Baxti qaro ng
“Yangi alifbo loyihasi”ning muhokama muddati cho‘zilgani yaxshi bo‘ldi. Chunki bu ulkan va muhim masala bo‘lib, alifboning milliy til tabiatiga, tovush tizimiga imkon qadar mutanosib bo‘lishi nafaqat ona tilimiz, balki ona Vatanimiz taraqqiyotida ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu – mubolag‘a emas. Odamlarimiz chiroyli gapirishi, har bir so‘z va tovushni to‘g‘ri, aniq talaffuz qilishi yangi taraqqiyot bosqichiga kirgan mamlakatimizning ruhiy-ma’naviy iqlimiga ijobiy, xayrli ta’sir o‘tkazishi tayin. Pala-partish so‘zlash, xom-xatala yozish, agar bu epidemiya darajasiga chiqsa, hech qachon yaxshilikka olib kelmaydi. Hech qachon ezgu natija bermaydi.
Mintaqamizda ro‘y bergan birinchi Renessans ijodkorlaridan biri, buyuk faylasuf bobomiz Abu Nasr Forobiy qomusiy olim sifatida o‘zining “Kitab marobit al-ulum” (“Fanlarning kelib chiqishi”) asarida tovush ilmi haqida fikr yuritib, yozadi:
“Bu ilm shu ma’noda foydaliki, u muvozanatini yo‘qotganlarning xulq-atvorini tartibga soladi, komillikka erishmaganlarni komillikka yetaklaydi va muvozanatda bo‘lganlarni muvozanatda tutib turadi. Bu ilm tana sog‘lomligi uchun ham foydali, chunki tana bemor bo‘lganda qalb ham shikastlanadi, tana to‘siqqa uchraganda qalb ham to‘siqqa uchraydi. Binobarin, qalb shifo topgani kabi tana ham shifo topadi, qalbning quvvati shunday harakat sodir etuvchi tovushlar sharofati bilan muvozanatlashadi, ham javharga moslashadi”.
Agar e’tibor berilsa, buyuk alloma tovushlar hamda u haqdagi ilmni qalb javhari, substansiya bilan bog‘lamoqda. Bundan yana shunday ma’no chiqadiki, tilda muayyan tovushning buzilishi, noto‘g‘ri talaffuz etilishi milliy qalb javhariga shikast yetkazishi mumkin. Ma’lumki, yangi davrdagi o‘zbek tilshunosligi, jadid bobolarimizning qisqa faoliyatini aytmaganda, asosan sovet davrida shakllandi. O‘sha davrda qabul qilingan talay imloviy va fonetik qoidalarda sovet mafkurasining zararli izlari yaqqol seziladi. Milliy tovushimiz “ng” (hozircha shunday yozishga majburmiz) uchun ikki harf olinishi bekorga, tasodifiy qilingan deysizmi? Yo‘q. Ona tilimizni imkon qadar buzish, katta og‘alar tiliga o‘rin bo‘shatish zarur edi. Nahotki, shu mash’um xatoni istiqlol davrida bilib turib takrorlasak?!
Yaqinda shu tovush haqida bir tilshunos bilan gaplashib qoldim. U “ng” uchun ikki harf olish tarafdori ekanligi, agar bir harf olinsa qo‘pol xato bo‘lishini qat’iyat bilan aytib, o‘z “dalil”larini keltirar ediki, ular oldida ikki harfli “ng”ning amaliyotdagi buzg‘unchiligi go‘yo hech gap emasdek...
Tilshunoslik ilmi va til siyosati vatanparvarlikni talab qiladi. Prezidentimiz katta umidlar bilan tashkil qilgan Davlat tilini rivojlantirish departamenti va “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini tayyorlaydigan ishchi guruhi boshida vatanparvar tilshunoslar turishi lozim. Men bu bilan ular vatanparvar emas, deyishdan yiroqman. Lekin ularning xatti-harakati, amaliy ish faoliyati ko‘p narsani belgilaydi. Xulosa chiqarishga imkon beradi.
Zero, til ham Vatandir, Vatanning ulug‘ uzvidir.
Keskinligim uchun kechirim so‘rab, aytamanki, “ng” tovushi uchun ikki harf olish kerak deguvchilarning “dalil”lari mutlaqo ilmiy asosga ega emas. Qator qardosh turkiy xalqlar ushbu tovush uchun bir harf
olishgan va bu bilan osmon uzilib yerga tushgan emas. Faqat yaxshi bo‘lgan, xolos.
Ishchi guruh “ng” tovushi uchun bir harf olish tarafdorlarining fikrini inobatga olishi zarur. Bu, nafaqat ilmiy-amaliy, balki umummilliy masala. Qolaversa, falsafiy masala.
Mumtoz romanimiz “O‘tkan kunlar”da shunday bir sahna bor. Toshkentda xonlikka qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarilgach, Toshkent hukmdori Azizbekning yaqin odami bo‘lgan Yusufbek hojining o‘g‘li Otabek Qo‘qonda buzg‘unchilikda ayblanib, “xonning yonidag‘i xoqon” Musulmonqulga ro‘baro‘ kelganda, uning savollariga javob berishdan ko‘ra sukutni afzal ko‘radi:
“Chindan ham Musulmonqul bu sukutdan tahqirlandi, tutuni ko‘kka ko‘tarilar ekan baqirdi:
– Nega javob bermaysan?!
– Siz meni qanday tanig‘an bo‘lsangiz – bo‘lingiz, men, o‘shandog‘ kishining o‘g‘li, – dedi bek. – Men bilan otam siz bilan qushbegiga bir necha turlik bo‘lib tanilsak-da, o‘z vijdonimiz oldida bir turlikkinadirmiz! Shuning uchun siz tilagan tarafingizga hukm qilingiz-da, buyrug‘ingizni beraveringiz!”.
Bu mashhur lavhani keltirishimizdan maqsad, birinchidan, undagi “ng”larning go‘zal ishtiroki va tarovatini ta’kidlash, ikkinchidan, ishchi guruh a’zolari xuddi Musulmonqul kabi bir harf tarafdorlari fikrini bir chetga surib qo‘yib, o‘zlari tilagan tarafga hukm qilib, buyruqlarini beravermasalar, deymiz.
Milliy tovush bilan o‘ynashib bo‘lmaydi. Yuqorida aytilganidek, tovush ham tirik hodisa. Shunday ekan – baxtiqaro “ng” baxti ochilishini kutmoqda.
Suvon MELI,
filologiya fanlari doktori,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan
madaniyat xodimi