Bola huquqlari xalqaro huquqda qanday himoyalanadi?
Bola huquqlari xalqaro huquqda qanday himoyalanadi?
Mamlakatimizda bola huquqlarining himoya qilinishida xalqaro hujjatlarning qoidalariga alohida eʼtibor berib kelinmoqda.
Jumladan, BMTning universal standartlari sifatida tan olingan deklaratsiya va konvensiyalari, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt kabi universal hujjatlar kiradi.
Ularda bayon etilgan huquqlar barcha insonlar kabi bolalarga ham taalluqlidir. Deklaratsiya va paktlarda bola huquqlari va manfaatlariga bevosita daxldor barcha qoidalar oʻrin olgan.
Bola huquqlariga doir koʻpgina xalqaro-huquqiy normalar milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilingan. 1992-yil 9-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi qoʻshilgan ilk xalqaro huquqiy hujjatlardan biri ham – BMT tomonidan 1989-yil 20-noyabrda qabul qilingan Bola huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiya boʻldi.
Bola huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiya normalari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunlari va boshqa huquqiy hujjatlarida oʻz aksini topgan.
Bola huquqlari bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan alohida ijtimoiy guruhlar huquqlarini tartibga soluvchi xalqaro shartnomalarga qurolli mojarolar davrida aholini shu jumladan bolalarni himoya qilishga qaratilgan 1949-yildagi IV Jeneva konvensiyasi va 1977-yildagi I-II Qoʻshimcha protokol; 1974-yildagi Favqulodda holatlar va qurolli mojarolar davrida ayollar va bolalarni himoya qilish toʻgʻrisidagi deklaratsiyani misol sifatida koʻrsatish mumkin.
BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan yuvenal yustitsiyaga oid hujjatlar ham muhimdir.
Darhaqiqat, dunyoda oilada bolalarga nisbatan ishlatiladigan zoʻrovonliklarni oldini olishda ham bir qator mamlakatlar bolalar ishlari boʻyicha ombudsman yoki komissarlik institutlarini taʼsis etilgan. Ilk Ombudsman lavozimi Norvegiyada 1981-yil taʼsis etilgan. Bundan tashqari, Bolalar ishlari boʻyicha Ombudsmanning mavjudligi jamiyatda bolalar muammolariga berilayotgan eʼtibor koʻrsatkichi hisoblanadi hamda ularni oʻz shaxsiy huquqlariga ega shaxs sifatida ijtimoiy ahamiyatini tasdiqlaydi va aynan shunday munosabatdan bolalarni huquqlarini hurmat qilish jarayoni boshlanadi.
Xulosa qiladigan boʻlsak, bola huquqlarini xalqaro-huquqiy va milliy-huquqiy normalar doirasida taʼminlashiga eʼtiborni yanada kuchaytirish lozim. Shuningdek, bola huquqlari haqidagi xalqaro-huquqiy va milliy-huquqiy normalar, prinsiplar va standartlarni jamiyat ijtimoiy ongiga, davlat organlari va jamoat tashkilotlarining vakillari ongiga singdirish, ularga rioya etish koʻnikmalarini shakllantirish zarurdir.
Azizaxon Allanova,
TDYU Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga qarshi kurashish kafedrasi dotsenti