Aktyorlikdan so‘ng kitobxonlik boshlanadi
Geymifikatsiya bu fanlarni o‘yin orqali o‘rganishdir. Bunday metodlarni har bir fanda qo‘llash mumkin. Jumladan, boshlang‘ich sinflarda o‘qish darslarida sinfdan tashqari o‘qish, ertak va hikoya mavzularida qo‘g‘irchoq teatridan foydalanish juda yaxshi samara beradi. Zero zamonaviy bolalarni kitobga qaytarish, badiiy adabiyotga yo‘naltirish, telefon va internetdan chalg‘itib o‘qishga qaytarish butun dunyoda dolzarb muammolardan biridir.
O‘qish darslarida o‘quvchilarning o‘qish tezligi, tinish belgilarga rioya qilib ifodali va ravon o‘qishlari biz boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining eng oliy maqsadimizdir. Ammo, hamma o‘quvchi ham xuddi biz kutgandek o‘qiy olmaydi. Yoki o‘qishni xohlamaydi. Bunday o‘quvchilarda geymifikatsiya metodlari yordamida ifodali o‘qishga o‘rgatish mumkin.
Ma’lumki, 1-sinfdan 4-sinfgacha “O‘qish” darsliklarida o‘zbek va qardosh xalq, chet el ertaklari, o‘zbek va chet el yozuvchilarining asarlaridan parchalar, hikoyalar va sinfdan tashqari o‘qish darslari berilgan. Yuqorida sanalgan barcha mavzular yuzasidan kichik-kichik qo‘g‘irchoq spektakllari sahnalashtirish mumkin. Bunda kerakli qahramonlar obrazini yaratib berish uchun o‘quvchilarga rollar bo‘lib beriladi. Bu qahramonlarni gavdalantirish uchun detallarni o‘quvchilar o‘zlari yasab olishlari mumkin. Bunga katta harajat ham kerak bo‘lmaydi. Faqat mehnat qilish kifoya. O‘quvchilarga “Mavzuni o‘qib keling!” degan topshiriqdan ko‘ra “Shu qahramon sizniki, bu rolni qoyilmaqom qilib o‘ynash uchun qaysi obrazlardan keyin va qayerlarda gapirishingizni o‘rganib keling, bu qahramonning tabiati qanday, o‘zini qanday tutishi kerak? Shularga ham e’tibor bering” deyish kifoya. Bunday ishonchga ega bo‘lgan o‘quvchi vazifani qiziqib, sidqidildan bajaradi. Buni o‘zimning ish tajribamda sinaganman. Natija esa ko‘ngildagidek bo‘lgan deb ishonch bilan ayta olaman.
Ushbu jarayonda o‘quvchilarning faolligi oshishi bilan bir qatorda bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilarning yashirin iqtidori, nutqida nuqsoni bor o‘quvchilarning rolni o‘ynash asnosida hech qanday nuqsonsiz gapira olishiga bo‘lgan
ishonchi ortishi, ularda ko‘p kitob o‘qish natijasida bu nuqsonning yo‘qolishi (chunki, duduqlanib gapiradigan bolalar ko‘p hollarda: she’r aytish, mutolaa qilish, biron tadbirda rol o‘ynash jarayonlarida duduqlanmaydilar), sinfdan tashqari o‘qish darslarida esa o‘quvchilarning badiiy kitobni o‘zi izlab, ishtiyoq bilan o‘qishiga undaydi. Sinfdan tashqari o‘qish darslarida har bir guruhga turlicha mavzu berish kerak. Shunda sinf o‘quvchilari bir emas balki, bir nechta mavzu haqida ma’lumotga ega bo‘ladilar. O‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun shu tayyorlangan spektakllarni shanba kunlari maktab zallarida boshqa o‘quvchilar oldida qo‘yib berish orqali esa o‘quvchilarning o‘zlariga bo‘lgan ishonchlari yanada ortadi.
Zebo YUSUPBAYEVA,
Ellikqal’a tumanidagi 12-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi