Erkin tarbiya texnologiyasi
Erkin tarbiya texnologiyasi
Dunyo pedagogika ilmida tan olingan erkin tarbiya texnologiyasi insonga yo‘naltirilganligi, insoniylikka asoslanganligi bilan alohida ajralib turadi. Unda Odamga mustaqil ravishda tashqi dunyo bilan aloqadorlikka mas’ul bo‘lgan, o‘z ma’naviyatini toza saqlash va uni rivojlantirish javobgarligi zimmasiga yuklangan, o‘z hayotiga o‘zi egalik qiladigan shaxs sifatida qaraladi. Dunyoqarashi insoniylikka yo‘naltirilgan shaxs botinida o‘z ma’naviyatini sog‘lomlashtirish ustuvorlik qiladi. Chunki bugun “ma’naviyat” nomini olgan bu tushuncha Odamdagi Ollohning mulkidir. Odam tiynatida sog‘lom ruhiyat, mukammallik sari intilish hissi yetakchilik qiladi. U Olloh tomonidan shunday yashash buyurilgan yaratiq. Erkin tarbiya texnologiyasi, mana shu haqiqatlarga asoslangan holda, har qanday bolaga o‘ziga buyurilgan yo‘ldan og‘ishmay taqdiri sari borish huquqi hamda imkoniyatini bergan holda, bu yo‘lda unga hamkorlik qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan o‘qitish tizimidir.
“Erkin tarbiya” tushunchasi – insoniylik g‘oyasining pedagogik talqini. Bu tarbiya an’anaviy, oilaviy tarbiyaga muqobil shaklda bino bo‘lgan va bolada shaxsiy, ijodiy mustaqillikni rivojlantirish asosiga qurilgan. Bolaning mavjud tabiiy xususiyatlarini kashf etish, uning ijodiy imkoniyatlarini tabiiy sharoitlarda ochish va rivojlantirish “Erkin tarbiya texnologiyasi” nomi bilan dunyo miqyosida juda ko‘p mutaxassislarning e’tiborini tortgan. Bu tarbiyada bolalarning ichki dunyosini muntazam o‘rganish, ta’lim-tarbiya jarayonini bilimlar asosida qurish va ularni tabiiy ravishda rivojlantira borish nazarda tutiladi.
Ma’lumki, har qanday bola faqat sof tuyg‘ular bilan dunyoga keladi. Hayot, muhit va kattalar ularning ruhiyatini kirlantiradi. Bolalarni aqlli, ahmoq, axloqli, odobsiz, saxiy, qizg‘anchiq, kuchli, zaif deya keskin baholash o‘ta noto‘g‘ri yondashuv bo‘lib, ularning har biri odam tiynatida u yoki bu darajada mavjuddir. Har bir inson cheklanmagan imkoniyatlarga ega va uning ham axloqan, ham ruhan, ham jismonan kamolot sari intilishi tabiiy ravishda, hech kimga, hatto uning o‘ziga ham bog‘liq bo‘lmagan holda amalga oshib boradi.
Erkin tarbiya tizimi uchun bolaning ko‘ngli, tarbiyashunoslik ilmida ilgari surilganidek, istagan narsani yozish mumkin bo‘lgan oq qog‘oz emas. Har qanday sog‘lom bola dunyoga kelishda haqiqat, go‘zallik, halollik, adolat singari bir qator ijobiy tuyg‘ulari bilan birga tug‘iladi va u hayoti davomida bu hislarni faoliyati, xatti-harakatida namoyish etib boradi. Erkin tarbiya texnologiyasi odamdagi mana shu tabiiy sifatlarga uyg‘un holda ish ko‘rishi, ularni takomillashtirishga yo‘naltirilganligi bilan ahamiyatlidir.
Bunday tarbiya insonning tabiiy axloqiy-ruhiy taraqqiyotiga hamohang bo‘lib, har qanday bola tabiiy muhit va erkin faoliyat natijasidagina o‘zligini boridek namoyish qilishi mumkin. Pedagogika ilmida belgilab qo‘yilgan ta’limiy-tarbiyaviy qonun-qoidalar sharoitida faoliyat olib borayotgan bola tutumlari bilan ko‘chada, o‘z ixtiyori ila nimalarnidir bilishga intilgan bola faoliyati tubdan farq qiladi. Ta’lim-tarbiyadagi intizom talablari, shu asosda bolaga qilinadigan bosim salbiy natijalarni keltirib chiqarishi ham mumkin.
Maktabgacha ta’lim tizimida ham, boshlang‘ich maktab bosqichida ham ta’lim-tarbiya jarayoni mutlaq erkinlikka asoslanishi, qiziqishlar va imkoniyatlarga monand bo‘lishi maqsadga muvofiq. Erkin tarbiyaga asoslangan maktabgacha ta’lim tizimi ham, maktab ham bilimlarni bolalarga yetkazishda ularning bu bilimlarni qabul qilish yoki qilmaslik ixtiyori bilan hisoblashishga majbur bo‘ladi. Erkin tarbiya texnologiyasida ta’lim-tarbiya jarayonini tarbiyalash maqsadiga emas, balki bilishga bo‘lgan ehtiyojni qondirish maqsadiga yo‘naltirish ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Erkin tarbiya texnologiyasining bosh konsepsiyasi dunyo miqyosida XVI asrda paydo bo‘lgan. Milliy tarbiyashunoslikda bu texnologiyaning tarixi bundanda uzoqqa borishi mumkindir. Lekin, afsuski, imlolarning o‘zgarishi, tarixiy-ijtimoiy muhit bizni bu bilimlardan mahrum qilgan.
Erkin tarbiya texnologiyasi tarafdorlari insonning bilish, pedagogik muloqot jarayonida maksimal samaradorlikka o‘qituvchi-o‘quvchi, tarbiyachi-tarbiyalanuvchi munosabatlarini tubdan yangilash orqali erishish mumkinligini ta’kidlaganlar. Ya’ni o‘qituvchi-tarbiyachining rahbarlik, hokimlik mavqeyini yordamchilik, hamkorlik asosiga qurishni ilgari surganlar. Har bir bolaning individual va takrorlanmas yaratiq ekani
nazarda tutilsa, bundan tashqari, bolalarning o‘zlarini rivojlantirishlari kutilmagan holatlar bilan tez-tez almashinib turishi inobatga olinsa, har qanday pedagog o‘z faoliyatini oldindan rejalashtirib olish imkoniyatidan mahrum bo‘lishi tabiiy. Shu ma’noda, erkin tarbiya tizimiga o‘tilganda tarbiyachi-o‘qituvchilar yuz yillar davomida o‘rganib qolgani ta’lim-tarbiya jarayoni algoritmini
buzishga, bolalarning individualligi, tinimsiz o‘sib-o‘zgarib turuvchi ehtiyojlari va imkoniyatlarini nazarda tutgan holda faoliyatini yangilab turishga majbur bo‘ladilar.
Erkin tarbiya texnologiyasida tarbiyachi-o‘qituvchining shaxsiyati, iste’dodi va kasbiy kompetentliligi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Mazkur texnologiyadagi pedagogik jarayonning mohiyati tarbiyachi va tarbiyalanuvchilar munosabatlarining aniqligi, samimiyligi va chuqurligi bilan belgilanadi. Erkin tarbiya texnologiyasi amaliyotida tarbiyachi-o‘qituvchining bosh vazifasi bilimlarni har bir tarbiyalanuvchiga imkon qadar to‘liq yetkazish emas, balki har bir bolaning bu bilimlarga o‘z yo‘li bilan kelishini kuzatish va buni ta’minlashdan iboratdir.
Erkin tarbiya texnologiyasi o‘ziga xosligining yana bir jihati shundaki, unda pedagog didi, fikrlari va haqiqatlarining tarbiyalanuvchilarga tiqishtirilmasligi, qat’iy jadvalga amal qilinmasligi, majburiy vazifalarning yo‘qligi, ya’ni bola tabiiy taraqqiyoti jarayoniga xalaqit bermaslik g‘oyasining qonuniylashtirib qo‘yilganligidir. Bu tarbiya texnologiyasiga xos bo‘lgan mazkur yetakchi qarashlarning an’anaviy ta’limga zid bo‘lgan yana bir jihati – unda o‘qituvchi-tarbiyachi rolining pasaytirilganligi,
uning butun ta’lim tizimini, ayniqsa bolani boshqarib turishiga yo‘l qo‘yilmasligidir.
Mana shular milliy tarbiyashunoslikda mazkur texnologiyaning bugun ham qabul qilinmayotganligi va keng yoyilmayotganligiga asos bo‘lishi mumkin. Aslida, erkin tarbiya texnologiyasida ham o‘qituvchi-tarbiyachining roli va o‘rni rad etilmaydi. Faqat shakl-shamoyili o‘zgaradi. Ya’ni, erkin tarbiya texnologiyasida pedagogning vazifasi bola shaxsining tom ma’noda o‘zligini namoyish qilishiga va bilish imkoniyatlarining maksimal darajada ishlashiga sharoit yaratishdan iborat bo‘ladi. Pedagogning bu tizimdagi ishtiroki bola ma’naviyatidan salbiy sifatlarning chiqib ketishi va ruhiyatida shunday tuyg‘ularga ongli ravishda qarshi tura olish ko‘nikmasi shakllangunga qadar saqlanib qoladi.
Erkin tarbiya texnologiyasi tarafdorlari bu jarayonda pedagogning vazifasi bolaning o‘zidagi bor qobiliyat va iqtidorini namoyish etishiga xalaqit bermaslik, har xil talablar va sun’iy mehribonliklar bilan bu jarayonga to‘siq bo‘lmaslik, ayni zamonda, har bir bolaga erkin va keng miqyosda, o‘ziga xos va mos ravishda individual tarzda ko‘maklashishdan iborat, deb hisoblaydilar.
Erkin tarbiya texnologiyasi o‘qituvchi-tarbiyachining bola tarbiyalanishida bilvosita ishtiroki tarafdoridir. Chunki erkin tarbiya texnologiyasining bosh maqsadi bolaning ijodiy imkoniyatlarini yuzaga chiqarishdan iborat. Pedagogning bu jarayonga bilvosita ta’siri bolaning tabiiy taraqqiyotiga, xatti-harakatlarining faollashuviga, undagi shaxslik sifatlarining shakllanishiga to‘siq bo‘ladigan xislatlarni bartaraf etishga ko‘maklashishdan iboratdir.
Ma’lumki, ta’lim jarayonining tashkilotchilari – tarbiyachi va o‘qituvchilar haligacha erkin tarbiya texnologiyasiga xos bo‘lgan bu kabi vazifalarini qabul qilolmayapti va bu muammoning yechimini ham topa olmayapti. Gap shundaki, erkin tarbiya texnologiyasi bo‘yicha hech bir tarbiyachi yoki o‘qituvchi bolani tarbiyalash maqsadini belgilashga haqli emas. Bu da’vosi bilan u o‘zi bilib-bilmay, istab-istamay bolaning tabiiy taraqqiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Erkin tarbiyaga xos bo‘lgan ta’lim jarayonini san’at ta’limiga xos bo‘lgan xususiyatlar misolida aniqroq tasavvur qilish mumkin.
Ya’ni, bolaning musiqa bilan muloqotga kirishishi (bola-musiqa tamoyili asosida) jarayoni va pedagogning bola bilan muloqoti san’at asari (ustoz-musiqa-bola tamoyili tarzida) orqali amalga oshiriladi. San’at ta’limida faqat musiqiy kommunikatsiya qonuniyatlariga amal qilinadi. Ko‘rinadiki, musiqa muallimi va talabgor bir-biri bilan individual shug‘ullanishi, tuyg‘ularining o‘zaro monandligi, ta’lim jarayonidagi hamkorligi bolaning faqat musiqiy bilimga bo‘lgan ehtiyojini qondirish asosida qonuniylashtirib qo‘yilgan. Erkin tarbiyada ham ta’lim subyektlarining o‘zaro munosabati tarbiyalanuvchi subyekt ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda tenglik, bir-biriga ishonch, biri ikkinchisini his qilishi va ikkinchisi birinchisini taqozo etishiga asoslaniladi.
Umumlashtirib aytganda, erkin tarbiya texnologiyasi ta’lim tizimida bolalarga bolaligini qaytarib berish, tarbiyalanuvchilarga Olloh tomonidan berilgan tabiiy sifatlarni saqlab qolish va ularning rivojlanishiga zarur shart-sharoitni yaratishdan iboratdir. Bolalarning bolaligini ularni hayotga tayyorlashga emas, balki shu bosqichdagi hayotni qadrlash, bolalik va o‘smirlik davrini ham hayotning tuhfasi sfatida qabul
qilishdir. Bolaga: kelajakning odami emas, balki shunchaki buguni bilan
yashayotgan; erkin, tushunilishi, boridek qabul qilinishi kerak bo‘lgan; kattalarning ularga teng huquqli hamkor, ularning hozirgi qarashlari, g‘oyalarini kelajakda amalga oshishi mumkin bo‘lgan haqiqatlar deb qabul qila oladigan sherik sifatida munosabatda bo‘lishlarini istaydigan shaxs deb qarash erkin tarbiya texnologiyasi tarafdorlarining aksiomasi, asosiy qoidasidir.
Dunyo miqyosida erkin tarbiya fenomeni M.Monten, M.Montessori, J.J.Russo, Rossiyada L.N.Tolstoy, Y.S.Ventsel singari bir qator mutaxassislar tomonidan o‘rganilgan.
Erkin tarbiya tushunchasi shaxsning o‘zligini anglashi, o‘z-o‘zini rivojlantirishi shaklida Suqrot (eramizdan oldingi 470–399-y) falsafasida ham markaziy g‘oyalardan biri bo‘lgan. U ta’lim-tarbiyada bola erkinligi masalasiga
uning o‘zligini anglashi, unda faollikni uyg‘otish va oshirish usuli deb qaragan. Suqrot bolalarni o‘zining hamkorlari deb bilgan: “Men hech qachon hech kimning o‘qituvchisi bo‘lmaganman. Lekin kimdir mening suhbatimga moyil bo‘lsa, bunga hech qachon monelik qilmaganman”. Ta’lim-tarbiyaning maqsadi Suqrotning nazarida ham jismoniiy, ham ruhiy barkamol shaxsni shakllantirishdir. Bola o‘zining kamoloti uchun intilsagina bu maqsad amalga oshishi mumkin. Zo‘rlab tiqishtirilgan tarbiya yuqmaydi ham, yoqmaydi ham.
Bu g‘oya Monten pedagogikasida ham o‘z aksini topgan. Mishel de Monten (1533–1592) o‘zining “Tajribalar” nomli kitobida: “Bolaga tayyor haqiqatlarni hali ularning mohiyatini bilmaydigan vaqtidan uqtira boshlaydilar. Haqiqatlar haqida boshqalarning bilganlariga asoslanib xulosa chiqarish mumkin emas”, deb yozgan edi. Ko‘rinadiki, tarbiyashunoslikda har qanday bilimni o‘zlashtirishning o‘z o‘rni va o‘z vaqti bor. Vaqtida berilmagan har qanday
bilim bolaning yoshi o‘tgach uning uchun keraksiz va ahamiyatsiz bo‘lib qolgani singari vaqtidan oldin tiqishtirilgan tarbiya ham samarasiz qolaveradi.
Fransuz yozuvchisi Jan-Jak Russo (1712–1778): “Inson mukammal bo‘lib tug‘iladi, ammo jamiyat o‘zining tarbiyasi bilan uni mayib qiladi”, degan ekan. Russo bolaning erkiga daxl qilmaslikni, uni hech qachon, hech narsaga majburlamaslikni taklif qilgan holda, tarbiyalanuvchiga nisbatan qat’iyatli va talabchan bo‘lishni unutmaslikni, ayni zamonda, har qanday injiqliklarini qondiravermaslikni ham ta’kidlaydi. U odamni o‘z ixtiyori bilan yaxshiliklarga yo‘naltirish shu ishni kuch bilan qilishga majburlashdan ko‘ra yaxshiroq samara beradi deb hisoblaydi.
O‘ziga xos pedagogik qarashlarga ega bo‘lgan L.N.Tolstoy(1828–1910) ta’lim mazmuni va maktabning ichki tuzilishini bolalarning xohishlari asosida amalga oshirish, bilimlarni ixtiyoriy tarzda o‘rganish kutilgan samarani berishini ta’kidlaydi. Uning fikricha, bola xohlagan narsasini xohlagancha eslab qoladi. Bolani tarbiyalash, unda qandaydir axloqiy fazilatlarni shakllantirishga urinishni Tolstoy kattalar tomonidan bolaga o‘tkaziladigan zug‘um deb biladi. Uningcha, tarbiya bolada mavjud bo‘lgan axloqiy fazilatlarga maksimal darajada uyg‘un bo‘lmog‘i lozim, xolos. Ortiqcha hech qanday zo‘riqishlarga hojat yo‘q.
Mariya Montessori(1870–1952)ning erkin tarbiyaga qaratilgan texnologiyasi pedagogning har bir bolaga individual yondashuviga asoslangan. Uning fikricha, har bir bola o‘quv materiali va shug‘ullanish uchun zarur bo‘lgan vaqtni o‘zi tanlaydi, ya’ni o‘zi istagan mavzuda qancha xohlasa shuncha (joniga tekkunicha yoki charchagunicha) shug‘ullanaveradi. Bu jarayonda bola o‘z xususiy ritmi va yo‘nalishida tabiiy ravishda rivojlanib boradi. Montessori ham bolaga avtoritar ta’sir ko‘rsatishga qarshi bo‘lgan. U o‘z amaliy faoliyatida maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarning xotirasi hisobidan ishlashdan ko‘ra ularning shaxsi uchun zarur bo‘lgan muammolar ustida mulohaza yuritishga imkon beradigan ta’limiy muhitni yaratishga harakat qilgan. Bunda bola o‘ziga qanday vaziyat qulay bo‘lsa shuni tanlashiga imkon berilgan. Montessorining mazkur pedagogikasi dunyo miqyosida bugun ham yetakchi texnologiya hisoblanadi.
Taniqli fransuz pedagogi – gumanist S.Frene(1896–1966): “Jamiyatning demokratlashuvi maktabning demokratlashuvidan boshlanadi. Avtoritar maktab demokratik jamiyatning bo‘lajak fuqarolarini shakllantira olmaydi”, degan ekan. Ko‘rinadiki, millatning, mamlakatning taqdiri va kelajagi maktabgacha ta’lim tizimi, maktab va pedagogning qo‘lida. Tarbiyachi-o‘qituvchi ko‘tarilmas ekan, millat ko‘tarilmaydi. Millat ko‘tarilmas ekan, mamlakat ko‘tarilmaydi. Shu ma’noda, bo‘lajak pedagoglarning yuksak saviyasi, insoniy va kasbiy kompetentliligi darajasi ertaning buyukligi garovidir.
Rus pedagogi Y.Ventsel (1907–2002) ham ta’limda erkin tarbiyani targ‘ib qilgan. Uning fikricha, axloqiy fazilatlar tarbiyalanuvchilarning “miyasiga joylab qo‘yish” bilan emas, balki bolada ma’naviy sifatlarga ixtiyoriy moyillik uyg‘otish yo‘li bilan singdirilishi lozim.
Afsuski, milliy pedagogikada erkin tarbiya texnologiyasi va ta’lim bosqichlarida undan foydalanishning
nazariy va amaliy xususiyatlari alohida tadqiqot tarzida o‘rganilmagan.
Mamlakatimizning o‘z fikriga ega bo‘lgan fuqarolarini shakllantirish uchun butun ta’lim tizimini bugun jamiyat talab qilayotgan avlodni tarbiyalashga qaratish, xususan, uzluksiz va uzviy adabiy ta’limini erkin tarbiya texnologiyasiga tayangan holda tashkil etish davr talabidir.
Qunduzxon HUSANBOYEVA