BOTULIZM TOKSINLARI
Botulizm aslida kasallik holati bo‘lib, asosan uy sharoitida tayyorlangan sabzavot marinadlarini (tuzlamalarni) iste’mol qilish oqibatida kelib chiqadi.
Ko‘pincha dalada sabzavotlarning, masalan, bodring, pomidor, baqlajon singarilarning band qismiga tuproq orqali botulizm sporalari joylashib olgan tushgan bo‘ladi. Sabzavotlar konservalangandan keyin idish ichidagi havosiz muhitda ana shu sporalar o‘zidan botulotoksin ajratib chiqaradi. Botulizm kasalligini aynan shu toksinlar keltirib chiqaradi.
Botulizm toksini ichakda tez so‘riladi, qonga o‘tadi va butun organizmga tarqalib asosan, markaziy hamda vegetativ nerv tizimini shikastlaydi.
Toksinli marinad (tuzlama) iste’mol qilingandan 12-24 soat o‘tgach kasallik to‘satdan boshlanadi. Botulizmning ilk alomatlari bemorlarda quyidagicha namoyon bo‘ladi:
- umumiy darmonsizlik;
- lanjlik;
- ko‘ngil aynashi, qusish;
- og‘iz qurishi;
- oshqozonda og‘riq.
Bir kecha-kunduz ichida botulizmga xos nevrologik alomatlar ham paydo bo‘ladi. Ko‘z oldi xiralashgan bemor buyumlarni aniq ko‘rolmaydi, ba’zan narsalar ko‘ziga ikkita bo‘lib ko‘rinadi (diplopiya). Bemorda nevrologik belgilar quyidagicha kechadi:
- qovoqlar osilib, ko‘zni ochish qiyinlashadi;
- ko‘z qorachiqlarining kengligi o‘zgaradi va soqqalarining harakati buziladi;
- ovqat yutish qiyinlashadi;
- tovush bo‘g‘ilishi yoki pasayishi mumkin;
- manqalanish, dimoqda gapirish holati kuzatiladi;
- yutish faoliyati buzilganligi sababi aksariyat hollarda bemor ichgan suyuqlik burnidan oqib chiqa boshlaydi.
Botulizm kasalligining xilma-xil simptomlari (belgilari) ko‘pincha bemorni turli soha vrachlariga (masalan nevropatolog, okulist, otorinolaringolog, terapevt va boshqalarga) murojaat etishiga sabab bo‘ladi. Bu holat esa kasallikni o‘z vaqtida aniqlanmasdan qolishiga olib keladi.
Botulizm alomatlari sezilishi bilanoq shifokorni uyga chaqirish zarur. “Tez yordam” kelguncha, bemorda yutish faoliyati buzilmagan bo‘lsa, unga qaynatilgan suvni iliq holida ichirish yoki 2-3 litr iliq suv bilan huqna (klizma) qilish mumkin. Bu bemor ahvolini biroz yengillashtiradi.
Bemor imkon qadar tezroq shifoxonaga yetkazilishi zarur. Chunki kasallik mikroblarining zahari dastlab qonga o‘tadi, keyin ular to‘qimalar sari shiddat bilan harakatlanadi.
Davolash kechiktirilsa og‘ir asoratlar (masalan, qon-tomir va nafas yetishmovchiligi, zotiljam, miokardit singarilar) ro‘y berishi, hatto bemor hayotdan ko‘z yumishi ham mumkin.
Uy sharoitida tayyorlangan sabzavotlar, masalan bodring, pomidor va boshqa shu singarilarni iste’mol qilishdan oldin ularni sinchiklab ko‘zdan kechiring. Idish qopqog‘i ko‘tarilgan, ichidagi suyuqlik xira yoki tuzlamaning ta’mi o‘zgargan holatlarda ularni iste’mol qilmang.
Sifatli termo ishlovdan o‘tkazilgan marinadlarni savdo shahobchalaridan xarid qilganingiz ma’qul.
Murod YULDASHEV, Turkiston YOXTTEB mutaxassisi, katta serjant.