Chin do‘stga maktub
Quddus, jo‘ra. Hozir yarim tun. Uxlolmayapman, uyqu qurg‘ur qochib ketgan – na shamoli bor, na soyasi. Umr degani yetmishni qoralab borayotganini eslab, Sizni bilmadim-u, ammo men, rostini aytaman, suyunishniyam, kuyunishniyam bilolmay lol-u karaxt bo‘lib o‘tiribman. Bir g‘arib ahvoldaman. Derazadan osmonga qarab, osmonda jimillab turgan yulduzlarga qarab seskanib, hayajonlanib, tashvishlanib ketyapman – ichimda nimalardir chirt-chirt uzilib ketyapti, yig‘lagim kelyapti. Ko‘ngilni ko‘taradigan, taskin beradigan bir sehrli nidoga ilhaqdayman. Qaniydi, hozir yonimda bo‘lsangiz-u, Siz bilan qavatma-qavat yurib o‘tgan yo‘llarimizni eslasak, ko‘rgan-kechirganlarimizni to‘kib-solib gurunglashsak, davramizni bevaqt tark etgan birodarlarimizni xotirlab, o‘tayotgan, kelayotgan kunlar haqida mulohazalar qilsak...
Jo‘rajon, Siz, Iskandar, Rahimberdi, Jumavoy (joylari jannatdan bo‘lsin uchovlarining ham), Abdunazar, O‘tkir – hammamiz bolalikdan bo‘yinsa-do‘st bo‘lib o‘sdik. Bir qishloqda yashadik. Birga “Chillik”, “Yashinma-qoch”, “Suyak otar”, “Quloq cho‘zma”, “Eshak mindi” o‘ynadik. Bir sinfda o‘qib, bir vaqtda yetuklik guvohnomasini oldik. Maktabni bitirgach, ikkovimiz bitta poyezdning bitta vagonida Samarqanddan Xovosgacha – o‘tirishga joy yo‘q – tik turib, Toshkentga yetib keldik. Bitta institutga kirib, (Siz – rasm-chizmachilik, men – til va adabiyot fakultetida) o‘qidik; bitta kvartirada ijarada turdik. Oliy ta’lim shahodatnomasi qo‘lga tekkanidan keyin, Siz – muallim bo‘laman, deb Urgutga yo‘l soldingiz, qishlog‘imizga borib, o‘zimiz tahsil olgan maktabda muallimlik qila boshladingiz. Men – yozuvchi bo‘laman, deb Toshkentda qoldim. Siz maktabda uzoq ishlamadingiz. Izlanuvchan, kuyunchak, yangilikni ko‘rganda o‘zini tomdan tashlovchi g‘ayratli yoshlar hamisha, hamma yerda e’zozlangan va e’zozlanadi. Sizniyam ikki yilga yetar-yetmas, tuman xalq ta’limi bo‘limiga olib ketishdi. Avval uslubchi, keyin katta, undan keyin bosh uslubchi vazifalarida ish o‘rganib, tajriba orttirdingiz. Shundan so‘ng Sizni salohiyatli yirik jamoa – o‘zbek-turk litseyi direktori lavoziga tayinlashdi. Bu jamoada qanday ishlab, ko‘pchilikning hurmat-e’tiboriga qanday erishganingizni, barcha do‘stlaringiz qatori men ham ko‘rib, kuzatib, havas qilib turdim. Xushomad qilyapti, deya iljaymang-u, ammo tuman xalq ta’limi bo‘limiga mudir bo‘lganingizdan keyin, ochildingiz, jo‘ra, ochilib ketdingiz... Rosti, ichimga bir shubha oralagan edi mudirlik maqomiga ega bo‘lgan dastlabki paytlaringizda. Axir, Urgut kichkina makonmi? Butun boshli Sirdaryo viloyatiga teng maktablari, o‘quvchilari bor edi-da o‘sha vaqtda Urgutning. Shunday salmoqli yumushni bajarish, ishonchni oqlash... Sinfimizdan bittagina kattakon rahbar chiqdi, ishqilib uyalib qolmaylik-da, derdik sinfdoshlar suhbatlashib qolganimizda. E-ey, nimaga ikkilanasan, Quddus, kimsan, Abdurazzoq Tursunovday necha yillar mobaynida rayononi oqilona boshqarib, rayispolkom raisi darajasiga munosib ko‘rilgan ziyoli maorifchining ta’limini olgan, gullatib yuboradi, Xudo xohlasa, deya bir-birimizni ishontirardik, dalda berardik bir-birimizga. Amalning mas’uliyat-u mashaqqatlari qatorida, ba’zi birovlarni ozroqqina hovliqtirib yuboradigan “fazilat”lari ham borligi ayon haqiqat emasmi, “Quddusvoydayam ana shu “ne’mat”dan zig‘irdaygina bor-da, ishqilib ehtiyot bo‘lsin, Yaratganning o‘zi asrasin”, degan gaplar ham oralab qolar edi suhbatlarimizga. Asradi! Aqlingizdir, tinib-tinchimasligingizdir, yaxshilarga yondoshib, donolarga ergashib, tinim bilmay ishlaganingizdir – ASRADI! Kichkinaligingizdayam qaysidir bir yumushni qilmoqchi bo‘lsangiz, eng avval o‘z ko‘nglingiz bilan kengashib, keyin imon-farosatli kishilar bilan maslahatlashib, ularning fikriga tayanib, ish tutish odatingiz yana sizga chin do‘st bo‘ldi, nazarimda: ko‘nglingizga ma’qul kelmagan, ko‘pchilikka yoqmaydigan ishlardan tiyildingiz. Hayotning past-u balandini ko‘rganlarning pand-u nasihatlariga quloq soldingiz, kattalarning gapiga kirmaganlar, katta chuqurga qulashini yoddan chiqarmadingiz. Ayni chog‘da, kichkina tosh tog‘larning qulashiga olib borishi, mittigina qushcha dahshatli qor ko‘chkilariga sabab bo‘lishi ham esingizdan chiqmadi. Kibrdan, maqtab turib jon oluvchi laganbardorlar qutqusidan asradingiz o‘zingizni. Hamisha hushyor, hamma bilan samimiy, ehtiyotkor, halol bo‘lib, shijoat bilan mehnat qildingiz. Mavridi kelganda yashirmay aytaman, ko‘p ming kishilik yirik jamoada yakkam-dukkam esa-da, o‘zi yeb, mushukka to‘nkaydigan, xatoni o‘zi qilib, aybni ustoziga ortib qo‘yadigan betuturiq, g‘alamislar bo‘lishi ham bor gap, orqavorotdan sha’ningizga qora surkamoqchi bo‘lganlar va bilib-bilmay ularga qo‘shilib malomat toshlarini otganlar ham bo‘ldi. Undaylarniyam raqib deya ko‘kragidan itarmadingiz, men sendan zo‘rman qabilida yoqalashib, qasdlashib yurmadingiz. Hosil ko‘pligidan daraxt shoxi egiladi, mard kishi ko‘p vaqt azob-uqubatga duchor bo‘ladi, deyishadi hindlar. Siz azoblangan paytlaringizda ham esankirab, jahl yoki tushkunlikka erk bermadingiz. Aksincha, shinni qayerda bo‘lsa, pashsha ham o‘sha yerda, deya muloyib kulib, boshini siladingiz, ayadingiz, achindingiz, to‘g‘ri maslahatlar berdingiz, sokin karvon – toqqa sarbon maqoliga amal qildingiz. O‘z joyida tutun ham shirin bo‘ldi Siz uchun. Qolaversa, piyoz to‘g‘raganning ko‘zi achiydi-da, to‘g‘rimi? Tumanda necha maktabu bog‘cha bo‘lsa, hammasiga birma-bir bordingiz, ahvolni, vaziyatni ko‘rdingiz, o‘rgandingiz, tahlil qildingiz. Tomlari yomg‘ir-u qorda teshilaverib g‘alvir bo‘lib ketgan maktablarni ko‘rganda, zax sinfxonalarida diydirab o‘tirgan bolalarning mung‘aygan ko‘zlariga duch kelganda qanchalar ezilganingizni, ularga yordam berish uchun esa qo‘lingiz kaltaligidan naqadar o‘kinganlaringizni ko‘rmasimdan bilganman — his qilganman, alam qilgan Sizga qo‘shilib menga ham. Ammo umidsizlanmay, qarab, tomosha qilib turmaganingizdan ham xabardorman. Bitta sinfni ta’mirlash, bitta shifer undirish uchun qirq bo‘lsa — qirq, ellik bo‘lsa — ellik eshikka borganingiz, soatlab sarg‘ayib turganingiz, yalinganingiz, talashib-tortishganlaringiz haqida ko‘p eshitganman, haligacha gapirishida o‘sha paytlarda Siz bilan birga ishlagan hamkasbringiz — maktab direktorlari, muallimlar, qishloq kayvonilari.
Haligacha maktablar tugul, tumanning qaysi qishlog‘iga, qaysi guzariga borsangiz, poyandozlar to‘shaydilar yo‘llaringizga. Quddus, Quddusxon aka, Eshon bobo, deb izzat-hurmat ko‘rsatadilar, e’zozlaydilar. To‘y-ma’rakalarda davralarning to‘riga o‘tkazadilar, do‘ppi-chopon kiygizadilar. Eshigingizda har kuni o‘nlab “Taklifnoma”lar, maslahat-kengashga kelgan hamyurtlaringiz...
Yaqinda yana bir e’tirofdan boshim ko‘klarga yetdi. Tumandagilar uch kishini Urgut oqsoqollarining karvonboshilari, deya alohida mehr bilan hurmat qilishar ekan. Shularning biri — butun umrini xalqimizning tinchligi va osoyishtaligini asrashga bag‘ishlagan iste’fodagi polkovnik O‘tkir To‘layev, ikkinchisi tuman sog‘liqni saqlash bo‘limining sobiq rahbari, mehrli shifokor Farmon Azizov va uchinchisi — Siz ekansiz, jo‘rayi muhtaram, Siz! Kam-u ko‘pi bilan olti yuz mingga yaqin aholi nafas olib turgan manzilda bunday ehtiromga sazovor bo‘lish qanchalar yoqimli. Munavvar izzatlar bardavom bo‘lsin, jo‘rajonim.
Ruslarda shunday ibora bor ekan: “Ishchan odamning qo‘li tinmaydi, dangasaning tili”. Bu hikmatni salgina o‘zgartirib, Sizning faoliyatingizga moslashtirib, jo‘ra, Sizning qo‘lingiz ham, tilingiz ham tinmadi – tinmay ishladingiz va ishlayotirsiz, degim keladi.
Esingizdami, bundan roppa-rosa o‘n yil muqaddam, 2011-yilning may oyida, 60 yoshga to‘lgan kunlaringizda, Siz haqingizda “Chin do‘st” degan maqola yozgan edim. Vaqtning tezob-u bevafoligiga qarang, ana-mana deguncha oradan yana o‘n yil o‘tib ketibdi. Kechagi “Oltmishvoy”lar – bugun “yetmishvoy!” Bu dunyo kunlarining qushday uchib o‘tishi-yu, u dunyo kunlarining selday shitob bilan kelishiga nima deyish mumkin?! Ishonging kelmaydi, hatto: kechagi bola, kechagi talaba, kechagi yosh muallim ko‘z ochib yumguncha bo‘lmay, umr pillapoyalarining yetmishinchi zinasida taltayib o‘tirsa! Yana qancha yashaymiz? Ertaga nima bo‘ladi? O‘tayotgan bugungi tunimiz ertangi kunimizga ulanib ketarmikan? Yoki qumloqqa tomgan tomchiday singib, yoxud shamol uzgan yaproqday chirpirak uchib, yoki ipi uzilgan varrakday shox tashlab... Yaratganning O‘zi asrasin-u, ammo yosh ulg‘ayavergach, bundayin mushohadalarga borish unchalar notabiiy bo‘lmay qolar ekan odamzod bolalariga. Yetmish, yetmishdan keyin ketmish, degan gaplar bekor-behuda emasligini, keksalik — ko‘prik ekanligini, tuya qarisa bo‘tasiga ergashadigan kunlar ko‘pam uzoq emasligini ham teran his qila boshlar ekansan. Umr deganlari chaqmoq kabi, shamol kabi, tezoqar daryo-yu lahzalik tush kabi shoshqin va o‘tkinchi ekani esa, ham tashvish, ham allanechuk bezovta sokinlik olib kirar ekan ko‘ngil bog‘lariga. Hayot qadri, yashash qadri, ayniqsa, do‘st qadri haqida o‘ylash, fikrlash, tafakkur qilish doimiy yo‘ldosh bo‘lib qolar ekan xayollaringga. Umr so‘qmoqlarida ko‘rganlaring, uchratganlaring, hamfikr-hamkor, yo‘ldosh-safardosh bo‘lganlaring; quvonchli kunlaring, turli-tuman qarama-qarshiliklarga duch kelgan, xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan damlaring uyum-uyum savollarga ko‘mib tashlar ekan ruhiy olamingni. Mana, o‘zimiz, shu yoshga yetib kelguncha odamlarning necha xilini ko‘rmadik? Ularning qanchasi bilan hamsuhbat, hamdam, hamdard bo‘lmadik, bag‘rimizga bosmadik “tobutkash do‘stim!” deb qancha-qanchasini! “Bo‘ri bolasini bo‘rkingda boqsang ham el bo‘lmaydi”gan, yo‘ldoshing olaqarg‘a bo‘lsa, yemishing go‘ng bo‘ladigan, bir tiyin tugul, bir chekim nosga arzimaydigan “jo‘ra”larga ham, nimayam derdik, hayot ekan — duch keldik. Yana qanchasi, gul bersak, tikon, sut bersak, o‘t tutqazib ketdi qo‘limizga. Ostidagi otini oylab izlab yuradigan anqovlar-chi? Ko‘ziyam, ko‘kragiyam so‘qirlar, dili — dengiz, ichi — qo‘ng‘izlar-chi? Armonsiz er, nishabsiz qir yo‘q bu yorug‘ dunyoda. Siz-u bizdayam ular oz emas. Ammo Yaratganga shukurlar bo‘lsinki, bo‘ronlar qo‘zg‘alganda qalqon, momaqaldiroqlar guldirab, do‘llar yoqqanda soyabon, dovdirab qolganda suyanch bo‘lguvchi; fe’l-xulqi, tarz-raftori o‘zgarmaydigan sadoqatli qurdoshlar dunyoda ko‘p ekan. Shunday mehridaryo insonlar bilan obod-u ko‘rkam, shod-u shodmon ekan bu charxu falak. Shunday zot-u shariflar bilan bog‘laring chaman, yo‘llaring ravon va charag‘on ekan sokin tunlaring.
Quddus jo‘ra, Sizga shularni yozyapman-u, ammo nega bunday qilayotganimni o‘zim ham oxirigacha tushunganim yo‘q. Illo, xat yozishlar allaqachon “moda”dan chiqib ketgan, gugurt qutisiday telefonginada aft-u angoringni ko‘rib, betma-bet suhbatlashish mumkin bo‘lgan zamonda mening bu qilig‘im kulgili tuyulishi ham mumkindir, balki. Bilmayman, yurak — yurakka sim qoqdimi, yoshlik paytlari xotiraga keldimi, talabalik chog‘lari, turmush o‘rtog‘ingiz, u vaqtlarda Samarqand arxitektura va qurilish institutining talabasi bo‘lmish Mavludaxonga, Sizning nomingizdan “Muhabbat maktublari” yozib berganlarim esga tushdimi, ishqilib, o‘qiyotganlaringizni qog‘ozga tushirgim keldi. Bir paytlardagidek “Muhabbat maktubi” yoki 60 yoshga to‘lganingizdagi singari, Sizni ta’rif-u tavsif qilguvchi maqola emas bu. Bu — uyqu qochganda bezovta qilgan o‘ylar, xayollar, alkash-chulkash fikrlar.
Burgutning kuchi – oyog‘ida, odamniki – do‘stlikda.
Chol suhbati – chol bilan.
Shu tarzda bo‘lsa ham bir dardlashgim keldi-da, chol bobo:
Xullas, yetmishga ham yetdik sog‘, omon,
Ortda qoldi qancha dasht-u dala, qir.
Buyog‘i... Yaratgan Egamga ayon,
Buyog‘i... Yaratgan Egamga shukur.
Mundoq o‘ylab ko‘rsak olib do‘ppini,
Umr deganlari ekan bir hubob.
Umr deganlari ayni to‘y kuni,
To‘satdan torlari uzilgan rubob.
Hayot ne’matlarin ko‘rdik xo‘p totib,
Goh mag‘rur, goh masrur, goho qayrildik.
Goh do‘stman deganlar, ketdilar sotib,
Goh suyanch tog‘lardan bevaqt ayrildik.
Gina qilmagaymiz shamoldan hatto,
Bittadir o‘tinch-u nolalarimiz:
Toabad tinch bo‘lsin zamin-u samo,
Bearmon yashasin bolalarimiz.
“Ikki so‘z: tinchlik va xotirjamlik – ming yombi oltindan qimmat”, deyishar ekan xitoylar. Yurtimiz tinch, bolalarimiz sog‘-omon bo‘lishsin.
Do‘stingga qo‘shiq ayt, mehringni qo‘shib ayt, deydilar. Yetmishdek mo‘tabar yoshga kirib, sevinchdan daryoday chayqalib turgan lahzalaringizda men ikkoviniyam qilolmadim. Ammo ishontirib aytamanki, yozuvchi jo‘rangiz sifatida, Sizdan bir maqola qarzdorman. Sakson-u to‘qsondan oshib, yuzlar bilan yuzlashib yurganingizda, albatta, qarzimni uzaman, Xudo xohlasa.
Hurmat bilan, sinfdosh jo‘rangiz,
Abdusaid KO‘CHIMOV,
4. 05. 2021-yil.