Dardim aytsam, davo bormi?.. (yoxud ta’lim taraqqiyotiga kimlar mas’ul?!)
Ishim maktabda ta’lim beradigan ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilarining faoliyati bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, ularning yutuqlaridan suyunaman, o‘rni kelsa xato va kamchiliklaridan kuyunaman. Meni eng ta’sirlantirgan real hayotiy haqiqatni sizga bayon etsam.
Ta’lim olgan ustozlarim orasida tajribali, mahoratli, mehribon va ta’sirchan bir muallima bor. U bilan bir necha yildan buyon ta’lim-tarbiya borasida fikrlashib, maslahatlashib ishlab kelamiz. Shu darajada o‘z ishiga mas’uliyatliki, o‘rni kelsa o‘zim ham u kishidan ta’lim olganimni bilmay qolaman. Jamoasida ham hurmati yuqori. Nafaqaga chiqishiga yana ikki yil qolgan. Eng qizig‘i, shu ta’riflar yonida ustozning ism-familiyasini ochiq yozolmayapman, chunki shundoq ham o‘ksik qalbini battar yaralagim kelmaydi. Opa o‘qitgan o‘quvchilar allaqachon yuqori lavozimlarda, mas’uliyatli ishlarda ishlaydi, oliy o‘quv yurtlarida ta’lim oladi. Ammo ustoz ikki bor toifa testlaridan o‘tolmadi. Darrov xulosaga shoshilmang. Uni bekorga “ta’sirchan” va “mehribon” sifatlari bilan atamadim. Har gal sinovga kirganida hayajonlanibmi yo boshqa sabablar bilanmi yomon natija ko‘rsatadigan ustoz “men maktabdan ketaman, bu sharmandalikka chidash qiyin, o‘quvchilarimning ko‘ziga qanday qarayman” deb yig‘laganida yuragim og‘ridi.
Muammoni qanday yechamiz? Har qadami, yurish-turishi, so‘zlari ibrat va tarbiya bo‘lgan mahoratli ustozning maktab dargohini muddatidan avval, boshini egib tark etishi og‘ir. Bunda avvalambor, yutqazadigan tomon davlat, maktab va o‘quvchi bo‘ladi. Ong, ruh, tana, idrok, layoqat — bir-biri bilan chambarchas bog‘liq tushunchalar. Internetda qo‘l va oyoqsiz mashhur motivator, notiq Nik Vuychichni tanimagan inson bo‘lmasa kerak. Uning mashhur fikrlaridan iqtibos keltirmoqchiman: “Agar siz menga bugun milliard dollar bersangiz, xursand bo‘laman, ammo o‘sha tunda onam vafot etsa ham men baxtiyormanmi… Dunyoning bor mablag‘i ham mening ko‘ngil yaralarimni tuzatolmaydi-ku…” Meni bir savol doim qiynaydi. Toifa uchun o‘tkazilayotgan testlar faqatgina o‘qituvchining nazariy bilimlariga asoslanadimi?! Nahotki, birgina test jarayoni o‘qituvchining kasbiga loyiq yoki loyiq emasligini belgilab bersa. Ko‘p sohalarda xorij tajribasini o‘rganib, o‘zimizda sinashga, targ‘ib qilishga harakatlar kuzatilgan. Yaxshi bilamizki, natija berayotganlari ham talaygina, ammo milliy pedagogika tariximizni kuzatsak, o‘rganadigan o‘rinlarimiz ham bor-ku. Xo‘sh, rivojlangan mamlakatlarda o‘qituvchi o‘z o‘rniga munosibligini qanday isbotlarkan?! Masalan, ta’limda yuqori natijalar ko‘rsatayotgan davlatlarlardan biri Finlandiyani olaylik. Xo‘sh, Finlandiya ta’lim tizimi bunday muvaffaqiyatga qanday erishdi? Zero, aksariyat hollarda fin talabalari AQSH va Buyuk Britaniya talabalaridan yuqoriroq natija qayd etadi. Finlandiyadagi maktablar hech qanday tartibda joylashmagan, maktablar, mintaqalar, o‘qituvchilar va hatto talabalar o‘rtasida taqqoslashlar mavjud emas. Ular raqobat emas, aynan hamkorlik muvaffaqiyat kalitidir, deb hisoblashadi. Fin o‘qituvchilari dunyodagi eng malakali mutaxassislardir. Finlandiyada o‘qituvchilikka bo‘lgan talablar juda yuqori. U yerda o‘qituvchi xuddi shifokor va yurist kabi maqomga ega, ijtimoiy mavqeyi ham yuqori. Bunga sabab o‘qituvchi kasbiga talabning yuqoriligi hamda malaka imtihonlarining murakkabligi bilan izohlanadi. Shuning uchun Finlandiyada ular o‘qituvchilarini doimiy ravishda baholab borish zaruratini sezmaydi. Agar o‘qituvchidan qandaydir xato yoki kamchilik o‘tadigan bo‘lsa, u bilan maktab direktorining o‘zi shug‘ullanib qo‘ya qoladi.
1990-yillar boshlarida Finlandiyada maktablarning maxsus komissiya tomonidan tekshirilish amaliyoti bekor qilindi. Finlandiyaliklar o‘qituvchi va maktab rahbarlarining professionalligiga ishonadi. Maktablar o‘z-o‘zini baholashga da’vat etiladi. Shuningdek, xususiy maktablar ham mavjud emas. Fin maktablari o‘rtasida raqobat yo‘qligining sabablaridan biri shundaki, barcha maktablar davlat mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Shu bois qayerdadir yaxshi, qayerdadir sustroq ta’lim
berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Finlandiya maktablarining barcha o‘quvchilari tushligi davlat tomonidan qoplab beriladi (deputatlarimiz aynan shu joyini kun tartibidagi dolzarb masalalardan biri sifatida ko‘tarishsa, yomon bo‘lmasdi. Ishonavering, qorni och o‘quvchi bilim olish jarayonida
qorni quldiraganidan xijolatlik dahmazasidan qutuladi va o‘qituvchi ham
ta’lim berishda yengillik his qiladi). 1943-yildan buyon shunday.
Finlandiyalik o‘qituvchilar odatda kuniga 4 soatdan mashg‘ulot o‘tkazadi va har hafta ularga kasbiy rivojlanish uchun 2 soat vaqt ajratiladi. Bu esa, muallimlarga tushadigan stressni kamaytiradi. Finlandiya milliy o‘quv dasturi keng qo‘llanma bo‘lib, o‘qituvchilarga o‘z uslubi va fikrlarini sinfda ishlatishiga imkon beradi. Bu Finlandiya ta’lim tizimining o‘qituvchilariga bo‘lgan ishonchiga asoslanadi(“Finlandiya ta’lim tizimi haqida qiziqarli ma’lumotlar” Tarjimon.uz saytidan olindi).
Yana vatanimizga qaytamiz. Hayotiy va pedagogik tajribamdan kelib chiqib aytaman, nazariy bilimi mukammal bo‘lib, pedagogik mahorati yetishmaydigan muallimlarimiz ko‘p. Nazariy bilimlar ko‘nikma, malaka bosqichlaridan so‘ng layoqat darajasiga ham aylanmog‘i kerak. Darsda ta’lim tugul shovqinni bostirolmaydigan o‘qituvchilar ham yo‘q emas.
Hurmatli ziyolilar va oliy o‘quv yurtiga qabul o‘tkazuvchi mutasaddilar, bir savol bersam javob bera olasizmi? Nega boshqa sohadagilar (masalan: huquqni muhofaza qilish organlari, tibbiyot), o‘z yo‘nalishiga yangi avlodni qo‘shish jarayonida ularni obdon chig‘iriqdan o‘tkazadi ammo mashaqqatli o‘qituvchilik kasbiga qabul qilishga e’tibor bunday emas. “Jismoniy tarbiya” yo‘nalishida o‘qimoqchi bo‘lgan o‘quvchi bir nechta amaliy topshiriqni bajaradi-yu, ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi bo‘lishga da’vogarlar faqat test bilan kifoyalanadi. Qani bu yerda haqiqat? Agar yozma imtihondan o‘tgan talaba test sinovida ishtirok etishi belgilansa, shunda kelajakda kuzatilishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldi olingan bo‘larmidi? O‘qituvchilarning bilim darajasini faqat test bilan aniqlab olyapmiz-u, boshqa jihatlariga e’tibor bermayapmiz. Nega o‘qituvchilarning yo‘nalishidan kelib chiqib sinovlar joriy etolmaymiz? Yechimni mablag‘ga taqasangiz, men gapni kelajak va istakka olib boraman. O‘zi shundoq ham yozuvdagi qo‘nimsizsik ortidan yo‘qotganlarimizning hali beri o‘rnini to‘ldirolmaymiz.
Qalblarning zabt etilishi muhimroq bo‘lgan hayotda kasbiga layoqatlilik darajasini aniqlash uchun boshqacharoq yo‘ldan borayotgandekmiz. Nega ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisining kasbiga loyiqligini aniqlash uchun insho, diktant, esse kabi imkoniyatlar bo‘lgan bir davrda biz test bilan o‘ralashib, yakuniy xulosani beryapmiz? Aslida savodxonlik har davrda va hamma vaqt urf darajasida bo‘lishi kerak. Bu esa faqat ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilarining majburiyati va mas’uliyati emas. Biolog, matematik, mehnat o‘qituvchisi, tarixchi, iqtisodchi, siyosatchi, umuman olganda, qaysi soha va yo‘nalishda bo‘lishidan qat’i nazar, inson o‘z savodxonligi bilan ta’lim va jamiyat rivojiga hissa qo‘shmog‘i lozim.
O‘qituvchilarga, o‘quvchiga ta’lim va baho berayotganingizda shaxsiy xislatlariga e’tibor bering deb ko‘p bora ta’kidlayman. Sinfdagi 25–30 o‘quvchining hammasi ertalabdan qorni to‘q keladimi (och qoringa yangi ma’lumot tugul gap ham yoqmaydi), miyasi qabul qilishiga mos topshiriq beryapsizmi, bolaligida ko‘p kasal bo‘lgan yoki surunkali kasali bor bolaning imkoniyatlarini ham inobatga olayapsizmi, kabilarni aytarkanman, har o‘quvchiga shaxs sifatida qarashlarini so‘rayman. Aslida ham har bir o‘quvchi ortida ota-ona, mahalla, xalq, davlat turadi.
Qur’oni karimning “Al-muddasir” surasi 38-oyatida “Har bir shaxs o‘z kasbining garovidir” deyilgan. Unutmaylik, har birimizning kasbimiz imkoniyatimizdir. Imkoniyatdan unumli foydalanib, avlodlarning porloq kelajagiga zamin yaratgan ajdodlar sifatida tarixdan joy olaylik.
Surayyo QODIROVA,
Surxondaryo VXTXQTMOHM “Tillarni o‘qitish metodikasi” kafedrasi katta o‘qituvchisi