Haqiqat osmonda — narvoni hamyonda
Haqiqat osmonda — narvoni hamyonda
Zaharli akokantera o‘simligi haqida eshitganmisiz? Uning mevalari yoqimli hid taratadi, ta’mi ham shirin. Shu bilan u odamlarni o‘ziga jalb qiladi. Ammo akokantera zahri butun organizmni yemirib, odamni halok qiladi. Korrupsiya ham akokantera kabi avval egasini, keyin butun jamiyatning taraqqiyotini izdan chiqaradi.
Bugun hamma sohaga kirib borgan korrupsiya tibbiyotni ham chetlab o‘tmadi. Biz oq xalat kiygan odamlarga salomatligimiz posbonlari, vijdoni pok insonlar, xaloskorlar sifatida qaraymiz. “Xalat” so‘zi arab tilidagi “hil at” so‘zlar birikmasidan olingan bo‘lib, “sharafli libos” degan ma’noni anglatadi. Ammo Gippokrat qasamini ichib, sharafli libosiga dog‘ tushirayotganlar ham uchrab turadi. Ta’kidlash joizki, bugungi kunda tibbiyot muassasalari, tug‘uruqxonalarda tamagirlik va korrupsiya holatlari haqida ko‘p eshitaman. Misol uchun, shifokorlar ko‘rigidan o‘tishga vaqt sarflamay poliklinikadan dalolatnoma sotib olish, navbat kutmay xizmat ko‘rsatilishini pul evaziga tezlashtirish, ish uchun soxta kasallik va nogironlik varaqalarini tayyorlash va boshqalar.
Yaqinda bir hamshira dugonam aytib qoldi, tuman poliklinikasiga ishga kirish uchun bosh shifokor undan pul talab qilibdi. Pora miqdori ishlaydigan oylikdan 2 baravar ko‘p ekan. “Yulg‘ich yulib to‘ymaydi, qirg‘ich qirib qo‘ymaydi” degan maqol bekorga aytilmagan-da. O‘z oilasiga harom luqma yedirgan bunday kimsalar tarbiyalagan farzandlar ham kelgusida ota-onasi izidan bormasligiga kim kafolat beradi?
Men bir insonni bilaman. U chinakamiga halol, vijdonli, amali ham kiyimiga mos inson. O‘z yaqinlari ham bemorlari kabi navbat bilan qabuliga kiradi. Ayrim sharoiti og‘irroq bemorlarga beminnat yordam qilganiga ko‘pchilik guvoh. Bu uning soddaligidan emas, kasbiga muhabbatidan deb bilaman.
Har bir kishi o‘z kasbini sidqidildan sevmog‘i lozim. Sevgi bor joyda qanoat bo‘ladi. Qanoat bor joyga baraka ham yomg‘irday yog‘averadi. Baraka bor joyda korrupsiyaga ehtiyoj qoladimi?! Kishi halol ishlab, peshona teri bilan non topsa, o‘z ishidan o‘zi ham zavq oladi, luqmasi yanada totli bo‘lganini his etadi. Mana insoniy tuyg‘ularning quvvati, mana ichki kuch, mana kasbga muhabbat!
Qandli diabetda gangrena sababli chirib boshlagan bosh barmoqni kesib tashlamasa, bu chirish oyoqni, keyinchalik esa butun tanani nobud qiladi. Bu kasallikning davosi — faqatgina kesib tashlash. Korrupsiyani ham kesib tashlash orqaligina yo‘q qilishimiz mumkin. Aks holda, yurarmiz bu so‘qmoqqa, chidarmiz-da to‘qmoqqa...
Shahlo ORZIYEVA,
O‘zJOKU talabasi