Ikkinchi dorulfunun...
Maktab o‘quvchisi paytligimizdayoq bu gazeta bizga juda qadrdon edi. Ayniqsa, “jurnalist bo‘laman” deb orzulay boshlagan menga. Bundan boshqa sabab ham bor.
1991-yili Respublika mustaqilligi e’lon qilingan vaqtda Forish tumanining Samarqand viloyati bilan chegarada joylashgan eng chet hududidagi 67-maktabning 6-sinf o‘quvchisi edik. Respublikamiz oldida maktab darsliklarini tubdan yangilash, ularni mustamlaka mafkurasi singdirilgan g‘oyalardan xalos qilish, mustaqil O‘zbekiston talablariga javob beradigan tarzda qayta yaratish vazifasi turardi. Bir yil nari-berisida bu ishga qattiq kirishildi ham. Maktab, kutubxonalardan kommunistik mafkura singdirilgan kitoblar, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari — barcha-barchasi yig‘ib olindi. “Mafkuraviy ta’siri bo‘lmagan kitoblar o‘qitilishi mumkin”, deyildi.
Lekin kommunistik mafkura targ‘iboti kirib bormagan soha, yo‘nalish, fan qolmagan ekan. Hatto, matematika darsliklarigacha singdirilgan. Hech bo‘lmaganda darslikning titul varag‘ida ulug‘ kommunizmni ulug‘lovchi bir jumla bo‘lardi. Xullas, darsliklarsiz qoldik...
Maktabga boramiz. O‘qishga darslik yo‘q.
Jug‘rofiyadan dars bergan rahmatli ustozimiz Mamadiyor Sheronov yozg‘iradi: “Bu mafkurasiyam bor bo‘lsin. Yettinchi sinf geografiya darsligida Nyu Yorkdagi yuz qavatli binolar surati bor edi. Tagiga “Kapitalistik mamlakatlardagi urbanizatsiya jarayoni shunday binolar qurilishiga sabab bo‘lmoqda. Kommunistik mamlakatlarda urbanizatsiya bunday halokatli tus olmagan”, degan mazmundagi izoh yozilgan ekan. “To‘g‘ri kelmaydi”, deyishib
geografiya darsliklarini ham o‘qitishni man qilishdi”.
1995-yili – o‘ninchi sinfga o‘tganimizda darsliklar keldi. Kelganda ham to‘liq keldi.
Ammo shu vaqtgacha – 1992–94-yillari, ya’ni yettinchi, sakkizinchi, to‘qqizinchi sinflarda darslik o‘rniga gazeta o‘qidik. Ha, aynan biz o‘qigan maktabda holat shunday bo‘ldi. Yaxshiyam gazetalar, jurnallar bor ekan. Ularning ichida ayniqsa, “Ma’rifat” gazetasi o‘qituvchiga ham, o‘quvchiga ham ulkan ko‘makchi, beminnat ustozga aylangan edi o‘sha yillari.
Ulug‘ ajdodlarimiz, ularning ilmiy asarlari, tariximiz, aniq va tabiiy, ijtimoiy-gumanitar fanlardan minglab maqolalar chop etilardi bu gazetada. O‘qituvchilarimiz shu maqolalarni bizga o‘qib berar, har tugul uzviy bo‘lmasa-da millat, xalq sifatida o‘z o‘rnimiz borligi, shunchaki buyuk proletarning bir qismi emas, jahon ilm-faniga, hatto ba’zi davlatlar jo‘g‘rofiyasiga yangiliklar kiritgan Buyuk bir elatning munosib vorislari ekanligimiz haqidagi fikrlarimiz shakllana borardi ularni o‘qib.
Hozir, oradan o‘ttiz yil o‘tib bu gaplarni eshitgan kimsa “mubolag‘aniyam toza oldingizda” deyishi mumkin. Lekin bu gaplar aslo mubolag‘a emas. Keling, bir voqeani aytib beray: bir kuni rahmatli Mamadiyor Sheronov ustozimiz darsga kirib kelib, plashining ichki cho‘ntagidan uzunasiga ikki bukilgan “Ma’rifat” gazetasini olib, salom o‘rniga xitob qildi:
— Yozinglar! Bobokalon geograflar. Shunday deb yozinglar.
Barchamiz daftarimizga u kishi aytgan gaplarni yozdik. Ustoz gazetaga qarab o‘qiy boshladi. Mahmud Koshg‘ariy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Zahiriddin Muhammad Bobur, Narshaxiy...
Shu tariqa qirqdan ortiq nomlar yozildi.
Menda savol tug‘ildi:
– Mallim, – dedim qo‘l ko‘tarib, – Beruniy globus yasagan, o‘zingiz o‘tgan safar gazetadan o‘qib bergandingiz. Qolganlari geografiya bilan shug‘ullanmagan-ku. Masalan, Ibn Sino tabib, Bobur shoh bo‘lgan.
– To‘g‘ri, – rahmatli ustozim jilmaydi. – Ibn Sino o‘simliklar jo‘g‘rofiyasi, Bobur esa o‘zining “Boburnoma”sida barcha mamlakatlarning jo‘g‘rofiy ma’lumotlarini keltirgan. Qayerda joylashgan, relyefi, suv havzalari, oqar suvlari, o‘simliklari va hokazo. Shuning uchun ular buyuk bobokalon geograflarimiz. Buni mana “Ma’rifat” yozyapti...
Ha, “Ma’rifat” bunday qimmatli ma’lumotlarni ko‘p yozdi. Aytganimday u o‘quvchi, ham o‘qituvchi uchun darslik, o‘quv qo‘llanma, mafkuraviy immunitet manbayi, mushtariylar uchun esa to‘g‘ri ma’noda kelajakka ishonch uyg‘otuvchi vosita edi.
O‘sha yillarda...
Shu tariqa “Ma’rifat”ni tanigan edim.
1998-yili Toshkent davlat universitetining Jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirishni dilga tuyib, hujjat ko‘tarib kelsam, “Maqollalaringiz kam ekan. Imtihongacha iloji boricha ko‘paytiring. Inobatga olinadi”, deyishdi.
O‘sha yillari mashhur gazetalar “Xalq so‘zi”, “O‘zbekiston ovozi”, “Turkiston”, “Hurriyat” va albatta “Ma’rifat” edi. Men o‘ylab ham o‘tirmay “Ma’rifat”ni tanlab, shu gazetada maqolalarimni chop ettirishga harakat qilmoqchi bo‘ldim. Tahririyatga dastlab olib borgan maqolam tanqidiy ruhda bo‘lib, chet tillar o‘tilmayotgan maktablar va ularning imtihonga qo‘yilmasdan sarson etilayotgan bitiruvchilari haqida edi.
Maqolani havaskorlikdan ham pastroq darajada yozilgani, ishonchsiz dalillangani uchun muharrirlar chop etishmadi.
Biroq o‘sha vaqtda mas’ul kotib vazifasida
ishlayotgan ustoz shoir Ikrom Iskandar meni bosh muharrir Halim Saidov oldiga boshlab kirdi.
– Ustoz, bu yigit Abdulamid. Bizda bir-ikki narsasi chiqdi. Hajviyalari yaxshi. O‘qishga topshirayotgan ekan, maqolalardan g‘amlab olay deyapti. Ruxsat bersangiz, biror bo‘limga biriktirsak.
Halim aka o‘sha paytlar o‘ttizdan oshgan. Gazetaga bosh bo‘lib kelganiga hali ko‘p bo‘lmagan, tahririyatda ulkan yangilanishlarni amalga oshirishga chog‘lanib turgan kezlar edi. Men bilan suhbatlashib ko‘rgach, “Maktablar” bo‘limiga biriktirib qo‘ydi. Birinchi tadbirga talaba, ham muxbir Faxriddin Karimov bilan birga chiqdim. Xabar qanday yozilishi, ma’lumot yig‘ishda nimalarga e’tibor qilish lozimligi, muxbir sifatida qanday muomala qilish kerakligini o‘rgatdi u kishi.
Shu tariqa imtihonga qadar “Ma’rifat” gazetasining jamoatchi muxbiri bo‘lib ancha-muncha material g‘amladim...
2001-yili bu qutlug‘ dargohning chin ma’nodagi a’zosiga aylandim.
Bu vaqtga kelib “Ma’rifat” butun gazetchilar binosidagilar havas qilarlik tahririyatga aylangan, jamoada yoshlar ulushi qariyb to‘qson foizdan oshgan. Bo‘limlar bir-biridan dolzarb mavzularda materiallar beradigan, tahririyatdagi barcha bo‘limlar diktofon va kompyuterlar bilan to‘liq ta’minlangan, moddiy-texnika jihatidan ilg‘or tahririyatga aylanib ulgurgan edi.
Har bir tashkilotning yutug‘i yoki rivojlanishi rahbarning sog‘lom fikrliligiga, uzoqni ko‘ra bilishiga bog‘liq. “Ma’rifat”ning ham bu yutuqlari zamirida ustoz Halim Saidovning ijodkor sifatida mahoratliligi, tashkilotchi sifatida uddaburonligi, rahbarlar bilan muomalada “diplomat”ligi yotardi.
Ustozning g‘amxo‘rligi bilan “Ma’rifat”da qanchadan-qancha yigit-qizlar ish o‘rgandi, “tish yordi”, “tili chiqdi”, “qanot yozdi”...
Nurlan Usmonov ta’biri bilan aytsak “tramplin” bo‘lib ketganlari ham bor. Lekin bu boshqa masala...
Yaratgandan men hamisha minnatdor bo‘laman. Qayerda ishlamay hamisha yaxshi ustozlar, hamkasblarga ro‘para qildi. Kishining taqdiriga birinchi ishlagan va ish o‘rgangan joyi muntazam tarzda ta’sir ko‘rsatadi, degan gapga ishonaman.
Negaki, odam dastlabki joyidan orttirgan tajribasiga suyangan holda umri davomida ish tutadi.
“Ma’rifat”da kamtar bo‘lish, ta’magirlik qilmaslik, xolislik va samimiyat, haromdan hazar qilish, vatanparvarlik, millatparvarlik, ustozlarga hurmat, hamkasb va shogirdlarga e’tiborli bo‘lish kabi sifatlar ustuvor edi. Chunki rahbarlar shunday bo‘lgan.
Biz ishlagan vaqtdagi bosh muharrir Halim Saidov, o‘rinbosarlari Abdusamad Rahimov, Ikrom Bo‘riboyev, mas’ul kotib Faxriddin Karimov, bo‘lim boshliqlari Qurbonboy Matqurbonov, Husan Nishonov, Hulkar To‘ymanova, Nurlan Usmonov, Kamoliddin Alioxunov, xullas, barcha-barchasi samimiy kishilar edi. Ularning hech biri biz kabi oddiy muxbirlardan o‘zini baland olganini, izzattalablik qilganini ko‘rmadik.
“Ma’rifat”da ishlash asnosida eng katta topgan xazinamiz rahmatli ustoz Mahmud Sa’diy bo‘ldi. Bosh muharrir biz uchun ustozning maxsus o‘quv kursini tashkil etgan edi. Tirik ensiklopediya, tahrirning piri, kitobning quli (H.Saidov ta’rifi). U kishining hech qachon shogirdlaridan vaqtini qizg‘anganini ko‘rmadim. Menga tahrir qilingan qo‘lyozmalarni bo‘yab-bejab tashlangan holda o‘qishga berardi.
– Ma, jontoq, – derdi rahmatli. – Nega bunaqa payhon bo‘lganini o‘qib bilib ol.
Bo‘yab-bejalgan qo‘lyozma odatda tuzatishi olinib, yangi nusxasi chiqarilgach arxivga olinar yoki makulaturaga tashlanar edi. Ustozning ularni saqlab qo‘yishini o‘shanda ko‘rganman. Aniq esimda, ikki yilda ikki qog‘oz qutiga (qutiyam kir mashina solsa sig‘adigan quti edi) tahrirlab, tuzatishlari olingach tashlab yuborilgan qo‘lyozmalarni o‘qib chiqishga va tahlil qilib berishga majbur qilgan edi meni.
Bir safar qo‘limga tahrir uchun maqola tutqazdi. Muallifini ko‘rib, hurkib ketganimdan, ustozga mo‘ltiradim.
– Ha, – dedi shashtim qaytganini ko‘rib.
– Muallifi akademik ekan-da, ustoz, – dedim.
– Nima, akademik bo‘lsa shoxi bo‘ladimi? – dedi ustoz bepisand.
– Endi u kishilarni tahrir qilish noqulay-da. Akademik bo‘lgandan keyin zo‘r ham yozishadi-ku, – deb ming‘irladim.
– Bekor aytibsan, – dedi ustoz. – Aynan shularni tahrir qilish lozim. Birinchidan, maqolani hech qachon o‘zlari yozishmaydi. Yo kotibasi yozadi yoki shogirdlari. Ular ham bir marta astoydil yozib berishadi. Keyin ustozining sullohligi joniga tegib, shartta u yer-bu yerdan ko‘chirishga o‘tishadi. Bu ko‘chirilgan narsa akademikning imzosi bilan chiqib ketsa ana to‘polon. Shuning uchun bizga o‘xshagan muharrirlar kerak ularga...
Ustozning bunday saboqlarini eslasam, sog‘inchdan ko‘zimga yosh keladi. Joylari jannatda bo‘lsin, ilohim...
Agar bugun ortga, so‘nggi yillar mobaynida gazeta bosib o‘tgan yo‘lga
nazar tashlab aytish mumkin bo‘lsa, tahririyatning gullab-yashnagan davri Halim Saidov rahbarlik qilgan davrlar edi, degan bo‘lardim. Boshqa muharrirlar ham yomon ishlashgani yo‘q. Gazetaning muassislari nobop davrlarga to‘g‘ri
kelishdi, xolos...
Ammo bu gazetaning jamiyat
hayotida tutgan o‘rni haqida albatta gapirish lozim.
Maqolani bejiz o‘quvchilik davrlarimni xotirlashdan boshlaganim yo‘q. Xalqimizning o‘zligini anglashida chindan bu kabi gazetalar bebaho rol o‘ynagan. Akvariumda tug‘ilib, akvariumda
yashab o‘tayotgan, butun olamni tekis asfalt, soya-salqin xiyobonlar va beminnat vay-fay ishlab turgan ofislardan iborat, deb tasavvur etuvchi ayrim kishilardan farqli ravishda men shunday hisoblayman. Negaki, bu so‘zlarning amalini boshimdan o‘tkazgan, tanamda his qilgan avlod
vakiliman.
Elektron nashrlar davri kelgani, bosma nashrlar so‘nggi damlarini boshidan o‘tkazayotganini aytib tantana qilayotganlarga esa, aytar so‘zim bitta: gap shaklda emas. Gazeta ham, jurnal ham, kitob ham mohiyatan ma’lumotni yetkazishga xizmat qiladi. Tarixga qarang: bir paytlar bozorlarda jarchilar axborot tarqatib yurishardi. Keyin sahifalarga yozib tarqatishdi, bu rivojlanib borib gazetachilik sohasi vujudga keldi. Jurnalistika dastlab hunar, keyin esa ilm sifatida qaror topdi. Bugunga kelib elektron shaklga o‘tyapmiz.
Ertaga bir kun kelib, kishilarga tushlari orqali xabar tarqatarmiz. Ammo mohiyat biribir o‘zgarmaydi.
Mohiyat ma’lumotni yetkazish bo‘lib qolaveradi...
“Ma’rifat” bosma nashr sifatida 90 yil yashadi. Yana shuncha vaqtni ham bosma, ham elektron nashr sifatida, undan so‘nggi ming yilni elektron, qolganlarini biz tasavvur ham etolmaydigan shaklda yashab o‘tishiga men shubha qilmayman...
Gohida o‘zimga savol beraman: “Ma’rifat” men uchun nima?
Shubhasiz, dorilfunun. Ikkinchi dorilfunun.
Bugun Prezident Administratsiyasidan tortib mamlakatning turli korxona va tashkilotlarida ishlayotgan kishilar agar ozgina bo‘lsa-da bu tahririyatda xizmat qilgan bo‘lsalar so‘zimni quvvatlaydilar. Chindan ham bir qalamkash sifatida “Ma’rifat”dan bir umrlik saboqlar oldik.
Dorilfununimiz 90 yoshni qarshilamoqda.
Yubileyi muborak bo‘lsin!
Ayni vaqtda unga darg‘alik qilayotgan Husan Nishonov ustozlarining yo‘lini, an’anasini, odatlarini davom ettirmoqda. Uning murosasiz intilishlari sabab gazeta 2021-yili nufuzli “Oltin qalam” mukofotiga munosib ko‘rildi. Muvaffaqiyatlar bardavom bo‘lsin!
“Ma’rifat” gazetasida ishlagan yillarim bo‘lib o‘tgan hangomalardan bir shingilini esa shirin xotiralarning tabassumli ifodasi sifatida mushtariylarga ilinaman.
Hangomalar
Taniqli shoir, “Ma’rifat”chi Ikrom Iskandar poytaxtda ishlayotganiga qaramay uy-joy masalasida qo‘nim topmagan, yana bir ijodkor do‘sti Bahriddin Abdu Said bilan bitta uyda ijarada turar edi. Bir kuni do‘stlar xayol surib, orzu-umidlarga berilib ketdi. Azbaroyi orzulari qaynab ketgan Ikrom Iskandar, “Eh, Xudo ol qulim deb, to‘rt xonali uy berib qolsa”, deb yubordi.
– Qaniydi-ya, – ko‘zlari yonib ketdi Bahriddin Abdu Saidning, – ikki xonasini menga berib turar eding.
– Nega berar ekanman? Hech ham bermayman, – deb norozi to‘ng‘illadi Ikrom Iskandar.
Do‘stining ziqnaligidan biroz hayron qolgan Bahriddin Abdu Said uni insofga keltirish uchun izoh berdi:
– Butunlaymas, ijaraga. Faqat bepul ijara.
– Yo‘q, – yana ko‘nmadi Ikrom Iskandar.
– Hoy odam, ja bo‘lmasa pulini to‘lab turay, – jahli chiqdi Bahriddin Abdu Saidning.
– Yo‘q dedimmi – yo‘q.
– Buncha qizg‘anchiq bo‘lmasang. Senikidan boshqa qayergayam borardim, uyim bo‘lmasa nima qilay axir, – yig‘lamsiradi Bahriddin Abdu Said.
Ikrom Iskandar esa bunga javoban to‘ng‘illadi:
– O‘zing orzu qil!!!
* * *
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Abdusamad Rahimov qadrdonlaridan birinikiga to‘y oldidan sabzi to‘g‘rarga borib, boshqalardan oldinroq ketishga taraddudlana boshlaganini ko‘rgan yana bir jurnalist Muhammadali Qo‘shmoqov so‘z o‘yinini boshlab qopti:
– Ha, Abdusamadjon. Bu deyman “putevoy list”ga kech soat sakkizgacha imzo chekilganmi yoki rostan ham xotindan qo‘rqasizmi?
– Rostan ham qo‘rqamiz, Muhammadali aka, – debdi Abdusamad Rahimov. – Negaki, putyovkaning vaqti tugagandan so‘ng ishimiz ayrimlarga o‘xshab televizorgamas, xotinga tushadi.
* * *
Roza opa “Ma’rifat”ning bosh hisobchisi edi. Shu opa bir kuni bosh muharrir Halim Saidovga shikoyat qilibdi. Emishki, bir chapaqay muxbir oylik ish haqi hujjatlariga uch xil imzo qo‘yib
berganmish. Buni tekshiruvchilar ko‘rib qolishsa oqibati yaxshi bo‘lmas emish.
Halim Saidov darhol chapaqay muxbirni chaqirib tushuntirish xati yozishni talab qilibdi. Muxbir ham birpasda yozib bergach, qutulganiga shukr qilib juftakni rostlabdi. Roza opa ish yaxshi yechim topganiga xursand bo‘lib, tushuntirish xatiga ko‘z tashlagach, yana hafsalasi pir bo‘libdi.
Negaki, chapaqay muxbir “endi har xil imzo qo‘ymayman, meni kechiringlar”, deb to‘rtinchi xil imzoni qo‘yib ketgan ekan.
* * *
Yangi ish boshlagan kezlarim mas’ul kotib Faxriddin Karimov qo‘limga surat tutqazib, “qani, shunga bir tagso‘z
yozing-chi”, deb qoldi. Garchand tagso‘z nimaligini bilmasam-da, sir boy bermay “xo‘p”, dedim.
Jo‘raqul aka degan korrektor akamiz bo‘lardi. Juda xokisor edi-da. Shu kishining oldiga sekin
borib, “Jo‘raqul aka, tagso‘zni qancha yozish kerak”, deb so‘radim. Ishidan to‘xtab, yuzimga birpas termulib qoldi-da, keyin oldida turgan bir varaq qog‘ozni ko‘tarib siltadi.
– Shuncha bo‘lsa bo‘ladi.
Shartta o‘tirib suratga termulgancha undan falsafiy ma’nolar axtarib, xayolimga kelgan so‘zlarni yoza ketdim. Birpasda bir qog‘oz to‘ldi. Ko‘rsatib so‘radim:
– Bo‘ladimi?
Jo‘raqul aka hayron bo‘ldi:
– Bo‘ladi. Urug‘ingizda baxshi o‘tganmi?
Abdulhamid MUXTOROV,
“Ziyo” mediamarkazi direktori,
Xalq ta’limi a’lochisi,Yozuvchilar uyushmasi a’zosi