Charchoqni yenguvchi “terapiya”
Sokin bir yerni makon tutsam... Hech kim bezovta qilmasa... Qo‘l telefoni, odamlar shovqini, hayot tashvishlaridan butkul yiroq bo‘lsam... O‘zim bilan o‘zim qolsam-u, hech kim va hech narsa haqida o‘ylamasam...
Bunday o‘y vaqti-vaqti bilan har birimizning xayolimizdan o‘tishi tabiiy. Zero, hayotda ba’zan shunday damlar bo‘ladiki, ko‘ngil yolg‘izlikni tusaydi. Turli reja-yu tashvishlar, ortga surib bo‘lmaydigan ish va yumushlar, kundalik turmush tarzi — bularning bari ruhiyatimizga ta’sir etib, tushuniksiz toliqish hissini uyg‘otadi.
Insondagi bunday holatga tibbiyotda bugun surunkali charchoq sindromining ilk alomatlari, deya tasnif berilmoqda. Bugungi shiddatkor zamonda muttasil aqliy mehnat bilan shug‘ullanish, mazmunli hordiq chiqarishni o‘ylamaslik, asabiy toliqishlar ko‘p uchrashi tabiiy. Bunday paytda organizm charchoqni deyarli sezmas, oradan biroz vaqt o‘tib, kundalik tashvishlardan tin olgachgina u o‘z kuchini ko‘rsatar ekan. Yana ham aniqrog‘i, o‘ta tez toliqish, lanjlik, mehnat qobiliyati pasayib ketishi, xotira susayishi, uyqusizlik, barmoqlarning titrashi, bosh og‘rig‘i, yurak bezovtaligi, me’da-ichak faoliyati buzilishi, bo‘g‘imlardagi og‘riq, sababsiz vahima hissi surunkali charchoq belgilari hisoblanadi. Shifokorlar bunday holatga beparvo munosabatda bo‘lish organizmning immun tizimi izdan chiqishi, pirovardida turli xastaliklar avj olishiga sabab bo‘lishini qayd etishmoqda. Shu bois surunkali charchoq sindromining oldini olish uchun sog‘lom turmush tarzi qoidalariga qat’iy amal qilish zarur.
Eng avvalo, ovqatlanish ratsioniga alohida e’tibor qaratishimiz kerak. Yog‘li taomlar o‘rniga sarxil meva va sabzavotlar (ayniqsa, o‘rik, qulupnay, baqlajon, bodring, pomidor, limon) hamda ko‘katlar miqdorini oshirish, boshoqli o‘simliklar va turli yormalardan tayyorlangan taomlar, shuningdek, tovuq, baliq, mol go‘shtini ko‘proq iste’mol qilish asab hamda yurak qon-tomir tizimi faoliyatini yaxshilashda muhim o‘rin tutadi. Qahva hamda rangli ichimliklardan ko‘ra ko‘proq sut (issiqligida asal qo‘shib ichilsa yanada yaxshi) va qatiq, sharbat, yalpizchoy, do‘lana, toshcho‘p, arslonquyruq singari o‘simliklar damlamasidan ichish tavsiya etiladi. Chunki kundalik charchoqni bartaraf etishda ularning o‘rni beqiyos. Bundan tashqari, kechki ovqatlanish uyqudan 3-4 soat avval bo‘lishi, tungi uyqu oldidan tashvishli yumushlar haqida umuman o‘ylamaslikka odatlanish kerak.
Shuni unutmaslik lozimki, o‘y-xayol, ruhiy holat sog‘lig‘imizga ijobiy yoki salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy omildir. Masalan, inson fe’l-atvoriga xos bir xususiyat bor. U ham bo‘lsa, kimdandir xafa bo‘lsak, ranjisak, o‘sha odamga ayta olmagan gaplarimiz, fikrlarimiz muayyan bir muddat davomida xayolni band etib turadi. Amaliyotchi ruhshunos Durdona Turg‘uliyevaning maslahatlarini misol keltirsak:
— Shahar shovqinidan biroz muddat uzoqlashib, tabiat bag‘rida soatlab sayr qilish, uning go‘zalliklaridan bahramand bo‘lish vujudimizga hayotiy kuch-quvvat bag‘ishlaydi. Musaffo tog‘ havosidan nafas olish, suvda suzish, tuproqda yalangoyoq yurish, maysalar ustiga yonboshlash, yon-atrof, yam-yashil o‘simliklarga uzoq-uzoq tikilib, tabiiy ranglar jilosidan bahramand bo‘lish — bularning bari surunkali charchoq alomatlarini bartaraf etishning samarali usulidir. Qolaversa, kundalik hayot tarzimizda qo‘llash mumkin bo‘lgan boshqa qator ruhiy mashqlar ham borki, ular kayfiyatni ko‘tarib, tushkunlik va charchoqdan asraydi. Masalan, “tabassumterapiya”ni olaylik. Hayron bo‘lishingiz mumkin: he yo‘q, be yo‘q, o‘zimdan-o‘zim jilmayishimning nimasi terapiya ekan, deb. Ammo bu tibbiyotda isbotlangan haqiqat. Kulgu va tabassum organizmni yoshartiruvchi quvonch gormoni ko‘p miqdorda ishlab chiqarilishiga sabab bo‘ladi. Bu esa kayfiyat ko‘tarilishiga olib kelishi, shubhasiz. Hayotda shunday odamlar borki, ular jajji bolakay bilan “suhbatlashib” ham bir olam zavq ola bilishadi, shu on yuz-ko‘zlarida go‘yo oftob charaqlagandek bo‘ladi. Uyda har kuni sevimli musiqangizni huzur qilib tinglab, unga raqs tushsangiz ham endorfin gormoni vujudingizni qamrab oladi va siz xushkayfiyat hamrohligida asta-sekin toliqishdan xalos bo‘lasiz. Ba’zan esa depressiv holatdan qutulish uchun tashqi ko‘rinishimizni o‘zgartirishning o‘zi kifoya. Nega deganda, inson chiroyli imijga ega bo‘lgach, unda o‘ziga nisbatan ishonch ortib, ertangi kunga intilish hissi paydo bo‘ladi.
Menimcha, hayotiy ishtiyoqni oshiruvchi va toliqish alomatlarini bartaraf etuvchi ruhiy mashg‘ulotlar sirasiga ajoyib filmlarni tomosha qilish terapiyasini ham kiritib qo‘yish kerak....
Zulfiya NURMETOVA tayyorladi.