Ey, Vatan!
Isming aytib chiqar kurtaklar,
Isming aytib chiqadi quyosh.
Isming aytar jangchi yuraklar,
Kurash chog‘i tugasa bardosh.
Ey, qalbimning onasi, Vatan!
Xurshid Davron
Vatan. Bu so‘zni eshitganda yuraklarda ajib bir g‘urur va hayajonni his etamiz.
Vatan. Tunlar bedor uxlamay mehr bilan allalar aytgan munis va mehribon onamsan!
Vatan. Mening baxt-u iqbolimni o‘ylagan, qo‘llari mehnatdan qavargan bag‘rikeng otamsan!
Meni ko‘rganda ko‘zlari mehrdan yongan sho‘x-shaddod opa-singlimsan!
Meni or-nomusim deb avaylagan, goho bilib-bilmay ko‘nglini og‘ritib qo‘ysam, jilmayibgina kechirgan tanti va mard og‘amsan!
Ilk qadamimdan hayratlangan, quvongan, duolar qilib baxtimni, umrimni tilagan bobomsan!
Ilk so‘zlarimdan zavq olgan “oppog‘im”, “enam” deb erkalagan momomsan!
Ko‘zlarimni quvnatgan, menga kuch-quvvat ato etgan bog‘-u rog‘imsan, g‘ururdan mag‘rur ko‘ksini kerib turgan tayanchim-tog‘imsan.
Vatan. Tongda hech kimga aytmagan tushlarimni tinglagan irmoqlarim, barchaga birdek hayot baxshida qilgan daryomsan!
Vatan. Seni, senga bo‘lgan mehr-muhabbatni so‘z bilan ta’riflab, qalam bilan chizib bo‘lmaydi.
Vatan shu qadar azizki, uni inson umr bo‘yi e’zozlab sevadi. Unga bo‘lgan mehr-muhabbat, sadoqatning o‘lchovi bo‘lmaydi. Bir kitobda
o‘qigan edim.
“Biz o‘zimiz bilan tariqcha narsa olganimiz yo‘q. Vatanni olib ketib bo‘lmaydi. Agar Vatanni xurjun kabi olib yurish va tashlab ketish mumkin bo‘lganda, u sariq chaqaga ham arzimasdi”.
Har bir davr ijodkorlari Vatan tuyg‘usini, unga bo‘lgan mehr-muhabbatni satrlarga tizaveradi, ammo uni hech kim me’yoriga yetkaza olmagan.
Ammo Vatanni sevish, ayniqsa, uni amalda namoyon qilish unchalik oson ish emas...
Buni xalqimizning asrlar davomida orzu-niyat qilib, intilib kelgani – yurt ozodligi, hurligi yo‘lida o‘z jonlarini baxshida etgan To‘maris, Shiroq, Spitamen, Jaloliddin Manguberdi, Najmiddin Kubro jasoratida, “Vatan uchun” deya jangga kirgan qanchadan qancha mard, jasoratli o‘g‘lonlar timsolida ko‘rishimiz mumkin.
Hech yodimdan chiqmaydi. Akamning nikoh to‘yi edi. Kuyovjo‘ralar bilan kelinning dugonalariga bir uyga joy qilishdi. Davrani qizitish uchun bir abjirrog‘i qog‘ozga savollar yozib, yigit-
qizlarga tarqatdi. Biz ham qiziqib eshikdan, derazadan mo‘ralab turibmiz. Akamning Afg‘onistonda harbiy xizmatni o‘tagan Eshdavlat ismli do‘stiga “Eng aziz ne’mat nima?” degan savol tushdi.
Eshdavlat aka savolni baland ovozda o‘qidi-yu, birpas jim bo‘lib qoldi. Nazarimda, bo‘g‘ziga nimadir tiqilganday bo‘ldi. Davradagilar “non”, “kitob”, “do‘stlik” so‘zlarini aytib yordamlashgan bo‘ldi. U kishi o‘zini tutib oldi, ko‘zlaridan oqayotgan yoshlarni ro‘molchasi bilan artdi.
– Dunyoda eng aziz ne’mat, bu Vatandir, – dedi.
Negadir bu so‘zlar mening murg‘ak qalbimda chuqur iz qoldirgan edi. Shunda anglaganim – tinch va obod Vatanda yashash ham, uni sevish ham baxt ekan.
Bir yili urush qatnashchilari bilan o‘quvchilar uchrashuvi o‘tkazdik. Uchrashuvga Afg‘on urushi qatnashchisi Erkin Shoyimovni ham taklif qildik.
Faxriylar urushning dahshatli oqibatlari, inson hayoti uchun tinchlikning ahamiyati haqida gapirib berishdi.
O‘quvchilardan biri Erkin akaga savol berdi.
— Siz Vatanga qaytayotganingizda o‘zingizni qanday his etdingiz?
Rahmatli Erkin akaning ko‘zlari yoshga to‘lib dedi:
— Dunyoda Ollohning bizga atagan buyuk tuhfasi bor. Buni har doim ham anglayvermaymiz.
Bu – Vatan.
U go‘zal tabiati, osmono‘par tog‘lari, dala-dashtlari, bepoyon qirlari, bebaho ma’danlaridan tortib, oddiy tuproq ko‘chalari, maysa-yu tikanlari bilan azizdir.
Bizga Vatanga qaytish buyurilganida quloqlarimizga, samolyotdan tushganimizda esa ko‘zlarimizga ishonmadik. Bilasizlarmi, samolyotda kelgan barcha askarlar Vatan tuprog‘ini o‘pish, uni quchish uchun yerga yotib olgandik, tushgan
joyimiz beton bo‘lsa ham ahamiyati yo‘q edi.
Vatanga omon qaytmoq, uning bag‘rida yashash qanchalik baxt bo‘lsa, uning bag‘rida o‘lmoq ham shunday baxtdir. Buni ta’riflab bo‘lmaydi, faqatgina his qilish mumkin.
Tinchlikning naqadar ulug‘ ne’mat ekanligini urush yillarida bolaligi kechgan ota-bobolarimiz hikoyalaridan ham anglab olganmiz. Shoir Yo‘ldoshbek Kenja ta’riflaganidek:
Urush... Bu so‘zni aytganda til muzlaydi,
Urush... Bu so‘zning libosi qop-qora.
9-may – Xotira va qadrlash kuni eng yaqin qadrdonlarimizni yodga oldik. Xalq manfaati uchun mehnat qilgan, el-yurt hurmatiga sazovor, yurt ozodligi deya kurashlarda halok bo‘lgan kishilar xotirlandi. Marhumlarni yod etish, tiriklarni shod etish – bu kunning asosiy ma’nosini belgilaydi.
Vatan aziz, jasorat mangu.
Yillar o‘taveradi, ammo xalq o‘zining asl fidoyi farzandlarini unutmaydi. Ular qaysi kasb egalari bo‘lishidan qat’i nazar, xoh o‘qituvchi, xoh shifokor, xoh muhandis, yo olim, yoki Vatan sarhadlarini qo‘riqlayotgan posbonlarimiz bo‘lsin. Ularning hayoti, jasorati bizga ibrat bo‘lib xizmat qilaveradi. Farzandlarimiz qalbida Vatanga muhabbat, sadoqat urug‘ini ekishga fidoyilikka chorlayveradi.
Bugungi yosh avlod bobolarimiz jasorati, sadoqatidan o‘rnak olib, ilm-fan cho‘qqilarini egallashga, jahonga O‘zbekiston atalmish o‘lkaning dong‘ini doston qilishga, eng rivojlangan mamlakatlar qatoriga qo‘shish va istiqbolini ko‘rish uchun bor kuchini sarflaydi.
O‘quvchilarimning ijodiy daftarini varaqlayman:
Bu – haqiqat, qilmayman inkor,
Tomchi so‘zim bo‘lmas balki ko‘l.
Vatan, senga muhabbatim bor,
Tanti dehqon hosilidek mo‘l.
(Sherali Eshbo‘riyev)
Yoki:
Vatan, seni nega sevmayin,
Sen – orim, g‘ururim, qalbim qo‘risan.
Nega dovrug‘ solmay dunyoga,
Sen – mehr, ham sehr, iymon nurisan.
(Sevinch Kenjayeva)
Daftarda bitilgan satrlardan ayon — yoshlarimiz o‘z ajdodlari bilan iftixor qilishi barobarida, farzand bo‘lib Vatanning sha’nini ko‘targisi,
ulug‘lagisi keladi. Albatta, bunday sharafga erishish uchun harakat qilishlariga ishonaman.
Risolat JUMANAZAROVA
Qamashi