“Hikoya” orqali huquqlarimizni o‘rganamiz
Asosiy qonunimizdagi huquq va erkinliklarning mazmun-mohiyatini tushuntirish, hayotimizdagi ahamiyatini anglatish, ulardan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmasini shakllantirish uchun darsimni “Hikoya” metodidan foydalangan holda o‘tishga harakat qilaman.
Hikoya — o‘qituvchi tomonidan mavzuga oid dalil, hodisa va voqealarning yaxlit yoki qismlarga bo‘lib, tasviriy vositalar yordamida obrazli tasvirlash yo‘li bilan ixcham, qisqa va izchil bayon qilinishi. Metodning samarasi ko‘p jihatdan o‘qituvchining nutq mahorati, so‘zlarni o‘z o‘rnida, ifodali bayon qilishi, shuningdek, o‘quvchilarning yoshi, rivojlanish darajasini inobatga olgan holda yondashuviga bog‘liq. Shu bois hikoya mazmuni o‘quvchilarning mavjud bilimlariga tayanishi, ularni kengaytirishga xizmat qilishi zarur. Hikoyaning axborotlar bilan boyitilishi maqsadga muvofiqdir.
O‘qituvchi har bir darsda hikoya qilinayotgan materialning maqsadini aniq belgilab oladi, undagi asosiy tushunchalarga alohida urg‘u berishga e’tibor qaratadi.
O‘qituvchi dastlab “Iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar” mavzusi haqida umumiy ma’lmot beradi va ushbu huquqlarning ahamiyatini tushuntiradi. Masalan, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar O‘zbekiston Konstitutsiyasining IX bob 36–42-moddalarida keltirilgan. Iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar fuqarolarning normal turmush kechirishini ta’minlovchi, yashash uchun ma’lum darajada o‘zining moddiy va ma’naviy ehtiyojini qondiruvchi huquqlardir. Iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar quyidagilardan iborat:
— Mulkdor bo‘lish huquqi (36-modda);
— Mehnat qilish huquqi (37-modda);
— Dam olish huquqi (38-modda);
— Ijtimoiy ta’minot olish huquqi (39-modda);
— Malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi (40-modda);
— Bilim olish huquqi (41-modda);
— Ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi (42-modda).
O‘quvchilar yodida mustahkam saqlanib qolishi uchun o‘qituvchi ushbu huquqlarni bir oila hayoti misolida hikoya qilib beradi:
“Anvar va Ra’no maktabni a’lo baholarga tamomlab, oliy o‘quv yurtiga grant asosida talabalikka qabul qilindi. Ular oliy o‘quv yurtini ham imtiyozli diplom bilan tamomlab jonajon qishlog‘iga
qaytdi.
Ota-onalarining yaxshi niyatlari va duolari bilan Anvar va Ra’no turmush qurdi. Endi ular bir oila. Ular alohida oila bo‘lib yashay boshladilar. Garchi oilani moddiy tomondan ta’minlash oila boshlig‘i bo‘lgan Anvarning zimmasida bo‘lsa-da, Ra’no ham o‘z kasbi bo‘yicha mehnat qilib oilasiga, jamiyatga foydasi tegish istagini bildirdi. Ularning kasbi o‘qituvchi edi. Ikkisi qishlog‘idagi maktabga ish so‘rab murojaat qildi. Maktab direktori ularni mamnuniyat bilan ishga qabul qildi”.
O‘qituvchi savol bilan murojaat qiladi: – Aziz o‘quvchilar, bu vaziyatda Anvar va Ra’no konstitutsiyamizning nechanchi moddasidagi huquqidan foydalandi?
Birinchi o‘quvchi javobi: – 37-moddada keltirilgan mehnat qilish huquqidan foydalandi.
“Vaqt o‘tib farzandlar dunyoga kelib ulg‘aya boshlashdi. Ular ham bilimli, yuksak ma’naviyatli bo‘lib voyaga yetishini orzu qilishdi. Bolalari maktab yoshiga yetganida maktabga berishdi. Ular ham ota-onasidek zukko va qobiliyatli bo‘lgani uchun maktabda a’lo baholarga o‘qiy boshladi”.
Ikkinchi o‘quvchining javobi: 41-moddada keltirilgan bilim olish huquqidan foydalandi. “Farzandlar ulg‘aygani sari ularning yaxshi tashvishlari ham kattarib, oilaning moddiy ehtiyojlari oshib borar edi. To‘ng‘ich farzandi oliy o‘quv yurtini iqtisodiyot va tadbirkorlik yo‘nalishi bo‘yicha tamomladi. Farzandining tadbirkorlikka qobilyatini sezgan ota-onasi uning yosh bolalarning kiyim-kechaklarini ishlab chiqaradigan kichik bir oilaviy korxona ochishiga yordam berdi. Tadbirkorlik faoliyati chet davlatlarga mahsulotlar eksport qiladigan darajada rivojlandi. Endi farzandi mulkdor”.
O‘qituvchi: – bunda-chi?
Uchinchi o‘quvchining javobi: – 36-moddada keltirilgan mulkdor bo‘lish huquqidan foydalandi.
“Oilaning budjeti mustahkamlandi. O‘qituvchilik va tadbirkorlikdan topayotgan halol mehnati evaziga oilada moddiy ehtiyojdan ortiqcha mablag‘ shakllandi. Oila a’zolari bu ortiqcha mablag‘larni bankka omonatga qo‘ydi. Bu orqali bo‘sh turgan mablag‘laridan boshqalar ham foyda ko‘rishi mumkin edi”.
O‘qituvchi savol bilan murojaat qiladi: – Aziz o‘quvchilar, bu vaziyatda oila Ksonstitutsiyamizning nechanchi moddasidagi huquqidan foydalandi?
To‘rtinchi o‘quvchining javobi: – 36-moddada keltirilgan bankka omonatlar qo‘yish huquqidan foydalandi...
O‘zbekiston hududida yashayotgan har bir fuqaro Konstitutsiyada keltirilgan huquq va erkinliklarini bilishi, ulardan to‘g‘ri foydalanishi va qonunlarda belgilangan burchlarimizni vijdonan bajarishi lozim. Bu vatanimizning istiqbolini belgilab beradi.
Rustam DO‘STNAZAROV,
Uzun tumanidagi 20-maktabning davlat va huquq
asoslari fani o‘qituvchisi