni urmaydimi? Ularga ham o'zining sovuq kayfiyatini yuqtirmaydimi? Oilada muammo bo'lsin, turmushida qandaydir kamchilik bo'lsin, "pedagogman" degan har bir shaxs har qanday vaziyatda ham o'z hissiyotlarini jilovlay olishi kerak nazarimda. Chunki, direktor yoki oddiy muallim shaxsiy muammolar va mayda-chuyda masalalarini o'quvchilarning ta'lim olishiga, to'siq qilishi, ularning tarbiyasi borasida nostandart yondashishi kechirilmas holdir. Ularning bunga aslo haqqi yo'q.
Gezataning o'tgan sonlarida muallifning maqolasi mazmunida mening ham maqolam chiqqandi. Unda ham aynan mushtumzo'r o'qituvchilar haqida yozgandim. Umuman, eski tartibdagi o'qitish uslubi, to'g'rirog'i, eti sizniki, suyagi bizniki degan aqida ilmda zo'ravonlik degan metoddan foydalanish qachon barham topadi? Ta'limdagi bunday illatlarni tomiri bilan sug'urib olishning ilojisi bormi?
"Ma'rifat" gazetasining yana bir sonida O'zbekiston Xalq banki metodologiya ishlarini muvofiqlashtirish boshqarmasi bosh mutaxassisi Alisher aka Toirovning "Unutilmas baho" maqolasini o'qib, muallifga juda havasim keldi. Shuningdek, maqola muallifining lavozimini aynan aytib o'tishimning sababi- Alisher Toirovning shunday yuksak martabalarga erishishiga aynan o'tkir aqli va nazokatli odobi bilan barcha ustozlarga o'rnak bo'la oladigan murabbiylari sababchi ekanligini ta'kidlamoqchiman. Bunday ustozlarga qancha olqishlar yog'dirsak ham kam.
Ammo shu bilan bir qatorda Feruza Isroilova kabi ustozlarning qilmishlarini hech qachon oqlamayman. Zero, ta'limda mushtumzo'rlik, adolatsizlik, ko'zbo'yamachilik bo'lmasligi kerak.
Men bitirgan Yakkabog' tumani, 13- maktabining o'qituvchilari: Muhammadiyeva Muhabbat, Ro'ziyeva Maqsuda, Egamberdiyev Mansurlarni xotiramdagi qora ro'yxatdan o'chirib tashlay olmayman. Chunki ular tarbiya va mushtumzo'rlik, qo'pollik bobida o'taketgan uddaburondirlar. Bu ustozlarimga nisbatan qalbimda adovat bo'lmasa-da, ulardan yuragimda qolgan alamzadalik meni hech qachon tark etmaydi.
Shunday ekan, har bir ustoz ta'lim - tarbiya bobida, yoshlarning bilim olishi bobida bugungi zamon talablariga javob berishsinlar. Shunda biz yoshlar ham ustozlar ishonchini albatta oqlaymiz!