Dongdor Dehlaviy dunyosi
Dongdor Dehlaviy dunyosi
Qadimda Movarounnahr, Turkiston deya atalgan O‘zbekiston zaminida jahon tamadduni, taraqqiyotiga jahonshumul hissa qo‘shgan, dunyo xalqlarining ijtimoiy-ma’rifiy, madaniy rivojlanishida betakror xizmatlari bor ne-ne buyuk daholar yetishib chiqmagan deysiz? Ular qatorida nafaqat Markaziy Osiyoning, balki Hindiston, Pokiston, Eron, Afg‘oniston, Turkiya kabi mamlakatlar tarixida o‘chmas iz qoldirgan ulug‘ arboblar ham bor.
Fors adabiyotining benazir namoyandasi, mutafakkir shoir Shayx Sa’diy shunday yozadi:
“Har bir kishi bu dunyoda bir narsa bilan faxrlanishi kerak. Men ana shu turkning ko‘ksidagi kuyigi bilan faxrlanaman”.
Ko‘ksidagi kuyigi, ya’ni otashin qalbi ila Shayx Sa’diydek dahoning nafaqat e’tirofiga sazovor bo‘lgan, balki g‘urur-u iftixoriga aylangan inson kim o‘zi?
Ushbu zot serqirra iste’dod sohibi Amir Xusrav
Dehlaviydir.
Mazkur e’tirofda ham sulolaviy jihatdan vatandoshlarimiz bo‘lgan ikki buyuk zot – Amir Xusrav Dehlaviy hamda Mirzo G‘olib nazarda tutiladi.
Xo‘sh, Amir Xusrav Dehlaviyning qo‘shni xalqlar tarixidagi yuksak, beqiyos o‘rni nimalarda yorqin ko‘rinadi?
Ma’lumki, Dehlaviyning otasi Sayfuddin Mahmud Kesh(hozirgi Shahrisabz) atrofida o‘rnashgan o‘zbeklarga mansub bo‘lib, mo‘g‘ullar bosqini davrida Hindistonga ko‘chib kelgan edi. O‘sha paytda Dehli sultonligida turkiy sulolaga mansub Shamsuddin Eltutmish hukmronlik qilardi. U Sayfuddin Mahmudga amir unvonini berdi. Otasi Sayfuddin Mahmud 1261-yili mo‘g‘ullarga qarshi jangda halok bo‘lgach, yosh Xusravni bobosi Imodulmulk tarbiyasiga oldi. Xusrav Dehlaviyning keyingi ta’lim-tarbiyasida, voyaga yetishida onasi Davlatnozbegim ham katta o‘rin tutgan.
Ilk asarlarini “Sultoniy” taxallusi bilan yozgan, keyinchalik Dehlida yashagani uchun “Dehlaviy” taxallusini olgan ijodkor Sharq adabiyotining barcha janrlarida qalam tebratib, Hindistondagi forsiy she’riyatni yangi
rivojlanish darajasiga ko‘tardi. O‘zining aytishicha,
merosi 500 ming baytga yaqin bo‘lgan, hazrati Jomiy uning 99 ta kitob yozganini aytadi. Ayrim tazkiralarda Dehlaviyning 199 kitob muallifi bo‘lganligi qayd etilgan. Badiuzzamon Xurosoniyning ta’kidlashicha, “Shoirlardan hech biri Amir Xusravchalik ko‘p she’r qoldirmagan. U forsiydan tashqari, urdu, hind va arab tillarida ham asarlar yozgan”.
Xusrav Dehlaviyning buyuk xizmati shundaki, u Hindiston forsiyzabon adabiyotining poydevorini yaratdi. Uning ijodi tufayli Xuroson va Movarounnahrning so‘z san’atida mavjud barcha janrlar Hindiston
adabiyotidan o‘rin oldi. Shoirning lirik merosi “Tuhfat us-sig‘ar” (“Yoshlik tuhfasi”), “Vasat ul-hayot”
(“Hayot o‘rtasi”), “G‘urrat ul-kamol” (“Kamolotning boshlanishi”), “Baqiyayi naqiya” (“Saralarning sarasi”), “Nihoyat ul-kamol” (“Kamolot nihoyasi”) nomli besh devonga jamlangan.
Buyuk so‘z san’atkori Xusrav Dehlaviy tarixiy,
lirik va axloqiy mavzularda she’riy hamda nasriy asarlar ham yaratgan. “Qiron us-sa’dayn” (“Ikki saodatli sayyora qo‘shilishi”), “Miftoh ul-futux” (“G‘alabalar kaliti”), “Duvolroniy va Xizrxon”, “Nuh sipehr” (“To‘qqiz qavatli osmon”) kabi namunalar shular jumlasidandir.
Dehlaviyni jumlayi jahonga ma’lum-u mashhur qilgan yana bir xazina uning Nizomiy Ganjaviyga izdoshlikda yaratgan “Xamsa”sidir. Uning “Xamsa”sidan “Matala’ ul-anvor” (“Yoritqichlarning chiqishi”), “Shirin va Xusrav”, “Majnun va Layli”, “Oynayi Iskandariy”, “Hasht behisht” (“Sakkiz jannat”) dostonlari joy olgan.
Dehlaviy Sharq adabiyotida umr fasllari bo‘yicha devon tuzish hamda xamsanavislik an’analarini boshlab bergan, ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha Navoiy hamda Jomiyga salaflik qilgan.
Hazrat Alisher Navoiy o‘zining buyuk salafi hayoti
va ijodiga alohida ehtirom ila qarab, yuksak baho bergan. Amir Xusravni “Nazm beshigining g‘azanfari va dard-u ishq otashkadasining samandari” deya ta’riflagani bejiz emas. Navoiy o‘z “Xamsa”sini yaratishda Nizomiy qatorida Dehlaviydan ham kuchli ta’sirlangan, har doston muqaddimasida uni ustozlari safida qayd etib, o‘zgacha hurmatini ifoda qilgan. Falsafiy-tasavvufiy mavzudagi “Daryoyi abror” (“Pok kishilar daryosi”) qasidasiga javoban “Tuhfat ul-afkor” (“Tafakkur tuhfasi”) qasidasini yaratgan. Navoiy o‘zining “Nasoyim ul-muhabbat” asarida Dehlaviyni avliyolar qatorida zikr etgan.
Dehlaviy umrining oxirlarida saroy xizmatidan voz kechgan, chishtiya tariqatining taniqli shayxi Nizomiddin Avliyoga murid tushib, tariqat bosqichlaridan o‘tgan holda “valiulloh” maqomiga yetishgandi. Shohona Xusrav ismidan voz kechib, faqirona Muhammad Kosales nomini olgan.
Dehlaviy shoir, nasrnavis, adabiyotshunos, musiqashunos, tarixchi sifatida ham serqirra iste’dod sohibi ekanligini namoyon qila olgan. Beshta risoladan iborat “E’jozi Xusraviy” (“Xusrav mo‘jizasi”) asari adabiyot nazariyasi masalalariga bag‘ishlangan. Uning “Manoqibi Hind”, “Tarixi Dehli” kabi tarixiy asarlar yaratganligi to‘g‘risida ma’lumotlar bo‘lsa-da, ular hozircha topilgan emas. Musiqaga taalluqli risolasi ham bizgacha yetib kelmagan. Ko‘plab mumtoz kuylar Dehlaviyga nisbat beriladi.
Dehlaviy fors, urdu tillarida va Shimoliy Hindistonning “Kxari-boli” shevasida ijod qilgan. Ushbu sheva keyinchalik hindi va urdu tillariga asos bo‘lgan. Ayrim hollarda Dehlaviyni “Hindiston ovozi”, “Urdu adabiyotining otasi” deb ham atashadi.
1253–1325-yillar oralig‘ida yashab ijod etgan Abulhasan Yaminiddin Xusrav Dehlaviy Hindistondagi forsiyzabon adabiyot taraqqiyotiga muayyan, betakror hissa qo‘shgan Mirzo Abdulqodir Bedil, Mirzo Asadulloh G‘olib, Zebunniso kabi vatandoshlarimiz qatori o‘zbek xalqining ham iftixoriga aylangan farzandlaridan biri. Hamidjon Homidiy, Ergash Ochilov kabi adabiyotshunoslarimiz, Vasfiy, Chustiy, Shoislom Shomuhammedov, Jamol Kamol, Nosir Muhammad, Jonibek Suvonqulov singari tarjimonlar tomonidan olib borilgan tadqiqotlar-u badiiy tarjima ishlari yanada avj olib, Xusrav Dehlaviy ijodining yangidan yangi qirralari ochilaverishi shubhasiz.
Sattor SHERMATOV