Haftalikda kitobxonlik
Haftalik da kitobxonlik
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbusning asosi ham ma’naviyatni yuksaltirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan. Aynan to‘rtinchi tashabbus doirasida Samarqand viloyati bolalar kutubxonasi tomonidan yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish maqsadida “Kitob orqali dunyoni kashf etamiz” shiori ostida bir qator adabiy-badiiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
— Har bir ota-ona farzandining ta’lim-tarbiyali, odob-ahloqli, barkamol bo‘lib voyaga yetishini orzu qiladi va shunga intiladi, — deydi kutubxona direktori Yusuf Muhammadiyev. – Ayni paytda yosh bolaning qo‘liga qiziqarli ertak kitoblarni tutqazgan, o‘zbek va jahon adabiyoti vakillarining eng sara asarlarini birgalikda mutolaa qilishga istak va fursat topgan ota-onagina o‘sha ezgu maqsadiga erishadi. Komil insonni tarbiyalash, buyuk ajdodlarimizga munosib avlodni kamol toptirishning eng afzal yo‘li kitob bilan hamnafaslikdir.
Samarqand shahridagi 24-maktabida “Boshimizda oftob bor, qo‘limizda kitob bor” shiori ostida kitob taqdimoti, 70-maktabida taniqli shoira Ra’no Odilovaning “Kumush terakzor” nomli kitobining taqdimotlari o‘tkazildi.
“Ommaviy kitobxonlik haftaligi” doirasida viloyat bolalar kutubxonasi tomonidan yoshlar o‘rtasida kitobxonlik va mutolaa madaniyatini shakllantirish, ushbu yo‘nalishda targ‘ibot-tashviqot o‘tkazish, taniqli shoir va yozuvchilar ishtirokida ularning asarlariga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazildi. “O‘smir kitobxonligi va zamonaviy dunyo”, “Adabiy ring” va “Adabiy o‘yin”, “O‘qilgan kitoblardan sevimli personajlar”, “Men hikoya kilib bermoqchi bo‘lgan kitob” kabilar shular jumlasidandir. Bunda shahrimizdagi 10-, 17-, 19-, 37-, 39-, 45-, 48-umumiy ta’lim maktablarining o‘quvchi yoshlari faol ishtirok etishdi.
Kutubxona xodimlarining shoir va yozuvchilar hayoti va ijodi, turli badiiy adabiyotlarga oid, shuningdek, o‘zbek xalq maqollari ishtirokida tuzgan savollariga javob berishdi. “Mening sevimli o‘yinchog‘im” mahorat darsida esa o‘quvchilar o‘zlari tikkan yumshoq o‘yinchoqlarni namoyish qilishdi. “Olam haqida bir olam kitob” nomli multimedia taqdimotida o‘quvchilar kitobning yaralish tarixi, uning ahamiyati, jahonga mashhur ilmiy, badiiy, ijtimoiy-siyosiy adabiyotlar haqida tushunchaga ega bo‘lishdi. “Mutolaa komil insonni tarbiyalash omili sifatida”, “Oilaviy kitobxonlikni tashkil etishning asosiy shakllari” mavzusidagi davra suhbatlariga oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari, pedagoglar, shoir va yozuvchilar hamda ota-onalar keng jalb qilindi. Tadbirlarda bola ta’lim-tarbiyasida ota-onalarning mas’uliyati, oilada kitobxonlik muhitini yaratish, qimmatbaho buyumlardan ko‘ra farzandga kitob sovg‘a qilishning muhimligi haqida mulohaza yuritildi.
— O‘qish-o‘rganishga chanqoq bo‘lgan bolalik damlarimizda bilim olish, mutolaa qilish uchun ma’no-mazmunli bir kitob topa olmasdik, — deydi Madaniyat mahallasida istiqomat qiluvchi mehnat fahriysi Muzaffar Erkayev. – Topganimizda esa navbat kutib, almashib o‘qib, ma’naviy ehtiyojimizni qondirardik. Ota-ona va ustozlarimizga qanday savol bilan murojaat qilsak, ular barcha jumboqni kitobdan yechimini axtarishga undardi, shunga qiziqtirardi. Bugun imkoniyatlar keng, kitobxonlikka e’tibor ham o‘zgacha. Faqat farzandu nibiralarimizni televideniye, internet, kompyuterlarga bog‘lanib qolishining oldini olib, kitob o‘qishga jalb qilolsak bas. Bunda, avvalo, kattalar, o‘z o‘rnida, ota-ona, o‘qituvchi namuna bo‘lishi lozim.
Haftalik davomida Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor, Oybek, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Odil Yoqubov, O‘tkir Hoshimov, Muhammad Ali, Tohir Malik kabi shoir va yozuvchilar asarlarining taqdimotlari o‘tkazildi. Buyuk davlat va jamoat arboblari hayoti, faoliyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar o‘quvchi yoshlarda boy taassurot qoldirdi.
“Ommaviy kitobxonlik haftaligi” yakunida “Eng yaxshi kitobxon o‘quvchi”, “Eng yaxshi kitobxon sinf”, “Eng yaxshi kitobxon maktab”, “Eng yaxshi kitobxona oila” kabi nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, kutubxonaning faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Orif XOLIQULOV