Emlandingizmi? yoxud vaksina koronavirusdan qutulishda yagona chora
Mana bir yarim yildirki, yurtimiz va dunyoda pandemiya hukm surmoqda. Endilikda koronavirusning yangicha shtammlari paydo bo‘lib, aholini yanada og‘ir ahvolga solmoqda. Covid-19 sabab davlatlar mislsiz moddiy va ma’naviy zarar ko‘rdi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, shu kunga qadar 340 million kishi kasallikka chalingan va 3,5 milliondan ortiq inson qurbon bo‘lgan. Bu raqamlardan anglashiladiki, virus insoniyatga katta talofat yetkazdi. Dunyo tibbiyot olimlarining sa’y-harakatlari bilan koronavirusni yengishning yagona yo‘li sifatida vaksinalar ishlab chiqildi. Vaksina koronavirusdan qutulish, oldingi tinch hayotga qaytishning birdan-bir chorasi sifatida qaralmoqda.
Vaksina nima?
Vaksina — yuqumli kasalliklarning oldini olish yoki davolash uchun qo‘llaniladigan preparat. Uning asosiy vazifasi infeksiya va viruslarga qarshi kurashishdir. Vaksina inson tanasiga yuborilgach, immun a’zolariga ta’sir ko‘rsatib, virus, bakteriya va boshqa mikroorganizmlarga qarshi himoya tanachalarini hosil qiladi. Dastlab insonlar chechak, qizamiq, qoqshol va boshqa yuqumli kasalliklardan aziyat chekkan va aksariyati hayotdan ko‘z yumgan. Oradan yillar o‘tib ular uchun ham turli vaksinalar yaratildi va aholi o‘rtasida bunday kasalliklar tarqalishi deyarli uchramay qo‘ydi. Xuddi shunday bugun dunyo ahli uchun tahlikali bo‘lgan koronavirusga qarshi turli vaksinalar ishlab chiqilib, dunyo hamjamiyati tomonidan tan olindi. Vaksinalar insonlarda qo‘llanilishigacha bo‘lgan jarayonda texnologik, klinik, biologik sinovlardan o‘tgach, amaliyotga taqdim etildi.
Ishonchsizlik, qo‘ruv, vahima
Ma’lumki, yurtimizda O‘zbek-xitoy, AstraZeneca, Sputnik V va AQSHning Moderna vaksinalari aholi uchun qo‘llanilmoqda. Ammo emlash jarayonlari ko‘ngildagidek emasligi ko‘plab tibbiyot xodimlarini o‘ylantiryapti. Avvaliga vaksina tezroq yaratilishiga oshiqqanlar, endi turli mish-mishlarga ishonib, emlanishni ortga surmoqda. Ijtimoy tarmoqlarda “vaksinalar inson hayoti uchun xavfli”, “vaksina orqali inson tanasiga chip yuborilib, ularni boshqarishga urinishmoqda”, “ikki yilda o‘lim ko‘payadi”, “vaksina bepushtlikka sabab bo‘ladi” kabi aql bovar qilmas gaplar aylanmoqda. Ayanchlisi, aksariyat insonlar bu uydirmalarga ishonyapti.
Xayrullo MUSTAFOYEV, tibbiyot fanlari doktori, professor:
— Chunki dunyo bo‘yicha vaksinalar ko‘p ishlab chiqildi. Bularning sanoqlilari Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotidan ro‘yxatdan o‘tdi, xolos. Shuning uchun ham aholida ikkilanish bor. Yurtimizda epidemiologik jarayonlar to‘xtamayotganining asosiy sababi ham aholining katta qismi emlanishdan xavfsirayotganidir. Butun dunyo olimlari bu kasallikni yengishda emlanishdan boshqa chora yo‘qligini aytayotganda nega biz vaksinalardan qo‘rqamiz? Nega zamonaviy tibbiyot imkoniyatlariga ishonmaymiz? Vaksinalarning yaratilishidan maqsad faqat va faqat insoniyatni qutqarib qolishdir. Birgina emlash yo‘li bilan kasallikning oldini olish mumkin. Emlanish — bu farovon hayot. El-u xalqning salomatligi. Davlatimizning mustahkamligi ham aholi salomatligiga bog‘liq. Axir qanchadan qancha insonlarda kasallik og‘ir kechdi, o‘lim ko‘paydi. Shunday ekan, odamlardan xulosa qilish va emlanishni kechiktirmaslikni so‘ragan bo‘lardim. Aholi bir tan-u bir jon bo‘lib kurashsa, ya’ni vaqtida emlansa, kasallanish zanjiri uziladi. Ortga surayotganlar esa virus tashuvchi bo‘lib emlanganlarni ham zararlayveradi. Qaysi davlat 70–75 foiz aholisini emlab bitirsa, o‘sha davlatda kasallik tarqalishi keskin pasayadi. O‘z vaqtida emlanmasa, albatta, kasallikka chalinish kuzatiladi. Qanday o‘tishini esa hech kim bilmaydi. Vaksina olgan inson ham virusni yuqtirishi mumkin, ammo kasallik og‘ir kechmaydi, o‘limga olib bormaydi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vaksinalarga bo‘lgan ishonchsizlikni insoniyat uchun global tahdidlar o‘ntaligiga kiritgan.
Yurtimizda COVID-19 ning sogʻliqni saqlash va ijtimoiy tizimlar faoliyatiga ta’sirini cheklash uchun birinchi navbatda sogʻliqni saqlash va ta’lim xodimlarini emlash tadbirlari oʻtkazilmoqda. Bu borada emlangan o‘qituvchilarning fikrlari bilan qiziqdik.
Diloyat OBIDOVA, Farg‘ona tumanidagi 12-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi:
— Men jamiyatning ziyoli qatlami vakili sifatida vaksinaga shubha bilan qaramadim. Uni ishlab chiqargan tibbiyot xodimlari va mutaxassis olimlar o‘zlariga yarasha tajriba va bilim, ko‘nikma va malakaga ega deb o‘ylayman. Vaksina olishdan oldin o‘zimni jismonan va ruhan tayyorladim. Faqat yaxshilikka umid qildim. Shuning uchunmi emlanganimdan keyin nojo‘ya ta’sirlar sezmadim. Barcha ustozlar vaksinani yaxshi fikrda qabul
qilishlarini istardim. Haqiqatan ham, ertangi kun uchun emlanish eng to‘g‘ri yo‘l. Hech narsa qilmagandan ko‘ra, shubha-gumonlarni ortga surib tayyor imkoniyatdan foydalanaylik. Oilamiz, farzandlarimiz, o‘quvchilarimiz sog‘ligi, tinchligi haqida qayg‘urishimiz lozim. Ammo meni bir narsa o‘ylantiryapti. Bolalarimiz nega emlanmayapti?! Axir ularning salomatligi har narsadan ustun-ku.
Bolalar nega emlanmaydi?
Xayrullo MUSTAFOYEV, tibbiyot fanlari doktori, professor:
— 70 yildan ortiq vaqt mobaynida o‘zimizni va bolalarimizni 13 xil kasallikka qarshi rejali emlab kelyapmiz. Shu jumladan, virus kasalliklari — qizamiq, gepatit, qizilcha, parotitga qarshi emlash vositalaridan foydalanganmiz. Fikrimizcha, boshqa virusli kasalliklarga qarshi o‘tkazilgan vaksinatsiya immunitetining ta’siri — koronavirusga chalinsa ham belgisiz yoki yengil shakllarda o‘tadi. Ayrim hollarda immunitet umrbod bo‘lishi, ba’zida 15–20 yilgacha cho‘zilishi mumkin. Aslida viruslarning hammasi bir oilaga mansub, negizi bir, bora-bora kengayib ketgan. Bilamizki, koronavirus bolalarga yuqqanda tez sog‘ayadi. Chunki ularda qaytaruvchi immunitet bor. Ota-onalar “Bolalar o‘rtasida kasallik ko‘paydi” degan gaplarning tarqalgani uchun ham vahimaga tusha boshladi. Aslida bolalar o‘rtasida kasallanish 5–7 foizni tashkil etadi! Keling, tahlil qilamiz. Bolalarni 1 yoshdan 14 yoshgacha deb olsak, 80 foiz kasallanish 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarda kuzatilmoqda. Undan yuqorisida immunitet saqlab qolingan. Go‘daklarda esa immunitet shakllanib ulgurmagan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hamda yurtimiz olimlari bolalarni hali emlash
tarafdori emas. Chunki yot vaksina bolaning o‘suvchan tanasiga ta’sir qilishi mumkin. Ammo bolalar tashqaridan yuqtirib, virus tashuvchi bo‘lib qolmoqda. Yagona chora — kichik yoshdagi bolalarni, maktab o‘quvchilarini himoya vositalaridan to‘g‘ri foydalanishga o‘rgatishdir. Mana shu masalalar hisobga olinib dunyo hamjamiyati olimlari aholini 18 yoshdan
emlashga qaror qildi. Hozirda Rossiya federatsiyasi olimlari bolalarni emlash haqida bosh qotirmoqda.
Qaysi vaksina afzal?
Insonlarda chet elning mahsuloti har doim sifatli degan qarash shakllangan. Shuning uchun ham yurtimizga oxirgi kelgan va ko‘plab insonlar faqat mana shu vaksina bilan emlanishni xohlayotgan AQSHning Moderna vaksinasiga
talab ortmoqda. Aslida vaksinalarning bir-biridan farqi bormi? Qaysi ko‘proq foydali-yu, qaysisi insonga zarar keltirishi mumkin? Bu haqida bilish uchun yana mutaxassisga yuzlanamiz.
Professor X.Mustafoyevning aytishicha, hamma vaksinalarning ta’siri bir xil. “Aslida barcha vaksinalarning yaratilish texnologiyasi o‘xshash, qo‘shilgan modda va elementlari bilan farqlanadi. Ammo maqsadi — bitta. Moderna, Sputnik V, AstraZenica bo‘ladimi, barchasi kafolatlangan, hammasi ham insonda immunitet hosil qiladi. O‘zbek-xitoy vaksinasi Xitoy olimlari bilan birgalikda o‘zbek xalqiga mos tarzda ishlab chiqildi. Menga vaksinaning biror turining dastlabki dozasini olgach, ikkinchisini olmasa nima bo‘ladi, deya savollar berishmoqda. Shu masalaga ham to‘xtalmoqchiman. Vaksinani yetkazib berishda biroz tanqisliklar kuzatilmoqda. Bunga tabiiy qarashni so‘ragan bo‘lardim. Dunyoda bo‘layotgan turli vaziyatlar, iqlim o‘zgarishlari va boshqalar ishlab chiqarishga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Shu sabab vaksina ishlab chiqaradigan korxona va zavodlar vaqtida talablarni bajara olmayapti. Ammo bu vaqtinchalik holat. JSSTning bildirishicha, vaksinaning bir dozasi insonda uch oygacha immunitet hosil qiladi. Hatto 6 oygacha antitanachalar saqlanadi. Shunday ekan xavotirga o‘rin yo‘q. Katta uzilish bo‘lmaydi. Rossiya va Yevropada ishlab chiqarilgan vaksinalarni aralashtirmagan ma’qul. Biroq olimlarda Yevropada chiqqan AstraZenica, Moderna, Pffizer bir-birini qoplashi mumkin degan qarashlar bor. Ammo bu JSST tomonidan o‘rganilmoqda. Ma’lumot olishimiz bilan aholiga yetkazamiz.
Vaksinalar atrofida har xil gaplar azaldan bo‘lgan. Papilloma virusiga qarshi emlanish boshlanganda ota-onalar o‘rtasida “Vaksina farzandsizlikka olib keladi” degan gaplar tarqalgan edi. Ammo hammasi yolg‘on ekani o‘z isbotini topdi. Koronavirus vaksinasi ayollarga salbiy ta’sir qilishi haqidagi gaplar ham noto‘g‘ri.
• JSSTning immunizatsiya bo‘limi boshlig‘i Ketrin O’Braen “Biz qilgan vaksinalar bepushtlikka olib kelmaydi. Bu kabi turli xil vaksinalar atrofida tarqalgan mish-mishlar to‘g‘ri emas. Bepushtlikka olib keladigan vaksina yo‘q”, deydi.
• Malayziyada axborot xavfsizligi va kompyuter texnologiyalari mutaxassisi bo‘lib ishlayotgan o‘zbekistonlik Anvar Narzullayev odamlar ongini boshqaradigan darajadagi nanotexnologiyalar hali ixtiro qilinmagani, bunday (avtonom) chiplar mavjud emasligi, insonlarni boshqarish uchun chip kerak emasligi, uni boshqarish va kuzatish uchun gajetlar kifoya qilishini ta’kidlaydi.
Bugungi pandemiya sharoitida mish-mish, uydirma va yolg‘onlarga ishonib ish tutish yaramaydi. O‘zimiz va o‘zgalar salomatligi uchun emlanaylik!
Niginabonu SHUKUROVA,
“Ma’rifat” muxbiri