Bugungi kun — jadidlar orzusi edi
O‘qituvchi oilasida tug‘ilib o‘sdim. Ota-onam qariyb 40 yil maktabda ta’lim-tarbiya berdi. Hozir oilamizdan 3 opa-singil o‘qituvchimiz. Shu bois muallimlik kasbining zahmati va mas’uliyatini yaxshi his etaman. Esimda, dadam bolalik chog‘larimizda kundalik daftarimizni har kuni tekshirar, yomon baho olsak: “Qizim, nega past baho olding, shunchalik savodsizmisan?” deb koyirdi. Biz uchun oddiygina tanbeh qattiq jazo edi. O‘qishda, odob-axloqda namuna ko‘rsatsak, dadamning yuzi yorishib ketar, bir olam boylik topgandek suyunar, “Balli, qizim, sendan, albatta, yaxshi o‘qituvchi chiqadi”, derdi. Otamizning ana shu rag‘bati o‘zimizga bo‘lgan ishonchni mustahkamlar edi.
Bugun o‘quvchilarimda xuddi dadam qilgani kabi yuksak fazilatlarni kashf etishga harakat qilaman. O‘qituvchi yoshlarni tarbiyalar ekan, uning o‘zi har tomonlama o‘rnak bo‘la oladigan, tarbiyali, madaniyatli, olijanob inson bo‘lishi kerak. U jadal rivojlanib borayotgan zamon bilan shaxdam odimlashi, astoydil o‘qib-o‘rganishi lozim. Bu kasb kelajakni oldindan ko‘ra bilishni taqozo qiladi.
Muallim sifatida o‘z oldimga ma’lum tarbiyaviy maqsadni qo‘yar ekanman, bunga erishish vositalarini oldindan belgilab olishim zarur deb o‘ylayman. Agar bizda ana shu fazilatlar bo‘lmasa, xatoga yo‘l qo‘yamiz. Muallimning esa xato qilishga haqqi yo‘q. Chunki faoliyatimiz inson taqdiri bilan bog‘liq. Mening xatomdan kelajak avlod, butun bir jamiyat ozor chekmasligi kerak!
Kimki o‘qituvchilik kasbini tanlar ekan, o‘z zimmasiga yuksak mas’uliyat oladi. O‘quvchilarimga chuqur bilim berish, ularni hayotga tayyorlashim, mavjud qobiliyatini payqab, uni rivojlantirib borishim eng katta burchimdir.
Ayni kunlarda ta’lim shakli hamda o‘qitish metodlari tubdan o‘zgarmoqda. Yangicha maktab, yangi fanlar, dasturlar, o‘quv qo‘llanmalari yaratilmoqda. Bularni amalga oshirishda yangicha fikrlovchi o‘qituvchi bo‘lishim talab etiladi. 2019–2020-o‘quv yilida maktabimiz kapital ta’mirdan chiqib, yangicha qiyofa kasb etdi. Bunday shinam, yorug‘, barcha moddiy-texnik vositalar bilan ta’minlangan xonalarda bolalarimizning tahsil olishi ko‘pchilikning, ayniqsa, yurtimiz ozodligi yo‘lida kurashgan jadid ota-bobolarimizning orzusi bo‘lgan.
Forobiy “Fozil odamlar shahri” asarida shunday g‘oyani ilgari suradi. Unga ko‘ra, jamiyatning har bir fuqarosi, ya’ni kim bo‘lishidan qat’i nazar, fozil kishi. Fozil inson o‘z davlatining qonun-qoidalarini yaxshi biladi, unga amal qiladi, fikrlaydi, o‘z kasbining ustasi, lozim bo‘lganda Vatani uchun jon fido qiladi. Fozillar shahri aholisi bir-biriga hurmatda bo‘ladi. Ota-ona va farzand, ustoz-u shogird o‘rtasida sharqona nazokat, mehr va ehtirom bo‘ladi.
Avvalo, bunday fikr yuritishning o‘zi bobolarning ma’naviy darajasi naqadar yuksak bo‘lganligini ko‘rsatadi. Va albatta, bunday fikr aytish ko‘p asrlik ma’naviy meroslarni o‘rganish natijasida vujudga keladi. Demak, bizning barkamol avlod tarbiyalash haqidagi niyatimiz uchun ma’naviy asos bor. Shu o‘rinda Mahmudxo‘ja Behbudiyning fikrini keltirmoqchiman: “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur, zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqalarga poymol bo‘lur”.
Hademay yurtimizning barcha go‘shasi — shahar-u qishloqlar, mahalla-yu ovullarida ozodlik va hurlikni tarannum etuvchi qo‘shiqlar yangraydi. Yurtimizdagi barcha ta’lim muassasalari o‘quvchilari esa bu kunni qo‘shaloq bayram sifatida tantana qilishadi. Yangi o‘quv yilini bayramlar bilan kutib olish esa har bir o‘quvchining qalbiga iliqlik berishi tabiiy. Eng ulug‘ va eng aziz bayramni o‘zgacha ruhda nishonlash o‘quvchilar qalbiga muhrlanishi va uzoq yillar xotirasida saqlanib qolishiga xizmat qiladi.
Gulnora YANGIYEVA,
Buxoro shahridagi 16-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi