Hamma ayb o‘zimizda
Ishtixon tumani markazidan uncha olis bo‘lmagan qishlog‘imga otlandim. Mashinadagilar bir-birini uncha tanimasa-da, suhbat qizigandan qiziydi. Men ham beixtiyor quloq solaman. “Falonchining o‘g‘li piston joyda o‘qiydi. O‘qituvchilar zo‘r emish”, deya biri maqtansa, biri “Ey, qo‘ysangchi. Bizda haligacha odam ajratishadi. Hattoki maktablarda ham kiyinishi, ota-onasining kimligiga qarab muomala qilishadi. Maktab ta’lim tizimi rivojlanmagandan keyin oliygohlar zo‘r o‘qitishiga ishonmayman”, deya labini bujmaytirdi. Yana bir ayol esa “Ta’lim tizimimizda maqtangulik nima bor? “Yodla-qaytar” metodikasiga asoslangan, bolada kashfiyotchilikni rivojlantira olishmaydi, - deydi.
Ularning fikrlari meni o‘ylantirib qo‘ydi. Uyga keliboq, qishlog‘imizning har xil sohalarda faoliyat olib boradigan kishilariga savol berdim: “Bizning ta’lim tizimiga qanaqa o‘zgartirishlar kiritish kerak? O‘zi biz ta’limni rivojlantirish uchun to‘g‘ri strategiya tuzyapmizmi?”
Chamasi 22 yoshlardagi talaba yigit o‘zi o‘qiyotgan universitetdan nolimasligini, hammasi yetarli ekanligini aytyapti-yu, “buni yozmaysiz-a shunda rostini aytaman” deydi. Boshqa biri esa “Bizning ta’lim tizimimizda 2 narsa yo‘q, bular ta’lim va sistema”, dedi. Hayron qolmay ilojim yo‘q. Yana bir o‘qituvchi “Biz har bir bolaning bilimli bo‘lishini xohlaymiz va harakat qilamiz, ammo televideniye orqali efirga uzatilayotgan telefilmlar, internet tarmoqlaridagi ayrim videolar ular ongiga o‘qimasdan ham mashhur bo‘lish mumkin ekan, degan fikrni singdirmoqda”, dedi.
Boshim qotdi. Ayb ta’lim tizimidami, blogerlardami, televideniyedami, bolalardami, o‘qituvchilardami? O‘ylab, o‘ylab o‘zim uchun javob topdim. Ayb hammamizda! O‘qimayotgan bo‘lsangiz ham, o‘qisangiz ham, o‘qitivchi bo‘lsangiz ham, bo‘lmasangiz ham.
Ota-onalar, ta’lim tizimi yo‘q bo‘lsa, siz o‘zingiz farzandingizga yo‘qdan bor qilishni o‘rgating, o‘qituvchi ham bilar, axir o‘z-o‘zidan dars o‘tmas. Odam ajratyaptimi, demak siz vaqtida yaxshi o‘qimagansiz. Alloh barchamizni birdek yaratgan-ku, Stive Jobs ham boy bo‘lib tug‘ilmagan. O‘qing, o‘qituvchidan nimadir kutmasdan o‘zingizning ustingizda ishlab, farzandlaringiz uchun yaxshi sharoit yarating.
O‘qituvchimisiz? Sizdan ham ayb o‘tgan. Qachongacha, “yodla-qaytar”dan voz kechmaysiz, bolaga shaxs sifatida qaramaysiz, dars berish metodikangizni o‘zgartirmaysiz, oʻquvchida tanqidiy fikrlash, ijodkorlik, hamkorlikda ishlash, birovning fikriga hurmatni shakllantirish kabi tushunchalarni onggiga joylashga harakat qilmaysiz. Obro‘yingiz ko‘tarilishi uchun jon-jahdingiz bilan bolalarga dars bering. Ulardan kelajakda mashhur insonlar chiqishi, siz uchun foydali emasmi?
Qayerga qaramang, televideniyeda ham, radioda ham, boshqa joyda ham “ota-bobolarimiz” deymiz. Ming yil oldin o‘tganlar bilan maqtanamiz. Xo‘p, Beruniylar, Ulug‘beklar, Ibn Sinolar ilmda o‘z davri uchun katta ishlar qilgan. Kechirasiz, koronavirus yoki boshqa kasalliklarni ilmiy jihatdan tadqiq qilib, davosini topayotganlar Ibn Sino avlodlari emas, boshqalar. To‘g‘ri, tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q, ammo faqat o‘tmish bilan yashagan insonning ham kelajagi yo‘q. Ota-onalar, o‘qituvchi va murabbiylar barchasi o‘z qo‘lingizda.
Yurtimizda imkoniyatlar ko‘p, oliy ta’limda-da o‘qish uchun faqat repetitorlarga borib, bilim olish kerak, degan stereotiplardan qochaylik. O‘qituvchi bor bilimini o‘quvchiga bersa, ota-ona bilim olishini farzandidan qat’iy talab qilsa, albatta, talaba bo‘ladi. Bepul ta’lim olayotgan farzandingizdan hech narsa talab qilmaysiz-u, repetitorga borsa, pul to‘lab, o‘qityapman, o‘qi deysiz? Har bir berilgan ne’matlarning o‘z savol-javobi bor axir. Ulardan oqilona foydalanish darkor. Qachongacha aybni o‘zimizdan emas, boshqalardan qidiramiz? Muammolaringiz bormi, deyishsa, qator muammolar sanaymiz-u, ularning yechimini topishga harakat qilmaymiz!
Shahlo TOLLIBOYEVA,
O‘zDJTU xalqaro jurnalistika
fakulteti talabasi