Harakatsiz marraga yetib bo‘lmas
O‘quvchi kundaligi
Harakatsiz marraga yetib bo‘lmas
Inson orzu qiladi. Yaxshi, to’kin-sochin, baxtli hayot kechirishni istaydi. Xayollarning chegarasi bo‘lmaganidek, orzu qilishda ham insonni hech narsa bilan cheklab bo‘lmaydi. Ammo ko‘pincha orzu orzuligicha qoladi, amalga oshmaydi. Qachonki, orzuni maqsadga aylantirilsa, unga erishish yo‘li qisqaradi. Orzusiz inson bo‘lmaganidek, maqsadsiz ham yashab bo‘lmaydi. Nimanidir xohlamasdan, nimagadir intilmasdan yashash bu insoniyatga xos emas. Ammo shuni ham yodda tutish kerakki, har qanday orzuni ham maqsadga aylantirish mumkin emas. Maqsad qo‘yayotganda, avvalo, unga erishish imkoniyatini hisobga olish lozim. Albatta, maqsadni katta qo‘ygan afzal, deyishadi. Yulduzni ko‘zlagan oyga, oyni ko‘zlagan esa cho‘qqiga yetishi haqida ko‘p gapiriladi. Darhaqiqat, yuqori maqsad qo‘yib, unga erishish uchun jon-jahdi bilan kurashgan inson jilla qursa o‘sha ko‘zlagan marrasiga yaqinlashadi. Ba’zida esa maqsadiga butunlay yetishi ham mumkin. Muhimi – maqsadsiz yashamaslik.
Maqsadingiz bormi, deya so‘rashsa, “Yo’q”, degan javob juda kam. Hattoki, eshitganda hayratga tushadigan darajada katta maqsadi borlar ham talaygina. Ana shunday maqsad qo’yganlarning hammasi ham ko‘zlaganiga yetolmaydi. Negaki, ana shu maqsad yo‘lida bor imkoniyati bilan harakat qilmaydi. Bir xil muhitda katta bo‘lgan, bir xil imkoniyatga ega bo‘lgan ikkita yoshni solishtirib ko‘rsangiz, ularda maqsad ham bir bo‘lsa-da, biri erishadi, ikkinchisi esa yarim yo‘ldan qaytadi. Chunki maqsadni belgilash bilan ish bitmaydi. Shunga qarab harakat qilish, ter to‘kish lozim. Katta muvaffaqiyatlarga erishgan insonlar ham boshqa tengdoshlari, zamondoshlari, yaqinlari bilan har tomonlama teng bo‘lishi mumkin. Ammo u ko‘proq mehnat qilgani, sinovlarga chidamli bo‘lgani, taqdir zarbalaridan o‘zini yo‘qotib qo‘ymagani va asosiysi yiqilsa ham qayta o‘rnidan turib, maqsadi yo‘lida bardavom bo‘lgani uchun ana shu darajaga yetgan. Shuning uchun maqsadning tarkibi haqida gapirish kerak bo‘lsa, avvalo harakat va sabr unda eng asosiy o‘rin egallaydi. Shu ikki omil bilan maqsadi sari intilgan inson albatta o‘zi ko‘zlagan marrani zabt etishi shubhasiz.
Hulkar JABBOROVA,
Qiziltepa tumanidagi 26-maktab o‘quvchisi