IJTIMOIY BIRLASHUV: QORAQALPOG‘ISTON YOSHLARI BILAN UCHRASHUV
Seni qo‘llab turar ulug‘ mamlakat,
Yurtboshi yaxshilik tilaydi faqat.
Niyating hamisha bo‘lsin ijobat,
Ham yo‘ldosh, ham qo‘ldosh, ham sirdosh inim.
Abdulla Oripov
Tarixdan ma’lumki, ming yillar davomida O‘zbekiston hududida yashab o‘tgan urug‘ va qabilalarning o‘zaro bir-biriga chambarchas bog‘liqligi, o‘zbek xalqining shajara va shevalarida, xotiralarida o‘z aksini topgan. Qadimdan Qoraqalpog‘iston hududida to‘rtta turkiy tilli xalq — o‘zbek, qoraqalpoq, qozoq va turkmanlar yonma-yon bir-biriga yelkadosh, qarindosh-urug‘,quda-anda bo‘lib tinch yashab kelishgan. Ularning o‘tmish tarixi, tili, madaniyati, urf-odati, diniy e’tiqodi, turmush tarzi deyarlik bir-biridan tafovut qilmaydi. Shuningdek, til jihatdan shevalarning o‘xshashligi, geografik yaqinlik ikki elat orasida iqtisodiy, siyosiy va madaniy aloqa munosabatlarida qulay sharoit yaratib kelayotganligi sir emas.
Bugungi kunda Yangi O‘zbekiston dunyo hamjamiyati orasida o‘z so‘zi va o‘z o‘rniga ega bo‘lgani barchamizga ma’lum. Rivojlanayotgan har bir soha, taraqqiyot sari yuz tutayotgan har islohot zamirida yurtimiz kelajagi yotadi. “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish borasida Qoraqalpoq diyoridagi bugungi o‘zgarishlar quvonarli.
So‘nggi yillarda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni har tomonlama ma’naviy yuksak barkamol avlod qilib tarbiyalash borasida davlatimiz rahbari tomonidan e’tiborga molik islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “O‘zbekiston respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 30-iyundagi Farmoniga muvofiq, 30 iyun – Yoshlar kuni deb e’lon qilinishi ham o‘sib kelayotgan yosh avlodni rag‘batlantirish, har bir yoshning yuragida vatanga bo‘lgan muhabbat tuyg‘usini jo etish asosiy vazifalardan biridir. Shu maqsadda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati hamkorligida 1-iyundan 30-iyungacha “Yoshlar oyligi” doirasidagi ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlarga start berildi. Shu munosabat bilan bir guruh ziyolilar, san’atkorlar, baxshilar, estrada yulduzlari yoshlar bilan uchrashish, ular bilan muloqot qilish maqsadida Qoraqalpog‘iston respublikasiga tashrif buyurishdi. Shuni alohida qayd etish lozim, bu ma’naviy tashriflar birinchi bo‘lib qadimiy qoraqalpoq zaminidan boshlandi. (rasm)
“Yangi O‘zbekiston yoshlari birlashaylik!” yoshlar oyligi doirasida o‘tkaziladigan ko‘pgina tadbirlar, uchrashuvlardan maqsad – yoshlarning ilm olishga, kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini orttirish va aynan ilm-ma’rifat orqali biz xohlayotgan Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevoriga tamal toshini qo‘yish kabi ezgu niyatlarimiz amalga oshajak.
Uchinchi renessans poydevorini yaratishda adabiyot, san’at, ma’naviyat va ma’rifat sohalarining mavqyeini yanada oshirish maqsad qilib qo‘yilgan. Yoshlarni ilmga chanqoq qilib voyaga yetkazish, yuksak vatanparvarlik tuyg‘usini qalbiga jo etishda bu kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning ahamiyati katta. – deya so‘zi davomida qoraqalpoq xalqiga cheksiz hurmat-ehtiromini bayon etdi “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati rahbari Baxtiyor Husanov. (rasm)
Uchrashuv mobaynida “Kitob karvoni” loyihasi asosida Qoraqalpog‘iston respublikasiga 3000 mingdan ortiq kitoblar keltirildi va oliy o‘quv yurtlariga tarqatildi.
Kitob javonda turish uchun emas, o‘qish uchundir. O‘ylaymanki, biz olib kelgan kitoblarni yoshlarimiz sevib mutolaa qiladilar.-dedi o‘z so‘zlarida tarix fanlari doktori, professor Abduxalil Mavrulov.
Qoraqalpoq eliga bo‘lgan tashriflar chog‘ida Nukus shahri, Mo‘ynoq, Qo‘ng‘irot, Shumanay, Qonliko‘l, Taxiatash, Xo‘jayli kabi hududlarga guruhlarga bo‘lingan holda bir qator san’atkor va ziyolilar ishtirokida maktablar va madaniyat uylarida, “Ma’rifat soat”lari, uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda. Shuningdek, onkologik shifoxona va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning ahvolidan xabar olinib, “Mehr-saxovat” loyihasi doirasida sovg‘alar ulashildi. (rasm)
Aytish mumkinki, Qoraqalpog‘iston Respublikasiga qilingan tashrif “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim” yilida “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan vazifalarning yana bir amaliy ijrosi xalq ichra namoyon bo‘lganligini e’tirof etish joiz. “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolarining tashrifi hamon davom etmoqda.
Oygul KAJANOVA, jurnalist