Aks sado zarur
Matbuot organlari, xususan, gazeta mamlakat va millat madaniyati va ma’rifatining ajralmas bir qismi hisoblanadi. U qanchalik uzoq tarixga ega bo‘lsa, shunchalik an’analarga boy va shu qadar xalq ongiga singgan bo‘ladi. Mening yoshim hozir yetmishda. Esimni tanib, gazeta-jurnal o‘qiydigan bo‘libmanki, “O‘qituvchilar gazetasi” deb ataladigan gazetani o‘qiganman. Unda chop etiladigan turli-tuman maqolalardagi foydali fikrlardan bahramand bo‘lganman. Keyinchalik gazeta o‘z mazmun-mohiyatiga mos ravishda “Ma’rifat” deb atala boshladi hamda shu kungacha o‘z zimmasidagi vazifani sharaf bilan uddalab kelmoqda.
Avvallari bu gazetada ko‘p ishtirok etganman, deya olmayman. Faqat 1995- yil ardoqli shoiramiz Zulfiya tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlab, opamiz u paytda hayot edilar, u kishining “Bahor keldi seni so‘roqlab” nomli she’ri tahlil etilgan “Azizdan azizim” degan maqolam bosilgan. Keyinchalik, 2015- yildan boshlab gazetada deyarli muntazam chiqib kelmoqdaman. Menga gazetaning tahliliy usuli, ko‘tarayotgan masalaga prinsipial munosabati hamda keskin tanqidiy yo‘nalishi yoqadi. Gazeta tahririyati va bosh muharrir keskin hayotiy va ilmiy muammolar qo‘yilgan maqolalarni qadrlaydi va chop
etishdan hayiqmaydi.
Prezidentmiz Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida Yangi O‘zbekistonni dunyoning rivojlangan mamlakatlari safiga qo‘shish, mintaqamizda yuz ko‘rsatgan ikki Uyg‘onishdan keyingi uchinchi Renessansga poydevor qo‘yish jarayonida “Ma’rifat” gazetasining shunday xatti-harakati va intilishi nihoyatda muhim. Chunki tanqid bor joyda taraqqiyot bor, olg‘a siljish bor.
Lekin masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Tanqid qachon yaxshi, agar unga aks-sado bo‘lsa. Aytilgan tanqidiy fikrlar saragi sarakka, puchagi puchakka ajratilib, haqqoniylari amalga oshsa, o‘pirilgan bir joy tuzatilsa. Agar tanqidiy maqolalar yozilib, chop etilsa-yu, unga birov nima deyapsan demasa, mutasaddi tashkilotlar tanqid qilingan masalalar bo‘yicha chora ko‘rmasa... Bu endi juda yomon, va hatto davlatchiligimiz uchun xavfli holat.
“Ma’rifat” gazetasi mas’ul bo‘lgan soha – Xalq ta’limi va oliy ta’lim hamisha ham muammolarga serob bo‘lgan, ularni oqilona hal qilish esa taraqqiyotga yo‘l ochishi shoyon haqiqat. Buning ustiga ushbu sohalar yosh avlod tarbiyasi va ilm olishiga bevosita daxldor. Bu boradagi uchraydigan muammolarni muvaffaqiyatli yechish uchun tanqid va o‘z-o‘zini tanqid suv va havodek zarurdir.
Do‘st achitib gapiradi, dushman kuldirib, degan purmazmun maqolimiz bor. Kimdir, nimadir tanqid ostiga olinar, nimadir nobop amal haqida kuyunchaklik bilan gapirilar ekan uning orqasida muqarrar ezgu maqsad yotadi. Ushbu ezgu maqsadni anglamaslik, unga e’tibor bermaslik, bu kamida isrofgarchilikdir. O‘zini tuzatmoqchi, shu bilan olg‘a ketmoqchi bo‘lgan jamiyat tanqid kabi dori va malhamdan foydalanmasligi mumkin emas. Hozircha bizda buning aksi bo‘lmoqda, vaziyatni o‘nglashga qaratilgan chiqish va murojaatlar mutasaddi tashkilotlar tomonidan e’tiborsiz qoldirilmoqda. Gazetaning 2021-yil 23-iyun sonida “Murojaatlar javobsiz qolmoqda, qachon uyg‘onasiz, mutasaddilar!” degan katta maqola ayni shunday
noxush holat haqida bong uradi. Unda yozilishicha. “Ajablanarlisi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga jo‘natilgan 9 ta murojaatga hali ham javob qaytarilmadi”. Ma’lumki, “mutasaddi” biror ishni boshqarish uchun tayinlangan kishi yoki tashkilotni anglatadi. Tabiiyki, bu kishi yoki tashkilot davlatga tegishli, davlat tomonidan tayinlangan bo‘ladi. Shunday ekan, matbuot organi tomonidan yuborilgan murojaatga javob bermaslik, davlat tomonidan o‘rnatilgan qonun-qoidalarga rioya etmaslik emasmi?
Bunday noxush holga Respublika Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi e’tibor qaratib, murojaat-javob tizimini aniq yo‘lga qo‘yishi lozim. Davlatchilik qonun-qoidalari shuni talab qiladi.
Tabiatda aks-sado hodisasi mavjud bo‘lib, u tovushning uzoqdagi to‘siqqa urilib, undan qaytib eshitilishini bildiradi. Sado bo‘lsa-yu, uning qaytishi bo‘lmasa, aks-sado hosil bo‘lmaydi. Jamiyatdagi taraqqiyot yolg‘iz sado bilan emas, aks sado bilan qoim. Sadoga aks sado bo‘lsin. Shunda amaliy natija ham bo‘ladi.
So‘zim adog‘ida sevimli gazetamiz “Ma’rifat”ga uzoq umr hamda hozirgidek jangovar ruh tilayman. Chin ma’rifat osonlikcha erishilmaydi.
Suvon MЕLI,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi,
filologiya fanlari doktori