Chalalardan asrasin...
Chalalardan asrasin...
Ba’zan suhbatlashish uchun o‘zingbop odamni topolmasang, kitobdan yaxshi hamroh yo‘q dunyoda. Chunki u senga borini beradi, sayqallaydi, yo‘g‘ini o‘rgatadi, tarbiyalaydi. Asosiysi, seni eshitadi. Qo‘lsiz, oyoqsiz, tilsiz-zabonsiz jon-joninga kirib boradi... Xotiralaringni ishga soladi, aql murvatingni burab, qotib qolgan joylaringni yog‘lab, sozlab beradi. Inson aql-tafakkuri bilan oliy maqomli bo‘lsa, nafsi-yu balosi bilan tubanga ketadi. Hamisha menga qanday foyda bor ekan, nima nafi tegar ekan degan qotirma o‘y insonni zavolga boshlaydi. Kitobning do‘stligi esa bizga hech kim berolmagan boyliklarni berishidadir. Jahon adabiyoti durdonalariga til tekkizmagan holda agar asar o‘z milliy an’analarimiz, qadriyatlarimiz, ayniqsa shevamiz bilan yo‘g‘rilgan bo‘lsa, yanayam ta’sirchanlik ahamiyati oshadi. Temirpo‘lat Tillayevning “Voris” qissasini o‘qib, bolaligimning bir qismi o‘tgan qishloq hayotiga sho‘ng‘ib ketganday bo‘ldim. Qahramonlar O‘lmas, Asadbek, Shodi lavzalar go‘yo Qamashining Chim qishlog‘ida yashab o‘tgandek. Qishloq bolalari chana uchadigan baland tepaliklar ko‘z oldimda namoyon bo‘ldi. Asarda qashqadaryocha, xususan, Chim qishlog‘ining shevasini o‘qib, “ena jurtim”, deb faxrlanadiganim chimliklar hayot tarzi, shevalari, tabiat manzaralari, ikki chakkasi tut bilan qoplangan, dalaga, daryo yoqasiga olib chiquvchi toshli tuproq yo‘l, sokin va azim daryo bo‘yida qiyqirib o‘ynayotgan qishloq bolalari ko‘z oldimda gavdalanadi. Joy haqidagi yana bir jihat e’tiborni tortadi. “Eh-he, u zamonlarda Qashqadaryo azim daryo edi. Suv yayrab-yayrab, yoyilib oqqan”, deb yozadi muallif. Qashqadaryo desa yetmish ikki tomirim qaqshab, o‘sha muazzam daryo yoqasida, aniqrog‘i, uylari baland tepalikda joylashgan Pirmat hoji bobom, Xudoyqulgovboy bobom, bo‘ylari siriqday, sochlari sunbul kabi, ko‘zlari o‘tdek chaqnab, enamning aytishiga ko‘ra, g‘ayratidan oyog‘idan olov chiqqan Ortiq momom va ularning uyiga qayerdan, qanday kelib, va yana qayerga ketganini hech kim ko‘rmagan va bilmagan “Avliyo-Gʻoyib” bobomiz ziyoratgohi ko‘z oldimga keladi. Bolalikni beg‘ubor deymiz. Biroq bolalarning ham sirli va g‘aroyib dunyolari bor. O‘quvchilarning ijtimoiy ahvoliga qarab baho berishlar, kimgadir ochiqchasiga yon bosishlar, noma’qul tanbehlar-u tahdidlar, o‘qituvchining nafaqat o‘ziga, balki shu kasbda yurgan minglab halol insonlarga nisbatan ishonchsizlik hissini paydo qiladi. Insonning boshqa mavjudotlardan ajratib turadigan bir jihati bor – u ham bo‘lsa, uning ma’naviyatidir, deb yozgan edi atoqli adibimiz O‘tkir Hoshimov. Asarda Chala obrazi, xuddi mana shu odamiylikdan yiroq, hamma narsadan o‘z manfaatini ustun qo‘yadigan, kimdan bo‘lsa ham foydasiga yulgan kunini bayram qiladigan, o‘z qarashlarini tish-tirnog‘i bilan himoya qilgan holida, “g‘olib”ligiga shubha bilan qaraydigan qo‘rqoq bir kishi. O‘zgarishga, yuksalishga intilmagan va bu yo‘ldan bormoqchi bo‘lganlarni ham kalta qaytarishga urinadigan, yo‘q, balki majburlaydigan, jamiyatdan ajralib, o‘zidan boshqani ko‘rmaydigan nobop nusxa. Qissani o‘qir ekanman, inson psixologiyasi qanchalar nozikligi-yu, u bilan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish lozimligiga yana bir karra amin bo‘ldim. Mehrsizlik, bag‘ritoshlik insonni nimaga aylantirishi mumkinligini taxmin qilaman. Asarda ilgarigi davr tasvirlangan bo‘lsa-da, u bugungi kun uchun ham ma’naviy-ma’rifiy, pedagogik, tarbiyaviy, kerak bo‘lsa psixologik jihatdan ahamiyatlidir. Chalani aytmasak ham bo‘ladi. Biroq diplomli, ma’lumotli muallimlarning maktabga, o‘quvchiga va o‘zaro bir-birlariga munosabatlari haqida nima deyish mumkin? Bugun ham maktablarda Mingnorovlarni uchratib qolamiz. Hech bo‘lmasa ularning o‘rinbosarlari saqlanib qolgan. Har qalay “kal echki”, “progulchi” demasayam, “ODAM bo‘lmaysan”, “SENI yo‘qotib yuboraman”, deydigan mingnorovchilar toifasi topiladi. Ham pedagog, ham ruhshunos sifatida shuni ayta olamanki, ota-ona e’tibori, mehr-shafqati, kerak joyda to‘g‘ri berilgan jazosi farzandning kelajagini yaratishda muhim ahamiyatga ega. Ba’zan ota-onalar bilib-bilmay o‘z farzandlaridan “HECH KIM”larni yaratib qo‘yadilar. Ularning ong ostiga “hech kim bo‘lmaysan” kabi so‘zlarni muhrlab qo‘yishadi. Psixologiya fani buni kelajakka tasdiqlash desa, muqaddas dinimiz islom esa yaxshi so‘zga ham, yomon so‘zga ham farishta omin deydi, deb tushuntiradi. Asarni o‘qir ekansan, o‘ta miskin vaziyatda qolib ketgan, chala va shu hayot tarziga majburan ko‘niktirilayotgan yoxud tayyorlab borilayotgan jabrdiyda O‘lmasning kechinmalaridan og‘rinasan kishi. Hali yaqin orada bunday ko‘ngilga yaqin asarni o‘qimadim. Qissani o‘qish davomida O‘lmas bo‘lib chidadik. Sabr qildik, tayoq zarbidan azoblandik, o‘pkamiz to‘lib yig‘ladik va u bilan portladik. Endi izini izlab, yo‘lini poylab qaqshab qolgan Chalaga taskin bermasak-da, unga sabr va shukr tilab, O‘LMAS, BORAR MANZILING YORUGʻ BO‘LSIN, deymiz. Bugun hamma yoqni Chalalar bosib ketdi. Nima ko‘p? Bozor ko‘p. Kiyim-kechak shoh-u gadoga teng. Pulingiz bo‘lsa sotib olaverasiz. OPPOQ ko‘ylak kiyib, galstuk taqib, qo‘lidagi qimmatbaho soati-yu telefoni bilan ko‘zingizni shamg‘alat qilib yurgan Chalalar ko‘p. Ammo suhbatini olib, fikrlashini eshitib ko‘rsangiz, bahosini darhol berasiz. Chunki fikrlaridan bilimsizlik, ma’naviyatsizlikning “hidi” kelib turadi. Ular qimmatbaho ko‘ylagi-yu, zebi-ziynatlari bilan hammani o‘ziga qarataman, deydi. Avval havasingiz kelganday bo‘ladi, ammo so‘zini eshitib, fikrini olganingizdan keyin shunchaki tomoshaqovoq ekanligini anglaysiz. Tomoshaqovoqlarni bilasiz. U yonidan o‘tib qaraydilar, bu yonidan o‘tib qaraydilar, chertib ko‘rsa puk-puk. Bu degani hech narsa yo‘q. Hafsalangiz pir bo‘lib, ketgan vaqtingizga ichingiz achiydi. Albatta, xalqimiz ma’naviyatni, ma’rifatni ulug‘laydigan xalq. Shuning uchun ham kiyimingga qarab kutib oladilar, fikringga qarab kuzatib qo‘yadilar degan dono naql o‘sha donishmand xalqimizning xulosasidir.
Deyarli katta ahamiyatga ega bo‘lmasa-da, aytib o‘tishni joiz deb topdim. Asarda bir xil jumlani bir necha joyda izma-iz uchratasiz. Nazarimda, ularning mazmunini saqlagan holda, so‘zlarni o‘zgartirib keltirish ma’qul bo‘lardi.
Odamzod bamisli ilm, zukko, yetib bo‘lmas hisob va usta musavvirona aql bilan yaratilgan. Uning yaralishi-yu, tugalishi ilmga asoslangan ekan, ilm va ziyo hamisha g‘olibdir. Uni izlaganlar esa hammaga ham nasib qilavermaydigan o‘sha ko‘z ilg‘amas nur, o‘sha yorug‘lik qanotida yuqorilab boraveradi. Yozuvchi Temirpo‘lat Tillayev Chalalardan nafratlanib, O‘lmaslarning sobitqadam bo‘lishini orzulagan va uning o‘zi bilmagan yorug‘likka chiqishini chin dildan istagan, samimiy do‘st, mahoratli, iste’dodli ijodkor sifatida e’tiroflarga munosibdir.
Oyimgul MARDONOVA,
Qamashi tumanidagi
76-maktabning
ijodiy-madaniy masalalar
bo‘yicha targ‘ibotchisi