“Bahongizni o‘zgartirmang, men esa orzularimni!”
Dadasining ishi sababli bolaning boshlang‘ich maktabi tez-tez o‘zgarib turardi. 6-sinfda o‘qiyotganida o‘qituvchisi o‘quvchilarga kelajakda kim bo‘lishni istashlari haqida insho yozib kelishni topshirdi. Bola tun bo‘yi o‘tirib, qachondir, kunlarning birida ot fermasining egasi bo‘lmoqchi ekani haqida 7 sahifalik insho yozdi. Orzu-xayollarini ikir-chikirlarigacha bayon qildi. Hatto ikki yuz gektarlik fermasining xayolidagi chizmasini ham chizdi. Unda binolar, oxurlar va yugurish yo‘llarining joylarini ko‘rsatdi. 200 gektar yerdan joy oladigan 1000 kv metrlik uyning rejasini ham qo‘shib qo‘ydi. Ertasi kuni o‘qituvchisiga bergan 7 sahifalik uy vazifasi go‘yoki yuragidan chiqqan ovozdek edi...
Ikki kundan keyin o‘qituvchi insho daftarlarini tarqatdi. Bola daftarini hayajon bilan ochib qaradi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, inshosining tagida qizil ruchka bilan katta qilib “ 0” va “Darsdan keyin yonimga kel” deb yozilgandi. Darsdan so‘ng o‘quvchi o‘qituvchisidan nima uchun “nol” baho qo‘yganini so‘radi.
“Bu sening yoshingdagi bola uchun haqiqatga mos kelmaydigan bir xayol”, dedi o‘qituvchi.
“Puling yo‘q, ko‘chib yuradigan bir oiladansan, boyligingiz ham yo‘q. Ot fermasini qurish uchun katta miqdorda pul kerak. Avval yer olishing lozim. Yilqilar ham olishing kerak. Buni uddalay olishing imkonsiz. Agar bu vazifani oldingga aniq maqsad qo‘yib, so‘ngra qaytadan yozsang, ana shundan keyin men ham bahongni qayta ko‘rib chiqaman”, deya davom ettirdi o‘qituvchi.
Bola uyiga qaytdi va uzoq-uzoq o‘yladi. Dadasidan maslahat so‘radi. Dadasi: “O‘g‘lim, bu masalada qarorni o‘zing berishing kerak. Bu sening hayoting uchun o‘ta muhim tanlov”, dedi. Bola yana bir haftaga yaqin o‘ylab ko‘rgandan keyin, inshosiga hech qanday o‘zgarish kiritmasdan o‘qituvchisiga olib keldi va dedi:
“Siz qo‘ygan bahongizni o‘zgartirmang, men esa orzularimni!”
Usmonli turkchasidan
Zamira YUSUPOVA tarjimasi.