Erix Mariya Remark “Qora haykal” asarini o‘qib
“Kimki haq bo‘lsa, u qora haykalga aylanadi! Qabrtosh yodgorligiga!”
(Erix Mariya Remark “Qora haykal” asarini o‘qib)
Urush nima? Urush bu — dahshat. Urush sendan olisda bo‘lganda ko‘ngilxushlikday tuyiladi. Akoplar orasida tanalar, qovurg‘alar orasida qalblar o‘layotganda esa uning dahshatini, falokatini his etish mumkin. Remark o‘z asarlarida doimo urushni qoralab kelgan. Uning qahramonlari urushdan aziyat chekkan oddiy odamlar. Urush kimningdir molini, kimningdir uyini, boyligini, oilasini, umrini olishi mumkin. Ammo urush qalbini olib qo‘ygan odamlar ham bor.
Remarkning “Qora haykal” romani ham aynan urushda qalbini yo‘qotgan, tuyg‘ularini qurbon qilgan insonlar haqida. Asar bosh qahramoni Lyudovig men tengi yigit. Birinchi dunyo harbidan omon qaytgan askarlardan biri. Eski safdoshlari bilan qabrtoshi yasab sotuvchi firmada ishlaydi. Urushda 4 yil, urushdan so‘ng 1923-yilga qadar har kuni murdalar bilan yuzma yuz keluvchi qahramon. “Bir kishining o‘limi fojea. Yuz minglab odamlarning vafoti shunchaki statistika”.
Remark asarda bosh qahramon orqali xudoni savol ostiga olgan. Bosh qahramonning xudo va din haqidagi savollariga asarda javob izlashga intilgan. Cherkovning ikkiyuzlamachiligi ustidan ayovsiz kulgan. Asarni o‘qir ekansiz, insonlardagi umumiy bir xislat sizni hayratga solishi mumkin. Bu ham bo‘lsa, narsalarning asl mohiyati qolib ustini o‘rab turuvchi yaltiroq shakl shamoyilga o‘chligi. Urush oqibatida Germaniya og‘ir iqtisodiy tanazzulga tushib qolgan. Infilyatsiya soat sayin insonlarni qashshoqlik domiga tortib ketayotgan vaqt. Qarzlarini to‘lashga, qornini to‘ydirishga imkon topa olmayotgan insonlarning o‘z joniga qasd qilishi odatiy holga aylanib qolgan bir davrda, nemislar hashamatli dafn marosimi o‘tkazishni xohlashi g‘alat hodisa emasmi?! Bu bizning jamiyatga ham xos bo‘lgan bir illat. Insonlar tuyg‘ular mohiyati uchun emas, ikkilamchi bo‘lgan hoy-u havaslar uchun yashayotgan bir chirkin jamiyatning ayanchli ahvoli. O‘lim, fojealar, dahshat va kasallik odatiy holga aylangan bir tush.
Asardagi eng murakkab obraz Izabella obrazi. Qahramon u bilan jinnixonada tanishadi. Izabellaning fikrlashi, uning jamiyat va inson hayoti haqidagi teran o‘ylari aslida kim telba ekanligini shubha ostiga oladi. Shunchaki o‘lish uchun tug‘ilgan biz telbamizmi? Yoki hayot mohiyatini izlayotgan insonmi? Jamiyat uchun normal odam bo‘lish inson o‘z shaxsiyatidan voz kechishdan iboratmi? Nahotki, insoniy ulug‘ tuyg‘ular falokatga uchragan millatlar uchun sariq chaqalik ahamiyatga ega bo‘lmasa?
Asar o‘quvchini mulohaza qilishga undovchi, ichki menining tub-tubida yotgan savollarning astar-avrasini ag‘darib tashlovchi nodir namunadir.
Ravshan BURXONOV,
O‘z JOKU talabasi