Hikoyaning tug‘ilishi
K.Paustovskiy (1898-1968)
(Davomi. Boshi o‘tgan sonda).
— Siz-chi, bu haqda yozolmaysizmi? — iymanibgina so‘radi Jenya. Muravyov tushundiki, u tortinchoq bo‘lmaganida bu haqda yozishni so‘ragan bo‘lardi. Axir boshqalar o‘zlarining ishlari haqida yozishadi-ku. Muravyov taqqa to‘xtadi, ko‘zlarini qisib diqqat bilan Jenyaga tikildi va to‘satdan kulib yubordi.
— Siz ajoyibsiz! Mening bu haqda yozayotganligim, to‘g‘rirog‘i, aynan yozuvchining mehnati haqida yozmoqchi ekanligimni qanday qilib topdingiz?
— Ha, men topmadim, — xavotirlanib javob qaytardi Jenya. — Men shunchaki aytgan edim-da. Katyusha Maslova yoki “Sarson-sargardonlikda”gi Telegin kabi shaxslar qanday birdan dunyoga keladi, asrlar mobaynida yashashadi, chindan bilgim keladi. Men shu haqda so‘ragan edim.
Ammo Muravyov endi uning so‘zlarini eshitmasdi. O‘zining mehnati haqida yozish fikri xayoliga birdan keldi. U avval bu haqda nega o‘ylamagan ekan. O‘zi bilmagan, o‘zi boshidan kechirmagan voqealar haqida qanday qilib lanj va beparvo yozish mumkin. Yozish va his qilish, qanday qilib til qotib qoladi, so‘zlar jozibasini yo‘qotadi, g‘azab, yig‘i, o‘y-fikr va kulgi qo‘zg‘ash esa bo‘sh tunuka qutiday ding‘illaydi.
O‘sha oqshom Muravyov so‘nggi kunlari Moskvada yozganlarining barini hech afsuslanmay quruq qayin yog‘ochlari gurillab yonayotgan pechkaga tashlab yubordi. Bir dasta oq qog‘oz stol ustida yotardi.
Muravyov joylashib olib birinchi betga yoza boshladi:
“Keksa, ozg‘in va harakatchan botanik bugun oqshom menga o‘simliklar qor ostida o‘zlarini qanday tutishlarini, ko‘k tuyatovon novdalari qanday sekinlik bilan yupqa muzni yorib chiqishini, qor ustidagi boychechak gullari qanday ochilishini hikoya qilib berdi. Ertaga u meni o‘rmonga olib borishni, to‘g‘ri kelgan yalanglikdagi qorning tepa qatlamini ochib, hozircha nimjon bu qish gullarini o‘z ko‘zim bilan ko‘rishimga va’da berdi.
Men bu hikoyami yoki ocherkni yozarkanman, ijod deb ataluvchi xiyla dabdabali, hali hech kim tomonidan o‘rganilmagan hodisani nima deb atashni ham bilmayman. Men nasr to‘g‘risida yozmoqchiman.
Agar biz nasrning eng asl namunalariga nigohimizni qaratsak, ular chinakam she’riyat bilan to‘la ekanligiga guvoh bo‘lamiz. Tasviriy san’at bilan ham.
Sodda odamlar, ko‘zlari nursiz, bemaza xayollarga to‘la ayrim shoirlar haligacha shunday o‘ylashadiki, olamda sir-sinoatlar qancha kamaysa, bizning tirikchiligimiz shuncha zerikarli bo‘ladi. Buning bari safsata!
Ishonchim komilki, she’riyat – dunyoni g‘oyat teran anglashdan paydo bo‘ladi. She’riyatning ko‘lami bilimlarimiz ko‘lamiga hamohang tarzda o‘sadi. Koinot sirlari qancha kamaysa, inson aql-zakovati qancha oshsa, u shuncha katta kuch bilan boshqalarga ona yerimizdagi go‘zalliklarni bera oladi. Keksa botanikning o‘simliklarning qish faslidagi hayoti to‘g‘risidagi hikoyasi bunga misol bo‘la oladi. Bu haqda ajoyib doston yozsa bo‘ladi. U doston qor tagida ungan boychechakday sovuq oq she’r bo‘lishi kerak. Men avvalboshdan nasr va nazmning manbalari ikki narsa — dunyoni anglash va qudratli insoniy tasavvurda mujassam degan fikrni ilgari surmoqchiman.
Dunyoni anglash — bu tugunak. Undan tasavvurning misli ko‘rilmagan mangu gullari unib chiqadi.
Bu chiroyli o‘xshatish uchun meni kechirishingizni so‘rayman. Menimcha go‘zallik va boshqa narsalarni qoralovchi “yuksak madaniyatlilik” bid’atini unutmoq vaqti keldi. Gap shundaki, ularni me’yorida va joyiga qarab qo‘llash zarur”.
Muravyov to‘xtamasdan yozardi. U fikr va so‘zlar poygasi to‘xtab qolmasligi uchun qalamini bir lahzaga ham qo‘ldan qo‘yishdan qo‘rqardi.
U ijod jarayoni, rus tilining hashamati va kuchi, buyuk so‘z ustalari haqida yozardi. Butun olam o‘zining hayratlanarli rang-barang go‘zalligi bilan kitob sahifalarida to‘liq va aniq takrorlanishi kerakligi, biroq ular yozuvchi tafakkuri va tasavvurining kristallaridan shovqin-suronli voqelikka qaraganda tiniqroq va tushunarliroq elanib o‘tishi haqida yozardi.
U o‘z ishiga butun vujudi bilan sho‘ng‘igan, shoshilardi. Deraza ortidagi yorug‘lik bo‘ylab qarag‘aylar orasida siyrak qor gullari qiya uchqunlardi. Ular zulmatda tug‘ilib, zulmatda ulardilar.
“Shu tobda hovlida qor uchqunlayapti, — yozdi Muravyov. — Suv kristallari o‘chib o‘tayapti. Ularning murakkab va ajoyib tasvirini hammamiz yaxshi bilamiz. Bunday kristallar shaklini kashf etgan inson ulkan sharafga muyassar bo‘larmidi? Biroq bu kristallardan ham ko‘ra lahzalik va chidamsiz narsaning o‘zi yo‘q.
Ularni yo‘q qilishga go‘dakning nafasi kifoya. Tabiat o‘ta saxovatli. U hech qachon kuchini ayab o‘tirmaydi. Biz, insonlar, ayniqsa, yozuvchilar tabiatdan ko‘p narsalarni o‘rgansak arziydi. Avvalo, saxiylikni.
Yozuvchi har bir asariga, mayli u kichkina hikoya bo‘lsin, bor kuchi, eng yaxshi qalb tuyg‘ularini, o‘zini butunlay bag‘ishlamog‘i lozim. Bu joyda o‘zni ayash, manfaatga mutloq o‘rin yo‘q.
Muhandislar tili bilan aytsak, barcha darvozalarni ochmoq kerak. Asarga nuqta qo‘yilgach, yuz berishi muqarrar bo‘lgan ruhiy tushkunlikdan aslo qo‘rqmaslik zarur. Siz endi bir satr ham yozolmaydigandek, go‘yo bor sharbati siqilgan anor bo‘lib tuyulasiz. Bu aldamchi kayfiyat. Hafta o‘tar-o‘tmas yana qog‘ozga talpinasiz. Sizning ong-u shuuringiz oldida dunyo yangidan jilvalanadi. Dengiz to‘lqini chig‘anoq va bargxazonlarni qirg‘oqqa uloqtirib yana iziga qaytgani monand, sizning ongingiz ham ularni chiqarib, yangi ijodingizdan ilk satrlarni oq qog‘ozga tushiradi”.
Muravyov tonggacha yozdi. U so‘nggi satrlarni qog‘ozga tushirayotganida atrof yorishib qolgan edi. Tumanli dalalar tepasida quyuq sovuq tutun o‘rmalar, tong yorishib kelardi.
Pastda hozirgina yoqilgan pechdagi olov ovozi gurillab eshitilar, tortish kuchidan zo‘riqqan pechning cho‘yan eshigi ora-sira tiqillardi.
Muravyov so‘nggi satrlarni yoza boshladi: “Gorkiy behafsala yozish mumkin emas, degandi. Ijod qilayotganingda eng sevimli insoningni ko‘z oldingga keltirishing, unga qalbingda yig‘ilib qolgan eng yaxshi narsalarni hikoya qilayotganday bo‘lishing kerak. Shundagina sof va sog‘lom so‘zlar kela boshlaydi”.
Bu oddiy va buyuk nasihat uchun Gorkiydan minnatdor bo‘lishimiz kerak.
Ertalab Muravyov paqirga sovuq suv solib uzoq yuvindi. Suvda yaltiroq muz parchalari suzib yurardi. Kichkina yuvinish xonasining derazasi ortida qordan egilgan archa shoxi osilib turardi. Yangi paxmoq sochiqdan qor hidi anqirdi.
Yuragi yengil va bo‘m-bo‘sh, hatto vujudida nimadir vaqti-vaqti bilan qo‘ng‘iroq chalayotganday edi. Kunduzi Muravyov Jenyani stantsiyagacha kuzatib qo‘yish uchun otlandi. U Moskvaga, institutiga jo‘nayotgan edi.
— Ochig‘ini aytsam, — dedi Muravyov ular o‘rmondagi platformaning taxta devoriga yaqinlashayotganlarida, — men ham Moskvaga qaytsam bo‘laveradi. Biroq bir-ikki kunga qolmoqchiman. Dam olaman.
— Biznikida o‘zingizni yomon his qilyapsizmi? — xavotirlanib so‘radi Jenya.
— Yo‘q. Bu joylar ajoyib. Shunchaki, men kecha hikoyamni deyarli tugatdim.
Muravyov beixtiyor “deyarli tugatdim” deb yubordi. U hikoyani bir kechadayoq yozib tashlaganiga iqror bo‘lishdan negadir uyalardi.
U Jenya Moskvaga jo‘nab ketguncha, unga bu hikoyani o‘qib berish uchun shoshganini, ammo o‘qishga jur’ati yetmaganini aytmoqchi bo‘ldi. U yana hikoyani yozayotganda faqat uni o‘ylaganini, Gorkiy albatta, haq ekanini, undan minnatdor ekanligini, chunki u dunyoda yashayotgani va butunlay begona odamga ko‘nglida yig‘ilib qolgan eng yaxshi tuyg‘ularni aytib berish zaruratini sezganligini aytmoqchi edi.
Lekin Jenyaga hech narsa demadi. Faqatgina xayrlashayotib qizning qo‘lini mahkam qisib qo‘ydi,
uyatchan ko‘zlariga termuldi va yordam uchun rahmat aytdi.
— Qanaqa yordam? — hayron bo‘ldi Jenya.
Poyezd kelishidan oldin qalin qor yog‘a boshladi. Olisdagi semafor ortidan parovozning cho‘ziq va shodon qichqirig‘i eshitildi. Go‘yo sehrli oq mamlakatdan chiqqanday qor orasidan poyezd otilib chiqdi va tormozlarini shiqillatib to‘xtadi.
Jenya oxirgi bo‘lib poyezdga chiqdi. U vagonga kirmadi, qizargan va jilmaygan holda eshik oldida turib qoldi va xayrlashayotib yashil qo‘lqop kiygan qo‘lchalarini Muravyovga qarab silkitdi.
Poyezd o‘rmonga tutun purkab, qor qo‘yniga o‘zini urdi. Muravyov perronda tik turgan holda uning izidan qarab qoldi. Moskvaning shimoliy vokzalida bo‘lganidek yuragining og‘ir urishini his qildi. Mana hozir yaqin-yaqinda, uchqunlab turgan qor ostidagi yerda juda ajoyib hodisa ro‘y bergani va Muravyov uning ishtirokchisiga aylanganini kutilmaganda yanayam sezdi.
— Yaxshi! — dedi Muravyov. — Yoshlikdan ayro yashab bo‘lmaydi!
Muravyov stansiyaning muzlagan zinalaridan pastga tushdi va muz maydalash uchun jilg‘a taraf otlandi. O‘zi bilan chang‘i tayoqchasini ham olishni unutmagan edi.
Rus tilidan Abdimurod QODIROV tarjimasi.