Dorilar reklamasi “kasal” qilyapti
Dorilar reklamasi “ kasal ” qilyapti
Hozir qaysi davraga bosh suqmang, nonning narxi ko‘tarilgani haqidagi gurunglarga guvoh bo‘lasiz. Poytaxt ko‘chalarini aylanib shu narsaga amin bo‘ldimki, shahrimizda novvoyxonalardan ko‘ra dorixonalarning soni bir necha baravar ko‘p ekan. Bu esa o‘yga toldiradigan jihat. Nima davlatimiz novvoyxonalardan ko‘ra dorixonalarni ustun ko‘radimi? Bilmadim! Bilganim shuki, non narxi balandlagan bo‘lsa-da, novvoyxonalardan topiladigan daromad va dorixonalar topadigan sof foyda keskin farq qiladi. Odatda, raqobatchilar qancha ko‘p bo‘lsa, sifat yuqori, narx esa quvonarli bo‘lishi kerak edi, lekin afsuski unday emas. Siz mahsulotingizni katta summa evaziga tijorat dasturiga tikib, uning brendini tanitish uchun televideniye va OAV tarmoqlariga berib, o‘z narxidan balandga sotishingiz mumkinmi?
Bitta narsaga hayron qolaman, yurtimizda 1998-yil 25-dekabrda 30 ta moddadan iborat “Reklama to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan. Unda qayd etilgan qoidalarga hozir amal qilinyaptimi? Televizorni yoqib yarim soat biror-bir kinofilm yoki serial, ko‘ngilochar teleko‘rsatuvni tomosha qilgudek bo‘lsangiz, kamida 10, ko‘pida 15 daqiqa vaqtingizni reklamalar oladi. Eng yomoni, reklamalarning aksariyati dori-darmon haqida. Bilamizki, ayrim dori vositalari shifokor retseptisiz tavsiya etilmaydi va dorilarning aks ta’siri ham yo‘q emas. Bu tog‘rida tibbiyot fanlari doktori Dildora Haydarova shunday fikr bildirdi:
— Har bir insonning organizmi individual bo‘ladi. Ya’ni bir insonga ijobiy ta’sir qilgan dori boshqa kishiga ta’sir qilmasligi yoki aks ta’sir ko‘rsatishi ham mumkin. Dori vositalari haqida gap ketganda foydali yo foydasiz deb keskin hukm berishning iloji yo‘q. Hozir esa televizor qarshisida o‘tirgan aksariyat tomoshabinlarni yoshlar tashkil etadi va ularning psixologiyasi qayta-qayta ko‘rgan narsasini ishonchli deb qabul qilishga moyil bo‘ladi. Bu esa dori vositalarini shifokor retseptisiz ichishga ham olib keladi.
“Retseptsiz beriladigan dori-darmon vositalari” reklamasida quyidagilar ilgari suriladi:
1. Dori vositalarini noyob, eng samarali, qo‘shimcha ta’sirlarining mavjud emasligi jihatdan eng xavfsiz vosita sifatida ifodalamaslik.
2. Mazkur dori-darmon vositalarining xavfsizligi va samarasi uning tabiiy kelib chiqishi bilan bog‘liq ekanligini da’vo qilmaslik.
3. Reklamaning ta’sirini kuchaytirish maqsadida boshqa dori-darmon vositalari bilan taqqoslashga yo‘l qo‘ymaslik.
4. Dori-darmon vositalari qo‘llamaslikdan kishining sog‘lig‘i yomonlashuvini ongga singdirmaslik.
Bundan tashqari, ayrim holatlarda dori-darmon vositalari reklamalarida “№ 1” , “Eng yaxshi”, “Faqat”, “Haqiqiy”, “Faqat bizda”, “Eng aniq”, “Ekologik toza”, “100 foiz kafolat”, “Jahon andozalariga to‘liq mos”, “Hamma talablarga to‘liq javob beradi”, “Juda sifatli“, “Samarasi isbotlangan”, “100 foiz natija”, “Ishonchli davo”, “Aks ta’sirlari yo‘q”, “Maqbul tanlov”, “Barcha xavfsizlik choralari ko‘rilgan”, “Eng oxirgisi”, “Har jihatdan davo”, “Maqbul qaror”, “Dunyoda yetakchi”, “Eng
ishonchli”, “Eng oxirgi avlod preparati”, “O‘xshashi yo‘q”, “Aks ta’siri juda kam”, “Og‘riqni unutasiz”, “Butun oila uchun”, “Noyob tarkib” kabi iboralardan foydalanish taqiqlanadi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi marhum Sharof Boshbekov televideniyedagi reklamalar to‘g‘risida quyidagicha fikr bildirgan edi:
— “Guangzhou” Xitoy tibbiyot markazining reklamasini bir kunda turli kanallarda 70 martadan 120 marotabagacha ko‘raverib-ko‘raverib, asablar butunlay tugab, qon bosimim falakka chiqib ketdi, qo‘lim qaltiraydigan bo‘lib qoldi.
Psixolog Dilorom Sa’dullayeva shunday deydi:
— Insonni ruhiyat boshqaradi. O‘zini ruhan qo‘llab-quvvatlagan, darddan forig‘ bo‘lishiga qat’iy ishongan
bemorning sog‘ayishiga dori vositalari shunchaki sabab bo‘lar, ehtimol.
Nafaqat O‘zbekistonda, balki boshqa ko‘pgina rivojlangan mamlakatlarda ham reklamalarning eng mo‘may daromad keltiradigani ham(misol uchun “Doridarmon” aksiyadorlik kompaniyasining 2020-yildagi umumiy daromadiga qarash kifoya: o‘sha yili kompaniya 111 mlrd. So‘m daromad olgan) aynan dori-darmon mahsulotlari hisoblanadi. Lekin ular
biznikilarga o‘xshab laktovita va laminalife dori mahsulotlarini 100% tabiiy, Ibn Sino tabobati asosida tayyorlangan, deb ro‘kach qilmasa kerak.
Bundan tashqari, yangilangan va o‘zgartirishlar kiritilgan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunda quyidagi jumlalarni uchratish mumkin: “Voyaga yetmaganlarni xavfli vaziyatlarda ko‘rsatish, ota-onalar va tarbiyachilarni obro‘sizlantirish, voyaga yetmaganlarning ularga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazish, voyaga yetmaganlar olishi yoki iste’mol qilishi taqiqlangan tovarlarni telekanallarda, voyaga yetmaganlar uchun mo‘ljallangan teleko‘rsatuv va radioeshittirishlarda reklama qilish taqiqlanadi.
Bundan tashqari, qonunda dori vositalari reklamasi qat’iy talablari o‘z aksini topgan. Endilikda taniqli shaxslar, tibbiyot xodimlari yoki shifokorlarning tashqi ko‘rinishidan foydalanish taqiqlanadi.
Men hali “Androgard” va “Byuti Vit” kabi oila davrasida ko‘rishga uyaladigan dorilar targ’iboti haqida gapirmadim, ular alohida mavzu.
Diyorbek TOSHPO‘LATOV,
O‘zJOKU talabasi