Bolaga kitob bering
Bolaga kitob bering
Mamlakatimizda kitobxonlik davlat siyosati darajasiga ko‘tarilayapti. Bundan ijodkor sifatida quvonayapmiz, fidoyI o‘zini ko‘rsatgan kitobxonlarga rag‘batlantirish, e’tibor bo‘layotgani yanada quvonarli. Aslida kitobga oshno bo‘lish, kitobdan zavqlanish ham o‘zbek xalqiga mos fazilat. Yaqinda “Yoshlar ovozi “ gazetasi ijodkorlari “Yosh kitobxon” tanlovining bir necha yosh toifasidagi g‘oliblari suratini va 2022-yilgi bosqichlarda foydalaniladigan adabiyotlar ro‘yxatini e’lon qildi. Unda 54 kitob va ularning mualliflari, beshta ilmiy ommabop adabiyotlar ro‘yxati va “Yoshlik” adabiy jurnalining shu yilgi sonlarini tanlov ishtirokchilari foydalanishlari uchun tavsiya etilgan. Umuman, kitobxonlik tanlovlari ham takomillashib boryapti. Bundan bir necha yillar ilgari Qo‘shrabodlik ajoyib murabbiy, marhum ustoz, ”Ma’rifat” gazetasining doimiy faol mualliflaridan Shodiyor To‘rayev esa bugungi zamonaviy kitobxon o‘qishi zarur bo‘lgan 100 kitob ro‘yxatini matbuotda tavsiya sifatida e’lon qilgan edi.
Ammo, ko‘pchilik bolakaylarimiz, ilk maktabga borgan bola, o‘smir, keyinroq balog‘at ostonasiga qadam qo‘yayotgan kitobxonlarning o‘qishi shart bo‘lgn kitoblar to‘g‘risida kam qayg‘urayapmiz. Bizningcha, tanlovlar takomillashib borar ekan, uning talablariga mos kitobxonlik darajasini belgilaydigan mezon, yoshga doir kitoblar, o‘qilishi, mavzu mazmuni shakllantriladi. Bu hayot ehtiyoji hamdir.
— Bolalarni kitobxonlikka jalb etuvchi tadbirlarimiz mavzusi ancha keng, deydi Samarqand viloyati bolallar kutubxonasi direktori Yusuf Muhammadiyev. Ayni vaqtda kutubxonamizda 130 ming kitob fondi bo‘lib, shundan 9604 dona bosma kitob va qolganlari zamonaviy audio kitoblardan iborat. O‘quvchilarni kitobga jalb etishda bolalar o‘rtasida “Eng yaxshi kitobxon o‘quvchi,” Yilning eng iste’dodli yosh kitobxoni”, ”Men sevgan adabiy qahramon”, shoir va yozuvchilarning tavallud sanasiga bag‘ishlangan kitobxonlik tadbirlari, har oyning oxirgi shanbasida esa, namunali kitobxonlarni rag‘batlantrish olib boriladi. Ayniqsa, tadbirlar ko‘lami viloyatning eng uzoq, Paxtachi va Qo‘shrabod tumanlaridagi maktablargacha qamrab olingan. Olib borilayotgan ishlar natijasida sezilarli darajada yoshlarning kitobga qiziqishlari ortayapti. Ammo,bu bilan cheklanmasdan doimiy tarzda o‘quvchi yoshlarni kitobga oshno qilishimiz hayotiy zarurat. Bularning kelgusida ham ma’naviy, ham jismoyeniy barkamolligi uchun zamin hozirlaydi.
Yaqinda kutubxonamizga Qo‘shrabod tumanidan Ne’matilla Nur degan murabbiyning she’rlarini olib kelishdi, deydi direktorning axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘rinbosari Nigora Xudoyberdiyeva. Kitobxonlikning o‘zagi oiladan boshlanadi. Otam va onam o‘qituvchi .Turmush o‘rtog‘im Olim aka quruvchi bo‘lsa-da, ikkalamiz bir o‘g‘il bir qizimizning kitob o‘qishi, ta’limi, o‘zlashtirishiga vaqt topamiz. Ayniqsa, kutubxonamizga qadam ranjida qilgan jajji o‘g‘il-qizlardagi kitobga qiziqish oshayotganini ko‘rib quvonayapmiz. Avvalo, ikki farzandning onasi, qolaversa, kutubxona xizmati xodimi sifatida, har bir ota-onaning farzandlariga kitobxonlik fazilatlarini singdirishlari va ularda kitobga muhabbat uyg‘otishlarini so‘rab qolardim. Zero, kitobga muhabbat qo‘ygan bolada ma’naviyat va ta’lim uyg‘unlashgan ,Vatanga muhabbat, g‘urur va mashaqqatlardan cho‘chimaslik fazilatlari namoyon bo‘ladi.
O‘ljaboy Qarshiyev